O‘zbekiston | 19:58 / 22.02.2022
37062
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Asosiy savollarga javoblar

Endi o‘zingizga qarashli tijoriy yoki yashash joyingizni xususiylashtirishingiz mumkin. Bu nimani anglatadi, xususiylashtirishdan sizga nima foyda, qancha to‘lash kerak? Kun.uz shu savollarga qisqa videoda, oddiy tilda javob beradi.

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu borada tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi.

Hozirda sizning biror bir ko‘chmas mulkingiz bo‘lsa, u yerdagi faqat bino-inshoot sizga tegishli, yer esa esa davlatniki. Endilikda o‘zingizga tegishli ko‘chmas mulk joylashgan yerni davlatdan sotib olish mumkin bo‘ldi.

Siz nafaqat o‘zingizga tegishli yerlarni xususiylashtirishingiz mumkin, balki elektron onlaynga chiqariladigan boshqa yer uchastkalarini ham sotib olish imkoniyatiga egasiz.

Xo‘sh, fuqaro o‘ziga tegishli bino joylashgan yer uchastkasini qanday xususiylashtiradi?

1-bosqich. Davlat xizmatlari markazlari (DXM)ga yoki Yagona davlat interaktiv portali (my.gov.uz) orqali ariza topshiriladi.

2-bosqich. Ariza qonunchilik me’yorlariga asosan ko‘rib chiqiladi: ya’ni shu bino haqiqatan sizning nomingizga kadastr qilinganmi, binoni xususiylashtirish shaharsozlik me’yorlariga mos keladimi, yer uchastkasi bugungi kunda ham reyestrda mavjudmi – shu kabi jihatlar Kadastr agentligi va Qurilish bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

3-bosqich. Barcha tekshiruvlardan o‘tgandan keyin, fuqaroga to‘lovni amalga oshirish, ya’ni xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi.

Xususiylashtirish badali qancha?

Xususiylashtirish to‘lovi ana shu yer uchastkasi uchun hisoblangan yer solig‘ining 20 barobari miqdorida belgilangan. Bunda mol-mulk solig‘i qo‘shib hisoblanmaydi, aynan yer uchastkasiga to‘lanadigan soliq hisobga olinadi.

Masalan, agar siz bir yilda hovlingiz uchun 200 ming so‘m yer solig‘i to‘lasangiz, faqat bir marta shu summaning 20 barobari miqdorida, ya’ni 4 million so‘m badal to‘laysiz va yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritasiz.

Shu bilan birga, yer uchastkasini xususiylashtirish sizni yer solig‘i to‘lashdan ozod qilmaydi. Yer solig‘ini xuddi avvalgidek to‘lab borishingiz lozim.

Xususiylashtirish uchun to‘lovni amalga oshirganingizdan keyin o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan davlat orderi beriladi. Order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqingizni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy. Majburan xususiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yer solig‘ining 20 barobarini to‘lab, yer uchastkasini davlatdan sotib oldingiz, bu sizga nima beradi?  xususiylashtirishning  foydalariga to‘xtalamiz:

Yerga bo‘lgan mulk huquqiga ega bo‘lasiz.

Deylik, hovlingizning bir qismini kimgadir hadya qilmoqchisiz yoki yarmini sotmoqchisiz. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yerni qismlarga bo‘lib sotish imkonini beradi. Qanchasini kimga sotish mulkdor, ya’ni sizning xohishingiz.

Ikkinchidan, yerni sizdan davlat olib qo‘ya olmaydi, faqat sotib olishi mumkin. Qonunchilikda davlatga tegishli yerlar yoki boshqa shaxslar foydalanishida bo‘lgan yerlar olib qo‘yilishi nazarda tutiladi. Mulk huquqidan boshqa 5ta turdagi huquq asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin. Siz yeringizga nisbatan mulk huquqini olishingiz bilan (xususiylashtirish orqali) davlat shunchaki sizga tegishli bo‘lgan yerni olib qo‘ya olmaydi.

Agar yer uchastkasi davlatga kerak bo‘lsa, sizdan bozor narxida, shartnoma asosida sotib olishi mumkin. Sizdan davlat yeringizni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer davlatga o‘tadi. Bu norma kelgusida qanchalik ishlashi mustaqil va adolatli sud tizimiga bog‘liqligini aytishimiz lozim.

Yeringizni erkin qo‘shish, taqsimlash va ajratish huquqiga ega bo‘lasiz.

Yer uchastkalarini qo‘shib yuborish, ajratish va qayta taqsimlash mexanizmlari bor. Bu mexanizmlar yer uchastkasiga mulk huquqi bo‘lgandagina ishlaydi.

Bunda, masalan, bir nechta mulkdor kelishib, yer uchastkalarini birlashtirgan holda o‘z narxidan 3-4 barobar qimmatga sotishi mumkin.

Yerdan garov sifatida foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yerga nisbatan mulk huquqini olganingizdan keyin undan garov obekti sifatida ham foydalanish mumkin. Yerni mulk sifatida bankka garovga qo‘yib, ipoteka olish imkoniyati ham yuzaga keladi.

Bu mavzudagi boshqa ma’lumotlar “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun va bu qonunni amalga oshirish bo‘yicha hukumatning 71-sonli qarorida batafsil keltirib o‘tilgan.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid