Iqtisodiyot | 13:27 / 15.12.2021
35170
4 daqiqa o‘qiladi

2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi

Foto: Senat matbuot xizmati

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilanmoqda.

Qonunda 2022 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6 foizni, shu jumladan, sanoatda 7 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda. Bunda budjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar faqatgina qo‘shimcha daromad manbayi mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Qonunda inflatsiya darajasi pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Qonun bilan birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan mablag‘ oluvchi quyi tashkilotlarga o‘zlariga ajratilgan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarining 10 foizgacha qismini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo‘naltirishga haqli ekani belgilanmoqda.

2022 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki YaIMning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti daromadlari 199,5 trln so‘m, xarajatlari esa 215 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trln so‘m, xarajatlari esa 58,7 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtirish tartibi joriy qilinmoqda.

Tumanlarda (shaharlarda) tegishli budjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi, budjet qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

Qonunda ochiq budjet, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Avvalroq, 2022 yil uchun budjet loyihasi e’lon qilingani, unda eng ko‘p pul Moliya vazirligiga, eng kami esa Strategik rivojlanish agentligiga ajratilishi nazarda tutilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid