Jahon | 11:37 / 23.03.2022
57833
11 daqiqa o‘qiladi

Sovetlar yashirgan halokat: Gagarindan avval fazoga boshqa shaxs uchganmi?

1961 yil 23 mart kuni Moskva viloyatidagi kosmonavtlarni parvozga tayyorlash markazida fojia yuz beradi. 10 kun davomida maxsus kabinada vaznsizlik holatiga moslashgan kosmonavt Valentin Bondarenko u yerda sodir bo‘lgan yong‘inda og‘ir tan jarohatlari oladi va shifoxonada vafot etadi. Uning o‘limi 25 yil davomida ommadan yashiriladi.

Foto: Kun.uz

1961 yil 12 aprel kuni Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan ilk bor inson kosmosga uchadi. Ammo keyinchalik, kosmosga Gagarindan avval boshqa kosmonavt uchishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ladi. U maxsus kabinada o‘tkazilgan sinovning so‘nggi kunida ehtiyotsizlik tufayli sodir bo‘lgan yong‘inda og‘ir tan jarohatlari olib vafot etadi. Kosmonavtning vafoti 25 yil davomida yashirib kelinadi va 1986 yilda ommaga oshkor qilinadi.

69 yil umr ko‘rgan mustabid tuzumida ommadan juda ko‘p narsalar yashirilgan. Jumladan, 1961 yilda kosmosga parvoz qilishi lozim bo‘lgan Valentin Bondarenko bilan sodir bo‘lgan halokat ham.

Bondarenko parvozga ikki hafta qolganda maxsus kabinada o‘tkazilayotgan sinov paytida ehtiyotsizlik ortidan kelib chiqqan yong‘inda jarohat oladi va vafot etadi. Shundan so‘ng uning o‘rniga Gagarin parvoz qiladi. Ba’zi manbalar esa Bondarenko sinov kabinasida emas, balki fazoga parvoz chog‘ida halokatga uchrab vafot etgan, deyishadi.

Foto: blogs.20minutos.es

Valentin Bondarenko

Valentin Bondarenko 1937 yilda Ukrainaning Xarkov shahrida tug‘ilgan. U yuqori sinflarda o‘qib yurgan paytida maktabda ochilgan aeroklubda shug‘ullana boshlaydi. Maktabni bitirgach, harbiy-aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kiradi.

1957 yilda o‘qishni tugatib, harbiy-havo kuchlarining Boltiqbo‘yidagi aviatsiya qismlarida xizmat qiladi. 1960 yil boshida u kosmonavtlar tayyorlash guruhiga qo‘shilish uchun hujjatlarini topshiradi. 1960 yil 28 aprel kuni uni kosmik parvozga tayyorlash uchun yig‘ilgan ilk guruhga qo‘shishadi.

Ilk parvoz uchun saralab olingan guruh. O‘rtada o‘tirgan Korolyovning chap tomonidagi Bondarenko/ Foto: gagarin-starjan.sulinet.hu

Bondarenko iqtidorli uchuvchilardan biri bo‘lgani sababli uni kosmosga uchishga tayyorlash uchun 79 nafar nomzod orasidan saralab olingan guruhga kiritishadi. Keyin esa ilk parvoz uchun tayyorlanadigan olti kishilik guruhga qo‘shishadi. U 1960 yil mart oyi boshlarida Moskvadagi harbiy qismda «Vostok» kosmik kemasi maketida parvoz uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

Halokat

Nihoyat tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi boshlanadi. Bunda uchuvchilar havo bosimi past bo‘lgan maxsus kameradan chiqmasdan, o‘n sutka yashashi belgilangandi. Kamera kosmik kema bortiga hamohang jihozlangandi. Kosmonavtlar u yerda 10 kun davomida vaznsizlik holatiga moslashishi kerak edi. Bondarenko 14 mart kuni maxsus kameraga kiritiladi.

Foto: 9tv.co.il

1961 yil 23 mart kuni Bondarenko maxsus kameradagi sinovni tugatib, tashqariga chiqishi kerak edi. Chiqishidan avval tibbiyot xodimlari past bosimli kamera ichida uning salomatligini so‘nggi marta tekshiruvdan o‘tkazishadi. Uning sog‘ligi parvoz uchun to‘g‘ri keladi, deb topiladi. Shundan so‘ng unga tibbiy jihozlarni tanasidan olishi mumkinligi xabar qilinadi.

