O‘zbekiston | 11:22 / 15.03.2022
8992
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim fuqarolardan «zagranpasport» uchun davlat boji undirilmasligi belgilandi

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 14 martida "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda xorijga chiqish uchun biometrik pasportini berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
 
ID-karta berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi miqdorida boj undiriladi, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni berganlik uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida undiriladi (ilgari bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari edi).

Bundan oldin prezidentning “O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmati ko‘rsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilingandi.

Loyiha xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish xizmatini Davlat xizmatlari markazlari hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tegishli qismlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi bob bilan to‘ldirilmoqda.

Mavzuga oid