Foto: Shavkat Mirziyoyev Orol dengizining qurigan tubini borib ko‘rdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida Orol dengizining qurigan tubida 1,5 mln gektar maydonda saksovulzorlar barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Orolbo‘yining flora va faunasini yaxshilash uchun 5 yillik milliy dastur ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni ko‘rdi.
«Qoraqalpog‘iston xalqi hayoti, umuman, katta mintaqadagi ekologiya shu muammoga bog‘liq. Bir paytlar dengiz va unga tutash daryolar, yaylovlar odamlarga rizq ulashgan, ish, daromad manbai bo‘lgan. Lekin tabiat qonunlariga aralashish, Amudaryo va Sirdaryo suvini to‘sish dunyodagi og‘ir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Mintaqamizda cho‘llanish va sho‘rlanish darajasi keskin ortdi. O‘simlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi.
Global isish muammosi kuchayib, yog‘ingarchilik kamayayotgan bugungi asrimizda Orol dengizini qutqarish tobora imkonsiz bo‘lib bormoqda. Bunday sharoitda yagona yo‘l - borini asrab qolish, fojia ta’sirini kamaytirish, odamlar hayotini osonlashtirish.
Davlatimiz rahbari bu bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida gapirdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, o‘z imkoniyatlarimizga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Xususan, Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar ko‘tarilib, katta hududga tarqalar edi. Shavkat Mirziyoyev 2018 yili Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish vazifasini belgilagan edi.
Davlat rahbariga shu borada qilingan ishlar haqida axborot berildi.
O‘tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar to‘qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug‘ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.
Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. Joriy yilda 100 ming gektar maydonda «yashil qoplama» barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urug‘lar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil qilinmoqda.
Prezident bu yerda ekologlar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan suhbatlashdi.
«Biz shu murakkab sharoitda ekish bo‘yicha katta tajriba orttirdik. Bu yerga o‘zim kelishimdan maqsad - endi bu ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettiramiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilmiy izlanishlar qilib, hudud tuprog‘iga mos navlar yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Orolbo‘yining flora va faunasini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Mavzuga oid
15:52
O‘zbekistonda Global ekologik fond donorlari yig‘ilishi o‘tkazilishi mumkin
15:29
O‘zbekiston prezidenti Chexiya bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:37
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
13:50