O‘zbekiston | 09:47 / 31.01.2022
53254
12 daqiqa o‘qiladi

“Kalashnikov” va granata bilan Samarqanddagi zargarlik do‘koniga bosqinchilik jinoyati tarixi

Foto: Kun.uz

Xuddi kinolardagidek

Bosqinchilarning o‘qotar qurol bilan zargarlik do‘koniga kirib, ichkaridagi odamlarga o‘q uzib, qimmatbaho taqinchoqlarni yig‘ishtirib ketishi – Hollivud kinolaridagi voqealarni eslatib yuboradi. Ammo xuddi shunday ko‘rinishdagi jinoyat O‘zbekistonda ham sodir bo‘lganiga ishonasizmi?

2008 yil 13 sentyabr kuni soat 9:00larda Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasini o‘qotar quroldan otilgan o‘qlar va odamlarning baqir-chaqir ovozlari tutib ketdi – shu ko‘chada joylashgan “Izaura” zargarlik do‘koniga niqobli, “Kalashnikov” avtomati bilan qurollangan ikki nafar noma’lum shaxs bosqin uyushtirgan edi.

Ish kunini boshlaganiga hali hech qancha bo‘lmagan do‘konga bosqinchilar bostirib kiradi. Bosqinchilardan biri do‘kon ichida turgan sotuvchi Akrom Alimov va qorovul Muslim Abdurazzoqovga qo‘lidagi avtomatni o‘qtalib, ularni qo‘rqitishga urinadi. A.Alimov unga qarshilik ko‘rsatishi ortidan boshiga avtomat qo‘ndog‘idan zarba yeb, hushini yo‘qotib yiqiladi. Qorovul M.Abdurazzoqov ularga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lib o‘rnidan turgan vaqtda unga qarata o‘q uziladi...

Yaxshiki, o‘q unga tegmaydi. Shu zahoti qorovul tashqariga qochib chiqib, ko‘chadagilarni yordamga chaqirgani ketadi.

Sotuvchining hushidan ketgani, qorovulning qochib ketganidan foydalangan bosqinchilar do‘kon peshtaxtasidagi jami 129 turdagi, qiymati 54 mln so‘mdan oshiq qimmatbaho tilla taqinchoqlarni sumkaga joylab, do‘kondan chiqadi.

Do‘kon tashqarisida odamlarning ko‘pligini ko‘rgan bosqinchi ularni qochirish uchun quroldan osmonga qarata o‘q uzadi. Shu pallada o‘ziga do‘kon farroshi N.Alimova yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, unga ham o‘q uzadi.

Shundan so‘ng, ular Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan Mustaqillik ko‘chasi tomonga qarab yuradi. Yo‘lda ularni to‘xtatish uchun kelayotgan do‘kon egasi Shuhrat Valiyevni ko‘rgan bosqinchi unga ham o‘q uzadi. O‘q Sh.Valiyevning chap yelkasiga tegadi. Bunga ham qanoat qilmagan bosqinchi unga qarata yana o‘q uzib, sonini jarohatlaydi. Keyingi o‘qdan yerga yiqilgan Sh.Valiyevning sonidagi vena qon tomiri yorilib, jarohat joyidan katta miqdorda qon oqib chiqa boshlaydi.

Shu mahal ichki ishlar profilaktika noziri Latif Parpiyev ham jinoyatchilarni to‘xtatishga harakat qiladi. Lekin u ham avtomat o‘qiga chap berolmay, yelkasidan jarohat oladi (malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani tufayli barcha jabrlanuvchilarning hayoti saqlab qolinadi).

Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab harakatini davom ettirgan bosqinchilar ko‘ziga ko‘ringan ilk avtomobil bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘lish payiga tushadi. Shu zahoti ularning ko‘zi yo‘l chetida to‘xtab turgan “Neksiya” avtomobili va uning ichida o‘tirgan Salima Karimovaga tushadi. Jinoyatchilar ayolni do‘pposlab, mashinadan tashqariga uloqtirib yuboradi va o‘zlari avtomobilga o‘tirib, shu yerda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Natijasiz urinishlar

Holat yuzasidan darhol JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a” bandi, 25,97-moddasi 2-qismi “a”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlab yuboriladi.

Jabrlanuvchilar, voqeaga guvoh bo‘lgan boshqa shaxslar so‘roq qilinib, ularning ko‘rsatmalari asosida yuziga niqob kiygan ikki nafar noma’lum shaxsning fotorobotlari ishlab chiqildi.

Fotorobotlar jinoyat sodir bo‘lgan ko‘chalarda yashovchi fuqarolarga ko‘rsatib chiqildi. Ular bunday shaxslarni ko‘rmaganlarini bildirishdi.

Bundan tashqari, shahardagi barcha zargarlik do‘konlari sotuvchilariga fotorobotlar ko‘rsatilib, ularning do‘konlarga kirgan-kirmagani surishtirildi. Biroq ushbu harakatlar kutilgan natijani bermadi.

Kalavaning uchi topildi

Ma’lum muddat davom etgan besamar urinishlardan so‘ng, tergov guruhi tomonidan navbatdagi reja tuzib chiqildi. Unga ko‘ra, jinoyatchilarning do‘konga kelgan va u yerdan chiqib ketgan yo‘llari aniqlandi. Ushbu yo‘llarda joylashgan har bir xonadonda surishtiruv ishlari olib borildi. Natijada jinoyat sodir bo‘lganidan so‘ng shaharning Gagarin ko‘chasi yaqinida joylashgan xonadonlarning birida tashqi qiyofasi jinoyatchilarnikiga o‘xshash shaxslar bir necha marta to‘planganlari haqidagi ma’lumotga ega bo‘lindi.

Shunga asosan xonadon o‘rganib ko‘rilganda, unda Viktor Tarkovskiy ismli fuqaro yashab kelayotgani aniqlandi.

Viktor Tarkovskiyning uyi va garaji tintuv qilinganda, garaj ostidan AK-74 rusumli avtomat va F-1 rusumli qo‘l granatasi topiladi.

5.45 kalibrli AK-74 "Kalashnikov" avtomati / Foto:wikipedia
F-1 jangovar granatasi / Foto:wikipedia

V.Tarkovskiy jinoyat ishiga jalb etilib, so‘roq qilinganida dastlab jinoyatga aloqador emasligini, qurolni kimdir unga tuhmat qilish uchun garaji ostiga bekitib ketganini bildiradi. Ammo tergovchi xalqi bitta yolg‘onga ishonib ketaveradigan laqma emas. Qayta so‘roqlar jarayonida V.Tarkovskiy suvdan quruq chiqolmasligini tushunib yetib, aybini bo‘yniga oladi. Uning ikki nafar jinoiy sherigi ham qo‘lga olinadi.

Jinoiy reja

V.Tarkovskiy uzoq yillardan buyon ruxsatsiz qurol saqlab kelardi. “Bir korimga yarab qoladi” deb olib qo‘yilgan qurol oxir-oqibat V.Tarkovskiyni jinoyat sodir etishga undadi. Oson qo‘lga kiritiladigan katta boylikka ega chiqish istagida u dastlab bankni o‘marishni reja qildi. Biroq banklar jiddiy qo‘riqlanishi uni bu niyatidan qaytardi.

Shundan so‘ng, u qurol yordamida zargarlik do‘koniga bosqin uyushtirish fikriga keladi. Zero, do‘kondan qimmatbaho buyumlarni olib ketish bankdagi pullarni olib ketishdan ancha oson edi.

Ushbu vazifani bir o‘zi uddalay olmasligini tushungan V.Tarkovskiy o‘ziga sherik izlay boshlaydi. Shu tarzda u Jizzax viloyatida yashovchi tanishi Asad Bekovga telefon qilib, zudlik bilan Samarqandga yetib kelishini tayinlaydi, uni kutib olishni shaharda yashovchi tanishi Sohib Fozilovga yuklaydi.

S.Fozilov 2008 yil 12 sentyabr kuni A.Bekovni kutib olib, uni V.Tarkovskiy bilan uchrashtiradi. Uchrashuvda V.Tarkovskiy tanishlarini osongina katta boylik orttirish rejasidan xabardor qiladi. Reja sheriklarga ma’qul keladi.

Uchovlon 2008 yil 13 sentyabr kuni soat 7:00larda V.Tarkovskiyning Moskvich avtomobilida Shohrux Mirzo ko‘chasiga boradi. Shu yerda V.Tarkovskiy va A.Bekov mashinadan tushib qolib, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi tomon harakatlanadi. S.Fozilov esa avtomobilni Mironshoh ko‘chasiga olib borib, shu yerda sheriklarini kutib turadi.

Jinoiy rejaga ko‘ra, V.Tarkovskiy qonunga xilof ravishda saqlab kelgan AK-74 rusumli, 5,45 kalibrli avtomat va F-1 qo‘l granatasi bilan qurollanib, do‘konga hujum qilishi, qarshilik ko‘rsatgan shaxslarni otib o‘ldirishi, A.Bekov esa V.Tarkovskiy himoyasi ostida do‘kondagi qimmatbaho taqinchoqlarni sumkaga joylab, do‘kondan olib chiqishi, do‘kondan chiqilgach, V.Tarkovskiy yaqin atrofda turgan birorta avtomobilni zo‘rlik ishlatib olib qochishi, Mironshoh ko‘chasiga yetgach, begona avtomobildan tushib, S.Fozilov boshqaruvidagi Moskvichga o‘tishlari va ko‘zdan g‘oyib bo‘lishlari lozim edi. Shuningdek, shov-shuvlar bosilgach, “o‘lja”ni 3 qismga bo‘lib olishga kelishilgandi.

Shunga asosan, V.Tarkovskiy va A.Bekov do‘kon yaqiniga borib, barcha taqinchoqlar do‘kon peshtaxtasiga terib chiqilishini kutishadi.

Soat 9:00larda qulay fursat yetgach, ikkovlon yuziga niqob taqib, do‘konga bostirib kiradi. Do‘konni o‘marish silliq kechib, bosqinchilar S.Karimovaga tegishli “Neksiya” avtomobilida Mironshoh ko‘chasidagi kelishilgan joyga yetib olib, u yerda S.Fozilov boshqaruvidagi Moskvichga o‘tirib, juftakni rostlaydi.

V.Tarkovskiy jinoyat izlarini yashirish uchun avtomat va granatani o‘z garaji ostiga ko‘mib qo‘yadi. Taqinchoqlar esa Rudakiy ko‘chasidagi devor tagiga ko‘mib qo‘yiladi. Shundan so‘ng, jinoiy guruh bir necha bor V.Tarkovskiyning uyida to‘planib, bundan keyingi harakatlarini kelishib oladi.

Tergov davomida V.Tarkovskiy tergov guruhiga tilla taqinchoqlar ko‘milgan joyni ko‘rsatadi. Taqinchoqlar o‘z joyida turgan edi. Do‘kon egalari ham ushbu taqinchoqlarni tanib olib, o‘zlariga tegishli ekanini tasdiqlaydi.

Jinoyat va jazo

Tergov jarayonida barcha ishtirokchilarning jinoiy qilmishlari to‘la fosh etiladi.

V.Tarkovskiy va S.Fozilovga JK 25,97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “a”, “g”, “d”, “i”, “l”, “o”, “p”, “r” bandlari, 248-moddasi (qurolga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 1-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi, 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “b”, “g” bandlari, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 2-qismi “b” bandi bilan;

A.Bekovga JK 25,97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “a”, “g”, “d”, “i”, “l”, “o”, “p”, “r” bandlari, 248-moddasi (qurolga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 2-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi, 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlari, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, ish sudga oshiriladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining hukmi bilan barcha sudlanuvchilarga uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanadi.

Abbos Salaydinov tayyorladi.

Mavzuga oid