Jahon | 10:13 / 29.11.2021
6471
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ayrim partiyalar parlament saylovlari natijasini bekor qildirmoqchi

Qirg‘izistonda bir nechta siyosiy partiyalar parlament saylovlari natijalari bekor qilinishi va saylovoldi kampaniyasi vaqtida sodir etilgan ommaviy qoidabuzarliklar tergov qilinishini talab qilmoqda. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar berdi.

Foto: Reuters

28 noyabrda respublikada parlamentning 7-chaqirig‘iga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar 90 deputatni saylashlari kerak bo‘lgan. Ilk bor saylovlar aralash tizim bo‘yicha o‘tgan. Parlamentga o‘tish uchun 21 partiya kurash olib borgan.

Saylovlar natijalaridan norozi bo‘layotganlar orasida “Sharaf va tartib” koalitsiyasiga kiruvchi “Uluttar Birimdigi” (Millatlar birdamligi), Qirg‘iziston xalq-demokratik partiyasi, “Ar-Namis” (Or-Nomus), “Hamdo‘stlik” va “Qirg‘iziston yosh avlodi” bor. Ushbu partiyalar vakillarini ovoz berish yakunlanishi arafasida markaziy saylov komissiyasining markaziy serveri ishida “to‘satdan yoki ataylab” uzilish yuz bergani tashvishlantirmoqda.

“Saylovlar natijalari bekor qilinishini talab qilamiz”, deb aytilgan partiyalar bayonotida.

Server ishida yuz bergan uzilish sababli ba'zi partiyalar to‘plagan ovozlar soni kamayib ketgan. Nosozlikkacha olingan natijalarga ko‘ra, parlamentga 10ta partiya o‘tayotgani ma'lum bo‘lgan. Biroq server osilib, ishlamay qolgandan keyin parlamentga o‘tuvchi partiyalar soni 6 tagacha qisqarib ketgan.

Siyosatchilarning ta'kidlashicha, ovozlar kamayib ketishi ataylab sodir etilgan jinoyat alomati borligidan darak beradi.

Shu sababli siyosiy partiyalar prezident Sadir Japarovga murojaat qilib, undan bosh prokurorga saylovlar vaqtidagi ommaviy qoidabuzarliklarni tergov qilishni buyurishni talab qilishgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston rahbari agar markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlar natijalari soxtalashtirilgani aniqlansa, komissiyaning barcha a'zolari javobgarlikka tortilishini aytgan.

“Ular boshlari bilan javob berishadi. Hukumat saylov jarayoniga aralashmaganidek, markaziy saylov komissiyasi ishiga ham aralashmagan”, deb aytgan Japarov.

U, shuningdek, agar saylovlar borishiga aralashilgan bo‘lsa, unda komissiya buni kim sodir etganini aniq ko‘rsatishi lozimligini qo‘shimcha qilgan. 

Mavzuga oid