«Tizimga kiritilmagan, qachon kiritilishi noma’lum» - E-polis’ni olish mashaqqatlari
Uydan chiqmagan holda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasini internet tarmog‘i orqali onlayn rasmiylashtirish imkoniyati bormi? Bor, ammo o‘ta qiyin. Pensioner va nogironlar uchun deyarli imkonsiz.
2020 yil dekabrida Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 780-sonli qaror qabul qilingan. Unda aholiga qulaylik yaratish maqsadida sug‘urta polisini masofadan turib, elektron tarzda rasmiylashtirish va E-polis’ga ega bo‘lish tartib-taomillari belgilangan.
Shuningdek, Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda 2021 yil 1 martdan boshlab Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha E-polis sotish, rasmiylashtirishni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgandi.
Oradan qariyb 1 yil o‘tdi. Tizim qanday ishlayotgani, E-polis olish imkoniyatlari qanday ekanini amalda sinab ko‘rdik.
E-polis nima?
E-polis — transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha elektron shaklda tuzilgan sug‘urta shartnomasi. Uni rasmiylashtirish uchun sug‘urta kompaniyasi ofisiga borish shart emas. Shartnoma masofadan turib, internet orqali tuziladi, polis mijozga elektron hujjat (fayl) ko‘rinishida taqdim etiladi. Uni istalgan joyda printerda chop etish yoki mobil qurilma xotirasida saqlab qo‘yish mumkin. E-polis – qog‘oz shaklidagi shartnomaga tenglashtiriladi.
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan E-polis tan olinadimi?
Ha, albatta. Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan E-polis haqiqiyligini QR-kodni o‘qib olish yoki E-polis noyob raqamini kiritish orqali amalga oshiriladi. Bunda E-polis qog‘ozga chiqarib olingan yoki elektron shaklda yoxud boshqa vizual shaklda taqdim qilinishi shart, ya’ni siz uni DYHX xodimiga ko‘rsatsangiz kifoya.
E-polis tizimi nima uchun kerak?
Sug‘urta kompaniyasi ofislarini izlab, ovora bo‘lmaslik, ofislarda navbatda turmaslik, pensioner, imkoniyati cheklangan nogironlar uchun qulaylik yaratish, uzoq-chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga yengillik yaratish maqsadida sug‘urta polisini masofadan turib, onlayn tarzda olish imkoniyati berilmoqda. Bu hozirgi pandemiya sharoitida ham dolzarb masala. Kommunal xizmatlar, mobil aloqa, internet pulini onlayn to‘lashni o‘rganib oldik. Transport vositasi egalari tomonidan har yili rasmiylashtiriladigan sug‘urta polisi ham shular qatoriga kirishi kerak.
Bu muhim: qaysi tashkilotlar E-polis tizimining barqaror ishlashi uchun javobgar?
Qarorga ko‘ra, 3ta tashkilot elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini (E-polis) yagona axborot tizimi tarkibida amalga oshiradi:
1) Moliya vazirligi;
2) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
3) Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi.
Aynan ular zimmasiga tizimning barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
E-polis tizimi qanday ishlamoqda?
Buni aniqlash uchun imtiyozli toifadagi (pensioner yoki nogiron) va soni cheklangan haydovchi uchun elektron sug‘urta polisini onlayn rasmiylashtirishga harakat qilib, jarayonni o‘rgandik.
O‘rganish natijalari
Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekistonda 42ta kompaniyaga sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasi berilgan. Albatta, ularning har birini E-polis tizimi bo‘yicha tekshirish imkonsiz. Shu tufayli, 2021 yil 9 oy yakunlariga ko‘ra sug‘urta mukofotlari miqdori 100 milliard so‘mdan oshgan eng yirik 9 kompaniya orqali tizimni o‘rgandik, ular orqali E-polis rasmiylashtirishga harakat qildik. Natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Tizim aksariyat hollarda lozim darajada ishlamayotgani aniqlandi.
«Gross Insurance» - O‘zbekistonning eng yirik sug‘urta kompaniyasi (sug‘urta mukofotlari umumiy qiymati 272 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor, ammo faqat haydovchilar soni «cheklanmagan» bo‘lsa.
Ma’lumot uchun, E-polis 2 xil bo‘ladi: haydovchilar soni cheklangan (1-5 kishi) yoki cheklanmagan. Polis qiymati ham shunga mos, cheklangan haydovchilar soni uchun polis narxi 40-60 ming atrofida, cheklanmagan bo‘lsa 120-168 ming so‘m.
«Gross Insurance» faqat soni cheklanmagan haydovchilar uchun polisni taklif qilmoqda. Kompaniya aloqa markazi operatori buni «cheklangan haydovchilar uchun maxsus blankaning yo‘qligi, ular Moliya vazirligi tomonidan yetkazib berilmagani» bilan izohladi.
«O‘zbekinvest» (241 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor, ammo bunda ham faqat haydovchilar soni «cheklanmagan» bo‘lsa. Kompaniya aloqa markazi operatori buni «tizim hozircha ishlamayotgani, qachon ishlab ketishi noma’lum ekani» bilan izohladi. Qizig‘i shundaki, polisning cheklanmagan haydovchilar soni uchun berilishini barcha ma’lumotlarni kiritib bo‘lganingizdan keyin bilasiz. Vaholanki, bu haqda veb-saytda oldindan ogohlantirish berilishi shart.