Valentin tanasiga o‘rnatilgan tibbiyot jihozlarini yechganidan keyin ular qoldirgan kichik yaralar o‘rnini spirtga botirilgan paxta bilan artadi. So‘ng e’tiborsizlik bilan paxtani chiqindi quti o‘rniga ovqat isitishda ishlatilgan, qizib turgan cho‘g‘lampa ustiga tashlaydi.

Paxta shu zahoti yonib ketadi va Valentin uni qo‘li bilan o‘chirmoqchi bo‘ladi. Ammo kislorodga to‘yingan past bosimli havoda olov o‘chish o‘rniga battar kuchayadi. Endi Valentinning jun materialdan tikilgan maxsus kiyimi ham yona boshlaydi. Shunda ham u pult orqali dispetcherga yong‘in haqida xabar berish o‘rniga olovni o‘zi o‘chirishga urinadi. Ammo eplay olmaydi.

Kosmonavt o‘tirgan maxsus kamerada yong‘in sodir bo‘lganini tashqaridagilar o‘sha zahoti sezishadi. Ammo kamera eshigini birdaniga ochib bo‘lmasdi. Navbatchi shifokor Mixail Novikov maxsus kameradagi havo bosimini tashqaridagi havo bosimi bilan tenglashtirmasdan germetik eshikni ochib bo‘lmasligini aytadi. Bu ish yarim soat vaqtni oladi. Nihoyat eshik ochilib, Bondarenko tashqariga chiqarilganda, tanasi 80 foizga kuygan edi.

Hushini yo‘qotmagan Bondarenkoni zudlik bilan kasalxonaga olib borishadi. Vrachlar uning hayotini saqlab qolish uchun 8 soat kurashishadi. Ammo Valentinni qutqarib qolishning iloji bo‘lmaydi. O‘shanda u 24 yoshda edi.

Bondarenkoning xotini erining vafotidan so‘ng bir necha yil kosmonavtlar tayyorlash markazida ishlaydi va keyinchalik ona shahri Xarkovga ko‘chib ketadi. Bondarenkoning o‘g‘liga 16 yoshgacha 100 rubl miqdorida nafaqa tayinlashadi. Keyinchalik u ham ulg‘ayib, harbiy uchuvchi bo‘lib yetishadi.

Foto: astronautika.lt

Hodisaning yashirilishi

AQSh va SSSR o‘rtasida fazoni o‘zlashtirish borasida kuchli raqobat ketayotgan paytda rasmiy Moskva kosmosga uchish uchun tayyorlanayotgan Bondarenkoning vafot etganini hech kim bilmasligi kerak, degan qarorga keladi.

Uni tug‘ilgan shahri Xarkovdagi qabristonga imi-jimida ko‘mib kelishadi. Qabrtoshga «Uchuvchi do‘stlaridan» degan yozuv yoziladi. 1986 yilda Bondarenkoning o‘limi ommaga oshkor bo‘lgach, qabrtoshdagi yozuvga «SSSR kosmonavtlaridan» degan so‘zlar qo‘shib qo‘yiladi.

Foto: d-kvadrat.ru

Bondarenkoning fojiali tarzda halok bo‘lganini nafaqat yashirishadi, balki uning nomini barcha joydan o‘chirishadi. Unga tegishli turli hujjatlar, hatto Bondarenko va uning jamoasi birga tushgan fotosuratlargacha yo‘q qilinadi.

Bondarenko vafot etgach, parvozni belgilangan muddatdan kechiktirmaslik uchun zudlik bilan Gagarinni tayyorlay boshlashadi. Shu tariqa, 1961 yil 12 aprel kuni fazoga Gagarin uchadi.

1961 yil 17 iyun kuni Valentin Bondarenkoga «Hukumat topshirig‘ini muvaffaqiyatli bajargani uchun» Qizil yulduz ordenini berish haqida qaror chiqadi. Ordenni Moskvadagi kosmonavtlar shaharchasida yashayotgan xotiniga topshirishadi.

