O‘zbekiston | 20:42 / 03.12.2021
18758
9 daqiqa o‘qiladi

Internet tezligi va boshqalar: Sherzod Shermatovga takliflar

AKT vaziri lavozimiga qaytgan Sherzod Shermatov sohani rivojlantirish uchun takliflar so‘ragan edi. Kun.uz jamiyatda yaqqol ko‘rinib turgan muammolar va ekspertlarning fikrlari asosida qator takliflarni jamladi.

Fotokollaj: Kun.uz

Avvalo, yurtdoshlarimizga eng ko‘p seziladigan internet tezligi va sifatini oshirish masalasi. Buning uchun O‘zbekistonga olib kirilayotgan tashqi internet kanallarini ko‘paytirish, xususiy sektor vakillariga ham tashqi internet kanallariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishga ruxsat berish kerak bo‘ladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston butunjahon internet tarmog‘iga faqatgina Rossiya orqali (Qozog‘iston vositachiligida) “O‘zbektelekom” orqali ulangan. Avvalroq, Qirg‘iziston vositachiligida Xitoydan ham qo‘shimcha internet kanal olib kirish haqida gap-so‘z bo‘lgan, ammo keyingi qadamlar haqida ochiq manbalarda ma'lumot topilmadi.

Shuningdek, ichki infrastrukturani ham yaxshilash zarur. Respublika hududidagi barcha obektlarga keng polosali internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatini yaratish kerak.

AKT vazirligi tomonidan kechiktirmay qilinadigan ishlardan yana biri “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1 moddasini bekor qilish yuzasidan taklif kiritish. Kun.uz'da ushbu talabni amaliyotga tatbiq etish qanday oqibatlarga olib kelishi to‘g‘risida o‘nlab tahliliy materiallar chiqqan.

IT sohasining rivojini bu borada yaqqol ustun bo‘lgan xorijiy kompaniyalar va ekspertlarning tajribasisiz tasavvur qilish qiyin. Shu sababli vazirlik va hukumat doirasida O‘zbekistonda yirik IT-gigantlari – Google, Meta, Yandex, Apple, Microsoft kabi kompaniyalarining rasmiy filiallarini ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kerak. Bu mamlakatda yuqori malakali AKT sohasi kadrlari uchun ish o‘rni yaratadi, hukumatda ham xorijiy kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.

Albatta, yirik kompaniyalarning faqat filiallarini ochish bilan ish bitmaydi. Masalan, ular o‘zlarining dasturlaridagi vaqtinchalik keshlarini saqlashda foydalanish uchun O‘zbekistonda xalqaro standartlarga javob beradigan, yirik va ishonchli data-markazlarini qurish kerak bo‘ladi. Bu – yirik internet platformalari uchun nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi boshqa foydalanuvchilarning keshlarini saqlashda ham qo‘l keladi. Xalqaro va mahalliy kompaniyalar bu data-markazlardan foydalangani uchun ijara ham to‘laydi.

Shuningdek, UzIMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish qimmatligi, buning ortidan kelayotgan pullar shaffofligi masalasi, fuqarolarning o‘z nomida nechta qurilma borligini bilolmasligi ham jamoatchilikda norozilik uyg‘otmoqda. AKT vazirligi ushbu masala yuzasidan ham jamoatchilik talabidan kelib chiqib, yechim berishi kerak.

Sherzod Shermatov UzIMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni osonlashtirilishi haqida gapirgan edi. Shuningdek, Kun.uz ushbu masala yuzasidan alohida to‘xtalib, muammolarni batafsil sanagan.

IT sohasidagi ta'limni rivojlantirish bo‘yicha takliflar

Bilamizki, IT faqatgina nazariy bilimlar bilan komillikka yetmaydi, buning uchun amaliyot va tajriba juda muhim. Amaliyot bo‘lganda ham, fermer xo‘jaligi yoki hokimiyatda emas, balki turli sohadagi dasturlash, dizayn, robototexnika bilan shug‘ullanuvchi yirik xorijiy kompaniyalarda talabalarning amaliyotini yo‘lga qo‘yish kerak. Buning uchun sohani rivojlantirishga mas'ul vazirlik asosiy mas'uliyatni bo‘yniga olishi, Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda talabalarni malaka oshirishi, bor kadrlarni almashinuv dasturi asosida xorijga yuborishni yo‘lga qo‘yish lozim.

Masalaning moliyaviy taraflarini yechish uchun xorijga iqtidorli va moddiy imkoniyati cheklangan talabalarni budjetdan yoki grantlar evaziga, imkoniyat va xohishi bor talabalarni esa shartnoma evaziga yuborish mumkin. Kadrlarning xorijda tajriba almashinuvini esa deyarli har bir davlat tashkilotidagi jamg‘armalar orqali amalga oshirish mumkin. Ta'lim uchun tikilgan investitsiya har doim o‘zini oqlaydi.

AKT vazirligi quyidagi kichik, lekin muhim muammolarga ham e'tibor qaratishi zarur:

  • “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi bilan bog‘liq kamchiliklarni tugatib, uni risoladagidek ishlaydigan qilish kerak;
  • telefon raqamni o‘zgartirmagan holda operatorni almashtirish imkoniyatini joriy qilish lozim;
  • barcha oliy ta'lim muassasalari talabalariga kontraktni mobil ilova orqali to‘lash imkoniyatini berish;
  • AKT sohasiga doir o‘zbek tilidagi elektron, bosma resurslarni ko‘paytirish, o‘zbek tilida IT'ni o‘rgatuvchi dasturlar ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash;
  • PayPal, Stripe, Wise kabi mashhur pul o‘tkazma va to‘lov tizimlari O‘zbekistonda ham ochilishi choralarini ko‘rish;
  • chet eldagi yurtdoshlarimiz internet orqali eski pasport va haydovchilik guvohnomasini almashtirishlari uchun ariza berish, ushbu hujjatlarni elchixona orqali yangilash imkoniyatini yaratish bo‘yicha vakolatli organlarga taklif kiritish kerak.

Yuqoridagilardan tashqari, sohani rivojlantirish yuzasidan Adliya vazirligi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi Dasturiy va texnik ta'minot bo‘limi boshlig‘i Umarjon Matkarimov ham Kun.uz'ga o‘z takliflarini berdi.

“Avvalo, AKT loyihalari ekspertizasi tugatilishi kerak, aksincha bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan pul ajratishni tashkil qilish lozim.

AKT vazirligi xodimlarini joylarda va boshqa vazirlik idoralariga majburiy safarbar qilishga barham berish kerak. Chunki ularning aksariyati pastdagi real ish jarayonini ko‘rmagan, davlat organlaridagi aytishniklar ishini va muammolarini umuman tushunmaydi.

Kamida Tier III klassifikatsiyasidagi markaziy Data center'ni ishga tushirish, shuningdek unga zaxira ham yaratish zarur.

Elektron raqamli imzo (ERI) xalqaro standartini qabul qilib hamma uchun yagona qilish kerak.

150 ta shtatli “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” kabi tashkilotlar faoliyati hamda “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerak. Shuningdek, mamlakatda axborot xavfsizligini kuchaytirish choralari ko‘rilishi kerak”, – deydi Umarjon Matkarimov.

Universiti Sains Islam Malaysia oliygohining Axborot xavfsizligi kafedrasi yetakchi mutaxassisi, fan doktori Anvar Narzullayev ham O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha Kun.uz'ga o‘z takliflarini taqdim qildi.

Anvar Narzullayev

Anvar Narzullayevning takliflari asosan O‘zbekistonda sun'iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy qilishga oid bo‘ldi.

“Bugungi kunda SI ko‘p sohalarda o‘z tatbiqini topgan, jumladan bank, moliya, iqtisod, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va hokazo. Lekin, bu texnologiyalarni ishlab chiqish uchun eng birlamchi va muhim vosita bu ulkan ma'lumotlar (Big Data) hisoblanadi.

Afsuski, bugungi kunda O‘zbekistonda aksar ma'lumotlar yopiq yoki umuman raqamlashtirilmagan holda qolib ketmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili Qatar, Malayziya, Bangladesh, pokistonlik tadqiqotchilar COVID bilan kasallanganlarning rentgen tasvirlarini ochiqladi (20 000 ga yaqin rentgen tasvirlar). Bu – o‘z navbatida koronavirusga tez tashxis qo‘yuvchi sun'iy intellekt dasturlari yaratilishiga olib keldi. Bu birgina misol, xolos.

Umuman olganda, jahon tajribasida turli davlat (va nodavlat) tashkilotlar o‘zlarining ma'lumotlarini ochiqlab, bu ma'lumotlardan unumli foydalanish yo‘llarini tadqiqotchilardan so‘rash, ularga turli grantlar ajratish amaliyoti urf bo‘ldi. Bunga, Kaggle.com saytidagi minglab ochiq ma'lumotlar va sovrin fondi 100-200 ming dollarni tashkil qiladigan musobaqalarni misol qilish mumkin.

Agar O‘zbekistonda ham turli davlat tashkilotlari o‘zlarida jamlangan ma'lumotlarni ochiq e'lon qilishsa (shaxsiy ma'lumotlarni olib tashlagan holda, albatta), aminmanki bu ma'lumotlar asosida tashkilotning samaradorligini, ish unumdorligini oshiruvchi sun'iy intellekt texnologiyalar joriy etiladi. Va bu narsaga AKT vazirligi bosh bo‘lishi kerak deb bilaman”, – deydi mutaxassis.

Yuqoridagi takliflarga nafaqat Sherzod Shermatov, balki boshqa tegishli vazirlik va idoralar ham befarq qaramasliklari zarur.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid