O‘zbekiston | 14:43 / 01.03.2022
57322
3 daqiqa o‘qiladi

Tursinxon Xudaybergenov boshqa lavozimga o‘tmoqda. Uning o‘rnini o‘rinbosari egallaydi

Favqulodda vaziyatlar vaziri mahalla vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga ma’qullandi. FVVning yangi rahbari ham ma’lum.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar ko‘rib chiqildi. Telegramdagi «Nigoh» kanalining yozishicha, general mayor Abdulla Qo‘ldoshev nomzodi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga ma’qullandi.

Abdulla Qo‘ldoshev

Abdulla Qo‘ldoshev 1957 yilda tug‘ilgan. 2000−2004 yillarda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i (hozirda FVV tarkibida), 2004−2009 yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2009−2011 yillarda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i, 2011−2012 yillarda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, keyinroq O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi instituti boshlig‘i lavozimida ishlagan.

U 2018 yil aprelida Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Endilikda FVVning sobiq rahbari Tursinxan Xudoyberganov esa mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib ma’qullangan.

Tursinxan Xudoyberganov

Tursinxan Xudoyberganov 1951 yilda Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. 1974 yilda Toshkent pedagogika institutini, 1982 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. 1974-1999 yillarda O‘zbekiston IIVda turli lavozimlarni egallagan, 1999-2001 yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2001-2006 yillarda O‘zbekiston prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan, 2006-2010 yillarda Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan.

U 2010 yildan 2016 yilgacha Favqulodda vaziyatlar vaziri sifatida ishlagan, 2016 yil dekabrida prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. U 2018 yil aprelida yana FVV rahbarligiga qaytarilgan, shu bilan birga prezident maslahatchisi lavozimini saqlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi o‘rtalarida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid