O‘zbekiston | 08:17 / 31.12.2021
5143
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla xodimlarini rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni qabul qildi.

Prezidentning «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilangan:

  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining (moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘larini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi budjet mablag‘lari;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 3 foizi miqdoridagi ajratma;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablag‘lar;
  • homiylik mablag‘lari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari va ushbu mablag‘lardan foydalanishning maqsadi;
  • jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xodimlarga har oylik ustamalar belgilash va to‘lash, shuningdek, ularni mukofotlash va ijtimoiy himoya qilish tartibi;
  • tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan jamg‘arma mablag‘larining hisobi va hisobotini yuritish, jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shaxsiy va rag‘batlantiruvchi ustamalar to‘lash Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Xususan, xodimlar reyting tizimiga asosan kelgusi chorak davomida 50 foizdan 100 foizgacha har oylik ustamalar oladi.

Mavzuga oid