Jamiyat | 09:11 / 23.01.2022
8811
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtomobilga pnevmatik quroldan o‘q uzgan shaxs 15 sutkaga qamaldi

Toshkentda yo‘l o‘rtasida «VAZ-2199» rusumli transport vositasiga qarata pnevmatik quroldan o‘q uzgan shaxs va avtomobil haydovchisi ham 15 sutkaga qamaldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan ishda poytaxt IIBB ekspert kriminalistika xulosasiga asosan, S.Z. qo‘llagan qurol sport-pnevmatik qurol ekanligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, qurolga doir qonunga asosan mazkur qurolni faqat sport maydonchalarida qo‘llashga ruxsat berilgan. Tomonlarning vajlarini eshitgan sudya, ikkala tomonga ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (Mayda bezorilik) asosan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Joriy yilning 20 yanvar kuni S.Z. ismli shaxs yo‘lning qatnov qismida tanishi bilan rashk tufayli o‘zaro gap talashgani, so‘ng uning mashinasiga tepib, yonidagi pnevmatik quroldan avtomobilga bir marta o‘q uzgani xabar berilgan edi.

Toshkent shahar IIBB hodisa natijasida hech kim jarohatlanmaganini, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid