Jamiyat | 19:51 / 28.12.2021
13575
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Karmana XTB mudiri ishdan olindi

Kun.uz surishtiruvi ortidan Navoiy viloyati Karmana tumani XTB mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nasiba Sodiqova vazifasidan ozod etildi. Metodist va bosh hisobchini ishdan olish yuzasidan topshiriq berilgan.

Foto: Kun.uz

Xalq ta’limi vazirligi Karmana tumani XTB chet tili o‘qituvchilariga tarqatilayotgan 1 mln so‘m mablag‘ni naqd ko‘rinishida berib, bozor narxi 60 ming so‘m bo‘lgan kitoblar to‘plamini 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lgani haqidagi ma’lumot yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Kun.uz sayti surishtiruvidagi faktlar ishchi guruh tuzilib, o‘rganilgan, o‘rganish jarayonida bu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topgan.

«O‘rganish xulosalariga ko‘ra, holat o‘z tasdig‘ini topdi. Shu bois, Xalq ta’limi vazirligining bir necha bor mazkur holat yuzasidan ogohlantirishiga qaramay ushbu holatga yo‘l qo‘yganligi uchun Karmana tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi o‘z vazifasidan ozod etildi. Karmana tumani XTBning bosh hisobchisi va xorijiy tillar metodistini lavozimidan ozod etish yuzasidan vazirlik rahbariyati tomonidan topshiriq berildi.

Xalq ta’limi vazirligi yuqoridagi kabi holatlar qaytarilib, o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda keskin va ayovsiz chora ko‘rilishi haqida yana bir bor ogohlantiradi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Karmana tumani XTB mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nasiba Sodiqova

Kun.uz Karmana tumani XTB mutasaddilari Xalq ta’limi vazirligi bayonotiga zid ravishda  chet tili o‘qituvchilariga tarqatilayotgan 1 mln so‘m mablag‘ni naqd ko‘rinishida berib, bozor narxi 60 ming so‘m bo‘lgan kitobni 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lgani yuzasidan surishtiruv o‘tkazgandi. Surishtiruv jarayonida tumandagi maktablarga majburiy ravishda kitob tarqatilgani va ularning puli o‘qituvchilarga berilgan 1 mln so‘m puldan qaytarib qolingani aniqlangandi.

Mavzuga oid