O‘zbekiston | 19:08 / 17.12.2021
6236
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi qurish bo‘yicha bitim imzolandi

108 million dollarlik loyihani Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi amalga oshiradi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

“ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (ShES) loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun maxsus tashkil etilgan “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MChJ kompaniyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzolagan. Shuningdek, “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MChJ va “ACWA Power” kompaniyalari Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim (GSA) ham tuzgan.

Qorao‘zak tumanidagi shamol elektr stansiyasi “ACWA Power”  kompaniyasining O‘zbekistondagi to‘rtinchi loyihasi hisoblanadi. Kompaniya, xususan, Sirdaryo viloyatida ikkita bug‘-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini ham amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda.

Avvalroq, ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,5695 sentga teng tarifni taklif qilgan “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi deb e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid