O‘zbekiston | 10:33 / 25.01.2022
62745
5 daqiqa o‘qiladi

AOKA «Sabriya» seriali bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza natijalarini e’lon qildi

Foto: Instagram / amirarashidova

Ijtimoiy tarmoqlarda «Sevimli» telekanalida efirga uzatilayotgan «Sabriya» serialidagi axloqsiz sahna aks etgani aytilgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi serialdagi axloqsizlik sahnalari yuzasidan ekspertiza o‘tkazdi.

Ekspertiza davomida teleserialning 2021 yil 29 dekabr kungi qismida Arslon ismli qahramonning mehmonxonada begona ayol bilan yotgani, 2022 yil 4 yanvar kungi qismida bir ayolning mast holatdagi turmush o‘rtog‘ini uni xo‘rlagani uchun uxlab yotgan vaqtida pichoqlab o‘ldirgani, bundan tashqari, 14 yanvar kungi qismida uch nafar bezorining giyohvand moddalarni iste’mol qilgani va ularning bitta xonadonga bostirib kirgani, yigitlardan biri uydagi ayolga zo‘rlik ishlatgani tasvirlangan syujyetlar o‘rganilgan.

Ekspertlar quyidagi xulosaga kelishgan:

  • lavha syujyetidagi o‘g‘rining ayolga qilgan xatti-harakatlari kuch ishlatish yo‘li bilan nomusiga tegishga urinish sahnasi sifatida baholandi. Bunday teleseriallar namoyish etilishi yoshlar o‘rtasida xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatishga moyillikni oshirishga xizmat qiladi;
  • badiiy film va teleserial jamiyatdagi qarashlarni, yoshlarning tarbiyasini shakllantiradigan muhim vositalardan biri ekanini hisobga olib, ommaga taqdim etilayotgan har bir syujyet, so‘z va harakat uchun mas’uliyatli bo‘lish kerak;
  • ayollarning obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz «ijod namunalari» efirga uzatilishining oldini olish, gender tengligi va boshqa umuminsoniy qadriyatlar, milliy mentalitetni hisobga olib, etika nuqtayi nazaridan teleseriallarni telekanallarning badiiy tahlilidan o‘tkazilgandan so‘nggina namoyish qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ayolga to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz tasviri aks etgan ushbu lavha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, salbiy fikr-mulohazalar ifoda etilishiga, shu jumladan, ayrim fuqarolar, mas’ul xodimlarning obro‘sizlanishiga sabab bo‘ldi.

«Sabriya» nomli milliy teleserial bo‘yicha tayyorlangan ekspertiza xulosasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga jo‘natilgan.

Voqealar rivoji

19 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Sevimli» telekanalida namoyish etilgan serialdagi axloqsizlik sahnalari yuzasidan o‘rganish ishlari boshlagandi. Uning ortidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi.

«Sevimli» telekanali rahbari Amira Rashidova esa bunga javoban serial namoyishidan avval 16+ markirovkasi berilgani, qolaversa, «axloqsiz» degan ayblovni qo‘yishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli ekanini bildirdi.

Shundan so‘ng, 20 yanvar kuni O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov (Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berib, «Sabriya» seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayozligini tan olib, bundan keyin seriallar sifatiga alohida e’tibor qaratish ustida ishlanishini bildirdi.

Shu kuni Firdavs Abduxoliqov ishtirokida «Sevimli» telekanali ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tib, ta’sischilar qarori bilan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Abduvohid Xo‘jayev va bosh muharrir Qahramon Saydaliyev o‘z vazifasidan ozod etildi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Abduxoliqovning izohiga munosabat bildirib, bu kabi masalalarni «uyda kelishib olish» kerakligini kinoya qildi.

«Sevimli» telekanali muassisi – «Master Media Production and Broadcast» MChJ. Uning 20 foiz ulushi Rashidova Amira Firdavsovna, 10 foizi Abduxoliqov Abdullojon Firdavsovichga tegishli. Kompaniyaning 70 foiziga Firdavs Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i Sharopova Firuza Sadridinovna egalik qiladi.

Shundan so‘ng, Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan tekshiruv tayinlandi. Keyinroq Kinematografiya agentligi va «Sevimli» telekanali o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi borligi tasdiqlandi.

Mavzuga oid