O‘zbekiston | 07:42 / 04.01.2022
2917
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ko‘mak mablag‘larini monitoring qilish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi: tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1); insonparvarlik yordami yuklarini qabul qilish, hisobga olish, manzilli taqsimlash va maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish hamda insonparvarlik yordami loyihalarini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Nizom (1) quyidagilarni belgilaydi: tashqi ko‘mak mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash; tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish va donorlar bilan hamkorlik dasturlariga qo‘shimcha loyihalarini ishlab chiqish; monitoring qilish va bitimlar loyihalarini ishlab chiqish; tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlash; muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyatini tashkil etish tartibi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi grantlar hisobidan moliyalashtirish taklif etilayotgan loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish, dastlabki saralash va kelishish jarayonlarini muvofiqlashtirish, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini hisobga olish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilishni ta’minlash, O‘zbekistonning donorlar bilan hamkorligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida takliflar ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Belgilanishicha, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bir loyiha bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollari va undan ko‘proq bo‘lgan grantlarni tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish va donorlar bilan hamkorlik qilish dasturlariga kiritgan holda jalb etadi.

“Tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini elektron tarzda kelishish, monitoring qilish va hisobga olish” axborot tizimi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Dasturlarni shakllantirish, kelishish va hisobga olish jarayonlarini raqamlashtirish;
  • tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarining muddatlariga rioya etilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
  • hamma uchun ishonarli va ochiq bo‘lgan, jalb qilingan va o‘zlashtirilgan grantlarning hajmi va yo‘nalishlari, donorlarning mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan joriy loyihalarni amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi hamda grantlar bilan bog‘liq boshqa barcha ma’lumotlarni shakllantirish;
  • loyiha tashabbuskorlariga tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini jalb etish va samarali amalga oshirish, loyihalarning pasportlarini va loyiha hujjatlarini sifatli tayyorlash masalalari bo‘yicha, shuningdek, donorlarga esa grantlarni ajratish geografiyasi va yo‘nalishlari to‘g‘risida onlayn-maslahatlar berish.

Mavzuga oid