O‘zbekiston | 18:48 / 03.12.2021
5453
2 daqiqa o‘qiladi

“Chang bo‘roniga qurilishlar emas, daraxtlar kamligi sabab” – Ekoqo‘mita izoh berdi

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

3 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda kuzatilayotgan chang, qumli bo‘ron va atmosfera muhofazasi masalasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov yuz berayotgan chang bo‘ronining sababi qurilishlar ko‘pligi bilan bog‘liq emasligini aytdi. Ma'lum bo‘lishicha, bunga respublikada daraxtzorlar kamligi sabab bo‘lmoqda.

“Bir oy avval O‘zbekistonda 150 yil davomida birinchi marta changli bo‘ron kuzatildi. Ushbu chang, qumli bo‘ronni dastavval ko‘pchilik qurilish maydonlari sababli deb o‘ylashdi. Bu qurilish maydonlari tufayli emas. Bu cho‘ldagi qumlarning shamol orqali kirib kelishi hisoblanadi. Bunday chang-to‘zon ko‘tarilishi uchun Toshkentda hamma yoq qurilishga aylanib ketgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda dov-daraxtlar kam. Respublika bo‘yicha 8 foizni tashkil etadi. Jahon standartiga ko‘ra, ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar 30 foiz bo‘lishi lozim”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

2021/2023 yillarda chang va gaz uskunalarini yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan va ishlar boshlangan. Hozirda 6,5 mingga yaqin chang va gaz uskunalarining 60 foizdan ortig‘i yaroqsiz, so‘nggi 10 yilda modernizatsiya qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni yuz bergan bu hodisada eng ko‘p chang miqdori to‘plangan shahar Toshkent bo‘lgan va hududning havosida belgilangan me'yordan 33 barobargacha ko‘p chang mavjudligi aniqlangan.

Natijada minglab insonlar nafas qisishi tufayli “Tez yordam”ga murojaat qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilgan edi.

Mavzuga oid