«O‘zagrosug‘urta» (181 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida yo‘q. Borligi ko‘rsatilgan, biroq, sahifaga o‘tmoqchi bo‘lsangiz «404» xatolik yuz beradi. Bunday xatolik sahifa mavjud emasligini anglatadi. Aloqa markazi operatori bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
«Kafolat sug‘urta kompaniyasi» (168 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor. Bunda har ikki turdagi polisni ham (cheklangan yoki cheklanmagan sonli) olish mumkin (Moliya vazirligi blankalarni vaqtida yetkazib bergan shekilli). Biroq, pensioner va nogironlar uchun polisni rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Aloqa markazi operatori buni tizimning Pensiya jamg‘armasiga integratsiya qilinmagani bilan izohladi. Ya’ni, shaxsning pensioner yoki nogiron ekanini Pensiya jamg‘armasi bilan bog‘lanib, avtomatik tarzda aniqlash imkoniyati hali yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida, imtiyozga ega fuqarolar, pensionerlar, nogironlarga sug‘urta polisi uchun 50 foizgacha chegirma beriladi.
«Apex Insurance» kompaniyasi (165 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor. Ammo rasmiylashtirish jarayoni yakunlanmay qolmoqda – barcha ma’lumotlar kiritilib, «Tasdiqlash» tugmasi bosilganda natija bermayapti. Bu haqda aloqa markazi operatori bilan bog‘langanda «sizga qo‘ng‘iroq qilishadi» mazmundagi javob olindi. Ammo hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi.
«My Insurance» (152 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor. Bunda har ikkala turdagi polisni olish mumkin. Biroq, pensioner va nogironlar uchun polisni rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Kompaniya aloqa markazi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
«Alfa Invest» (129 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor. Jarayon boshqalarga nisbatan qulay. Biroq, pensioner va nogironlar uchun polisni rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Aloqa markazi operatori bunday imkoniyat tizimga kiritilmaganini, qachon joriy qilinishini bilmasligini aytdi.
«Euroasia Insurance» (120 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati Bunda har ikki turdagi polisni olish mumkin. Biroq, pensioner va nogironlar uchun polisni veb-sayt orqali rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Aloqa markazi operatori bunday imkoniyat tizimga kiritilmagani, qachon joriy qilinishini bilmasligini aytdi. Biroq, boshqacha usulda yordam berdi. Telegram orqali u bilan bog‘lanib, zarur hujjatlar fotosuratini jo‘natdik, polis narxini mobil ilova orqali to‘ladik va imtiyozli elektron polisni oldik. Vazifa uddalandi.
«Temiryo‘l-sug‘urta» (119 mlrd so‘m), E-polis rasmiylashtirish imkoniyati veb-saytida bor. Bunda har ikkala turdagi polisni olish mumkin. Biroq, pensioner va nogironlar uchun polisni veb-sayt orqali rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Aloqa markazi operatori bunday imkoniyat tizimga kiritilmaganini, qachon joriy qilinishini bilmasligini aytdi. Ammo bu kompaniya ham imtiyozli polis olish uchun yordam qo‘lini cho‘zdi. Ya’ni, kompaniya vakiliga tegishli hujjatlar fotosurati jo‘natilsa, polis uyga yetkazib berilishini ma’lum qildi. Bu ham yaxshi usul.
E-polis tizimi nuqsonli ishlamoqda, uni sozlash lozim
Eng yirik 9 ta sug‘urta kompaniyasi misolida buning guvohi bo‘ldik. Ba’zi kompaniyalar agar haydovchilar soni cheklangan bo‘lsa, polis sotmayapti, buning sabablari tushunarsiz.
Aksariyat kompaniyalarda imtiyozli toifadagi fuqarolar uchun polisni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Katta ehtimol bilan, tizim Pensiya jamg‘armasi bilan integratsiya qilinmagan, ya’ni fuqaroning imtiyozli toifaga kirishini avtomatik tarzda aniqlay olmaydi. Aslida, E-polis tizimi ko‘proq mana shu toifadagi fuqarolar og‘irini yengil qilish uchun joriy qilingan emasmi?
2021 yil 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalari 2 trln so‘mdan ortiq sug‘urta mukofotini olgan. Ko‘rsatkich yil sayin o‘sib bormoqda.
E-polis tizimi joriy qilinishi – vaqt talabi. 7-8 yil oldin kommunal xizmatlar, mobil aloqa, internet pulini uyda o‘tirgan holda, bir zumda to‘lashni tasavvur qilolmasdik. Bugun bu jarayon juda oddiy va qulay bo‘lib qoldi – tizim maromida sozlandi. E-polis tizimi ham shunday bo‘lishi shart.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
11:49 / 06.11.2024
Ayrim shaxslarga temiryo‘l transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi
11:00 / 26.09.2024
Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
12:50 / 21.09.2024