O‘zbekiston | 16:20 / 20.03.2022
32390
6 daqiqa o‘qiladi

“Urf-odatlarimiz korrupsiya uchun niqob bo‘lyapti” - ekspert bilan suhbat

Korrupsiyaga qarshi kurashishda keskin choralar kerak, shu bilan birga bunga sabab bo‘layotgan tizimli muammolar ham bartaraf etilishi lozim. Mentalitetimizdagi ayrim odatlar korrupsiyaga sabab bo‘lmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassis, falsafa ad’yunkt-professori Qodir Quliyev O‘zbekistonda olib borilayotgan antikorrupsion siyosat samaradorligi mavzusida Kun.uz bilan suhbatda shu va boshqa fikrlarni bildirib o‘tdi.

Qodir Quliyev BMT huzuridagi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasining bitiruvchisi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi hisoblanadi.

— Xalqaro ekspert sifatida O‘zbekistonda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash holatini birdan o‘ngacha shkalada nechaga baholash mumkin?

— Korrupsiya har bir davlatda o‘zining elementlariga qarab turli xil bo‘ladi. Ba’zilar aytadi, korrupsiyani tag-tubi bilan yo‘q qilish kerak, deb. Katta xalqaro ekspertlar korrupsiya doim bor bo‘lishini, uni hech qachon butunlay yo‘qotib bo‘lmasligini isbotlab berishgan. Faqat korrupsiya darajasini minimumgacha pasaytirishni nazorat qilish mumkin.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash hissiyoti yaxshi tomonga o‘zgaryapti, bunga siyosiy iroda bor. Korrupsiyaga qarshi kurash oddiy xalqning hayotida o‘z aksini topishi kerak. Kimdir davlat idorasiga borsa korrupsiyasiz ishini bitira olishi kerak. Hozir bu narsada oqsash bor bizda. Lekin tizimda o‘zgarishlar uchun albatta vaqt kerak. Shkalada baholasak, 10 ball berolmayman, lekin albatta 5 dan yuqori.

— Korrupsiyaga qarshi kurashda milliy mentalitet va bu asosidagi tarbiyaning o‘rni qanday?

— Albatta, bola tug‘ilganidan boshlab unga ishonch, aldamaslik va kattalarga hurmat kabi tushunchalar singdirilishi kerak. Afsuski, hozirgi kunda mehmondo‘stlik, tanish-bilish va katta hurmat kabi odatlarimiz suiiste’mol qilinyapti, korrupsiya uchun niqob bo‘lyapti.

Masalan, davlat tashkilotlarida boshlig‘ingiz yoshi katta bo‘lsa, unga haqiqatni ayta olmaysiz, gapirsangiz sizni kattaga behurmatlik qilishda ayblaydi.

Hozir bizdagi korrupsion holat foyda-zarar tahlili bilan bog‘liq. Masalan, biror mansabdor korrupsiya sodir qilishdan avval uning ortidan nimalar kelishini o‘ylab solishtirib ko‘radi. Qo‘lga tushsam nima bo‘ladi, tushmasam qancha foyda ko‘raman deyishadi. Lekin hech kim bu ishidan aybdorlik hissini tuymaydi. Mansabdorlarda aybdorlik hissi nolga teng.

Qachonki, mansabdor monopol kuchga ega bo‘lsa, uning vakolatlari juda katta bo‘lsa va buning yetarlicha nazorati bo‘lmasa, albatta korrupsiya topiladi.

— Xabaringiz bor, davlat xizmatchilarining mol-mulklari va daromadlarini deklaratsiya qilish masalasi ko‘rilyapti. Nima deb o‘ylaysiz, bu qanchalik o‘zini oqlaydi?

— G‘arbdan yoki boshqa davlatlardan antikorrupsion taktikalarni O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olish noto‘g‘ri. Mansabdorlar mol-mulkini deklaratsiya qilish masalasi xalqaro maydonda juda munozarali masala. Bu shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq.

Mansabdorning yaqin qarindoshlaridan boshqa qarindoshlarining mol-mulki deklaratsiya qilinmasligini to‘g‘ri deb hisoblayman. Bunday holatda fuqarolik jamiyati vakillari, jumladan OAVlar faol bo‘lishi, korrupsion holatlar bo‘yicha surishtiruvlar qilishi kerak. To‘liq ishlab ketgan fuqarolik jamiyatida OAVlar “korrupsioner ushlandi, qamaldi”, deyish bilan tugamaydi. Uning sabablari, oqibatlari bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Agar ular yetarli darajada faol bo‘lsa, deklaratsiyalashga ham hojat qolmaydi.

Lekin bizda buning joriy qilinishi ijobiy holat, chunki bu – davlatda korrupsiyaga qarshi kurash uchun iroda borligi belgisi.

— O‘zbekistonda korrupsioner amaldorlar reyestrini shakllantirish haqida ham rejalar bor. Bu amaliyot rivojlangan davlatlarda ham bormi? Bu holatda aybdor insonning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish va uning huquqlari o‘rtasidagi nozik chegarani qanday ajratib olish mumkin?

— Buni ham 100 foiz to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Agar korrupsionerlarda aybdorlik hissini qo‘zg‘atish tarafidan qaraydigan bo‘lsak, bu kuchli taktika. Yana bir tarafdan bu tadqiqotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish taktika va strategiyalari inson huquqlarini buzishga ham olib kelgani isbotlangan.

Lekin bular insonning shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq fundamental huquqlarini buzmasligi kerak. U nimaga korrupsiyaga qo‘l urdi degan savolga javob izlab, tizimni tahlil qilish mumkin.

Bir kunda 24 soat vaqtimiz bor, uning 8 soati tavsiya qilingan dam olish – uyqu vaqti deb hisoblasak, bizda 16 soat qoldi. Amaldorlar uning yarmi 8 soat ish vaqtida kimgadir yoki o‘zi uchun ishlaydi. Qolgan yarmi 8 soat esa – insonning qadr-qimmati, shaxsiy vaqti hisoblanadi. Agar shu qadr-qimmatga hujum qilinsa, kimdir undan shu vaqtni tortib olayotgan bo‘lsa, albatta inson korrupsiyaga qo‘l uradi. Oyligini 5 barobar ko‘tarsangiz ham korrupsiyaga qo‘l uraveradi, chunki uning qadr-qimmatiga bevosita yoki bilvosita tajovuz qilindi.

Mansabdorlarni jazolash bilan birga rag‘batlantirish orasida doimo muvozanat bo‘lishi kerak. Nimanidir noto‘g‘ri qilgan insonni jazolash bilan birga, yaxshi ishlaganni mukofotlash ham kerak.

Fikrimcha, bizda tizimli korrupsiyaga qarshi kurash olib borilayotganda bu kabi qattiq choralar ham kerak. Lekin korrupsiya sabablarini bartaraf qilishda bu taraflarini ham hisobga olish kerak.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid