O‘zbekiston | 10:04 / 15.02.2022
13508
3 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi

Foto: Shutterstock

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi. Bunda ariza to‘ldirilib, unga quyidagilar ilova qilinadi: ishonchnoma (ariza beruvchining vakili murojaat qilganda); yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror (ariza beruvchi – yuridik shaxs bo‘lsa).

Ariza tuman (shahar) qurilish bo‘limi, kadastr filiali tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun “Yerxususiylashtirish” axborot tizimiga yuboriladi. Kadastr filiali ariza tushgan kundan 5 ish kunida ma’lumotlarni tekshiradi.

Tuman (shahar) qurilish bo‘limi 3 ish kunida yer joylashgan hududning (aholi punkti yoki ular orasidagi hududni) rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to‘g‘risidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlarga yer uchastkasi joylashuvining muvofiqligini ko‘rib chiqadi.

“Yerxususiylashtirish” axborot tizimida ariza natijalari bo‘yicha (kelishilgani yoki rad etilgani) xabarnoma shakllantirilib, ariza beruvchiga yuboriladi. Shunga ko‘ra, ariza beruvchi 10 ish kunida yerni sotib olish to‘lovini amalga oshiradi. To‘lov o‘z vaqtida to‘langanda, yerga mulk huquqini beruvchi davlat orderi shakllantiriladi.

Kadastr boshqarmasi order asosida 2 ish kunida yerga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va undan ko‘chirmani ariza beruvchiga yoki DXMga yuboradi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YaIDXP orqali xizmat ko‘rsatilganda yig‘im miqdori 24 300 so‘mni tashkil etadi.

Yig‘imlar va xususiylashtirilayotgan yer uchastkasining sotib olish qiymati to‘langanligi tasdig‘i “Yerxususiylashtirish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Reglament kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. 

Mavzuga oid