O‘zbekiston | 08:40 / 28.02.2022
1951
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Buxoro bug‘usi otib ketildi

Foto: Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi matbuot xizmati

23 fevral kuni soat 04:30lar chamasida Beruniy tumani O‘rmon xo‘jaligiga yondosh hududda miltiqning otilgan ovozi haqida rezervat xodimlariga xabar kelib tushgan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, atrofni ko‘zdan kechirish jarayonida shu yerdagi ichki asfalt yo‘lida qon izlarini aniqlangan. Shuningdek, fermer xo‘jaligiga tegishli bug‘doy dalasining yonidagi ariqda tuyoq izlari ham ko‘zga tashlangan. Soat yettilar atrofida inspektorlar qon izlari bilan asfaltda 4 km va tuproq yo‘lda mototsikl izi bilan taxminan 2 km atrofida borishadi. Izlanish natijasida soat 9:30 atrofida fermer xo‘jaligi dalasi yonidagi ariq ichida bir dona erkak Buxoro bug‘usining so‘yib olingan boshi, oyoqlari, terisi va ichki a’zolari aniqlangan.

Holat bo‘yicha Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Beruniy tumani IIBga xabar qilingan. Rezervat xodimlari mototsikl izi bilan borib, iz borib to‘xtagan uyni aniqlashgan.

Uyda Beruniy tumani IIB tergov guruhi tekshirish olib borganda davlat raqami yo‘q «IJ» rusumli qizil rangli mototsikli turgani va bu mototsikl ushbu xonadonda yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan A.Sh.ga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.

Motosikl ko‘zdan kechirilganda yaxshilab yuvilgani, lekin baribir ba’zi joylarida qon dog‘lari va hayvon junlari borligi aniqlandi. Sh.A. haqiqatan ham shu kuni bir bosh Buxoro bug‘usini otganini tan olgan hamda uyidan bir dona hujjatsiz ov miltig‘i va bir juft Buxoro bug‘usi shoxini olib chiqib bergan.

Sh.A. surishtirish davomida ushbu qonunbuzarlikni bir o‘zi emas, sherigi Beruniy tumani «Oltinsoy» OFYda istiqomat qiluvchi 1996 yilda tug‘ilgan K.M. bilan birga sodir etganini tan olgan. M.K. «Biybazar» OFY IIB tayanch punktiga olib kelib surishtiruv o‘tkazilganda Sh.A. ko‘rsatmalarini to‘lig‘i bilan tasdiqlab, qilgan qonunbuzarligini tan olgan.

Ushbu holat bo‘yicha Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan Sh.A. va M.K.ga nisbatan to‘plangan materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib, qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berilmoqda hamda hozirda tezkor o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bundan oldin Qoraqalpog‘istonda ovchilar 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgandi. Ovchilar haliyam topilmadi.

Mavzuga oid