O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha yangicha tartib belgilandi
Prezidentning “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2021 yil 10 dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash tartibi doirasida:
- daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga davlat budjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me'yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;
- subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi;
- sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat'i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – qat'iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi;
- dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanadi;
- fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;
- Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ orqali joylashtiriladi;
- tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion g‘oliblariga lot qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
b) 2022 yil 1 yanvardan boshlab pudrat tashkilotlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta'minoti sifatida garovga taqdim etishga ruxsat etiladi;
v) 2023 yil 1 yanvarga qadar: sement mahsuloti va energiya tejamkor bazalt qoplamalari importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi; “Yangi O‘zbekiston” massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning bo‘sh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
g) 2024 yil 1 yanvarga qadar ro‘yxati ko‘rsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida 1 000 ta kvartira sotib olish choralarini ko‘radi. Sotib olingan kvartiralar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga belgilangan tartibda ajratiladi.
Mavzuga oid
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024
Yevropaliklar uy-joyga pul to‘lash uchun oziq-ovqat xarajatlarini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda - so‘rovnoma
18:15 / 14.10.2024
Uy sotib olishga bo‘lgan qiziqish pasayishda davom etyapti
22:30 / 27.09.2024