O‘zbekiston | 11:54 / 06.01.2022
6188
2 daqiqa o‘qiladi

Telekommunikatsiya uskunalari va noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish rejalashtirilmoqda 

O‘zbekistonda olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini bojxona to‘lovlaridan ozod etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda AKT vazirligi xabar berdi.

Foto: iStock

Qayd etilishicha, respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi «raqamli tafovut»ni bartaraf etish hamda taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator vazifalar belgilab olindi.

Kelgusi to‘rt yilda optik tolali aloqa liniyalarining respublikadagi barcha aholi maskanlariga yetkazib borishi ta’minlanadi. Barcha xonadonlar uchun yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatini yaratiladi hamda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarining mobil internet qamrovi kengayadi.

Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yirik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari quriladi.

Respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini imkon qadar maqbullashtirish va imtiyozlar berish ishlari amalga oshiriladi.

Olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari bo‘yicha davlat kafolatini berish choralari ko‘riladi.

Sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyoz va preferensiyalar berish orqali telekommunikatsiyalar sohasida raqobat muhiti rivojlantiriladi.

Mavzuga oid