O‘zbekiston | 16:14 / 14.12.2021
6278
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilgi davlat budjeti xarajatlari uchinchi marta oshirildi

Yakunlanayotgan 2021 yilgi davlat budjeti xarajatlari 2,2 trln so‘mga ko‘paydi. Bundan oldin xarajatlar 11,7 trln so‘m va 13,1 trln so‘mga oshirilgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14 dekabrdagi yalpi majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadjon Haydarov 2021 yilgi Davlat budjetiga kiritilayotgan navbatdagi o‘zgartishlar haqida ma’lumot berdi.

O‘zgarishlarga asosan, joriy yilgi davlat budjeti xarajatlari 2,2 trln so‘mga oshirilmoqda.

Bunda:

– tuman va shaharlarning fuqarolar tashabbuslari jamg‘armasida 1 mlrd va unda kam mablag‘ shakllangan, vazirlikka kelib tushgan takliflar soni 100dan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga Respublika budjetidan qo‘shimcha 117 mlrd so‘m;

– fermerlar va g‘allachilik klasterlariga 2021 yil hosilidan davlat resurslariga sotgan tovar donning har bir tonnasi uchun 350 ming so‘mdan subsidiya ajratish uchun 800 mlrd so‘m;

– Mo‘ynoq tumanidagi 5 nafargacha a’zosi bo‘lgan har bir oila uchun 5 mln so‘mdan bir martalik yordam, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijtimoiy iqtisodiy muammolari mavjud 21 ta fuqarolik yig‘inlarini obodonlashtirish uchun 67 mlrd so‘m;

– Surxondaryo viloyatida aholini ichimlik suv muammosini “To‘palang” suv manbalari hisobiga yaxshilash uchun qurilish ishlariga 527 mlrd so‘m (budjetdan 200 mlrd so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 327 mlrd so‘m);

– Hududlarda zarur ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish tadbirlarini ijtimoiy obektlar qurish va ta’mirlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun Sirdaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlarining har biriga 100 mlrd so‘mdan jami 300 mlrd, Toshkent shahriga 200 mlrd so‘m;

– Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari kompensatsiyasiga — 50 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari 2,5 trln so‘mga oshirilmoqda. Bunda qishloq xo‘jaligidagi islohotlar va aholini oziq ovqat bilan ta’minlash uchun 1,1 trln so‘m yo‘naltirilyapti.

 “Ayrim qo‘shimcha xarajatlarni yil davomida boshqa xarajatlarni iqtisod qilgan holda qoplash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan qo‘shimcha loyihalar amalga oshirilayotgani bois yillik xarajatlar limiti oshirilmoqda”, – dedi Ahadjon Haydarov.

Vazir o‘rinbosari so‘zi oxirida qo‘shimcha xarajatlar budjet qonuni bilan belgilangan tashqi qarz limitlarining oshishiga olib kelmasligini aytdi.

Bundan oldin 2021 yilgi budjet 11,7 trln so‘mga hamda 13,1 trln so‘mga oshirilgandi.

Mavzuga oid