Toshkent viloyatida planshet orqali qidiruvdagi shaxslar aniqlandi
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan «Xavfsiz hudud» tezkor profilaktik tadbir doirasida qidiruvdagi shaxslar aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Joriy yilning 23 noyabr kuni Zangiota tumani «Nazarbek» MFYda xizmat olib borayotgan YPX inspektori qoidabuzarlik sodir etgan piyodani to‘xtatgan. Elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida, 1970 yilda tug‘ilgan Sh.N.ga nisbatan 2019 yil 1 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumani IIB tomonidan qidiruv elon qilingani, Jinoyat kodeksining 122-moddasi (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash) bilan jinoyat sodir etganlikda ayblanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgani aniqlangan.
Shuningdek, 23 noyabr kuni Oqqo‘rg‘on tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori piyoda I.Sh.ni qoidabuzarlik sodir etgani uchun to‘xtatib, elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida qidiruvda ekani aniqlangan. Oqqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan olib borilgan surishtiruvga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi ushbu shaxs majburiy ijro byurosi tomonidan qidiruv e'lon qilinib, 2019 yildan buyon voyaga yetmagan bolalari uchun aliment to‘lamasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan qochib yurgan.
Yana bir holatda 23 noyabr kuni YPX inspektori Yangiyo‘l shahrida xizmat olib borayotgan vaqtida qoidabuzarlik sodir etgan piyodani to‘xtatgan. Qoidabuzarligi yuzasidan elektron tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida, mazkur fuqaro ham Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudi tomonidan qidiruv e'lon qilingani aniqlangan. Surishtiruvlarga ko‘ra, Yangiyo‘l shahrida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan K.N. Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi (fohishaxona tashkil etish yoki saqlash)da ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgani aniqlangan.
Ushlangan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida ular hududiy IIBga olib borilgan.
Mavzuga oid
22:47 / 13.10.2022
Erini o‘ldirib xorijga qochgan, 19 yil qidiruvda bo‘lgan ayolga hukm o‘qildi
21:07 / 03.10.2021
Andijon xalqaro aeroportida qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan
17:31 / 24.04.2021
O‘zbekistonda 2020 yilda qidiruvga berilgan shaxslarning 75 foizi ushlanmagan - senator
18:14 / 26.02.2021