Sirning oshkor qilinishi

1986 yilda «Izvestiya» gazetasida Valentin Bondarenkoning fojiali o‘limi haqida maqola chiqadi. Maqola muallifi taniqli jurnalist va yozuvchi Yaroslav Golivanov edi. Shu tariqa Valentin Bondarenkoning o‘limi haqida odamlar oradan qariyb 25 yil o‘tgach xabar topadi. Ungacha SSSRda ism-sharifi Valentin Bondarenko bo‘lgan kosmonavt bo‘lganini va u sinov chog‘ida vafot etganini hech kim bilmagan.

Foto: socialphy.com

Keyinchalik Yarovlav Golivanov o‘z asarlaridan birida Bondarenkoning o‘limi haqidagi maqolani «Izvestiya» gazetasida berish oson bo‘lmaganini, KGB bunga qarshi bo‘lganini, faqatgina KPSS markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi tarkibidan bo‘lgan ayrim shaxslarning aralashuvi bilan maqola chop etilganini yozgandi.

«Valentin Bondarenkoning o‘limi chorak asr davomida barchadan sir tutildi. Faqat 1986 yil bahorida «Izvestiya» gazetasi Siyosiy byuro a’zolarining qo‘llab-quvvatlovi bilan turli senzuraning qarshiligini yengib, ushbu halokat haqidagi maqolamni chop etdi», deb yozgandi u.

Golivanov o‘z maqolasida Bondarenko bilan sodir bo‘lgan halokat tafsilotlarini to‘liq ochib bergandi.

Garchi, SSSRda odamlar Bondarenkoning fojiali o‘limi haqida 1986 yilda xabar topgan bo‘lsa ham, G‘arb OAV bu haqda 1980-yillar boshida yoza boshlagan. Ammo SSSR o‘shanda bu noto‘g‘ri ma’lumot ekanini va kosmosga ilk parvozni amalga oshirish uchun tanlab olingan nomzodlar orasida Valentin Bondarenko ism-sharifli uchuvchi umuman bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Ammo oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, Valentin Bondarenko haqidagi haqiqat ommaga oshkor bo‘ladi. Bir tarafdan mustabid tuzumning kuni bitayotgani, ikkinchi tarafdan dalillarni rad etishning iloji bo‘lmagani uchun rasmiy Moskva bu safar hodisani rad eta olmaydi.

Bondarenko birinchi raqamli nomzod edimi?

Rossiyalik ayrim tahlilchilar Bondarenko kosmosga parvoz qilish uchun tanlangan birinchi nomzod bo‘lmaganini, ammo uning fojiali o‘limi Gagarinni aynan u duch kelgan halokatdan asrab qolganini yozishadi.

Bondarenkoning o‘limidan so‘ng kosmik tadqiqotlar bo‘yicha ishlayotgan sovet muhandislari va olimlari kosmik kemalardagi maxsus kamerani yanada takomillashtirish ustida ishlaydi va undagi atmosfera tarkibi va bosimini o‘zgartirishadi. Aynan shu ish keyinchalik Gagarinning muvaffaqiyatli parvoz qilishiga va eson-omon qaytib tushishiga sabab bo‘ladi.

Foto: rbth.com

Boshqalari esa Bondarenko fazoga birinchi parvoz qilish uchun tanlangan nomzod bo‘lgan, deyishadi. Ularning fikriga ko‘ra, agar Bondarenko umumiy guruhdagi oddiy bir kosmonavt bo‘lganda uning o‘limi bunchalik sir saqlanmasdi. Ularga ko‘ra Valentin birinchi raqamli kosmonavt bo‘lgani uchun uning o‘zi hamda fojiali o‘limi haqidagi barcha ma’lumotlar maxfiylashtirilgan va hodisa ommadan sir saqlangan.

1991 yilda Oydagi kraterlardan biri Bondarenko nomi bilan ataladi. 2013 yilda Xarkovdagi Bondarenko o‘qigan maktabga uning nomi beriladi.

Bondarenko haqida mish-mishlar

Bondarenko bilan yuz bergan halokatning maxfiylashtirilishi o‘z davrida ko‘plab mish-mishlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan. Ularga ko‘ra, Gagarindan avval fazoga Bondarenko uchgan. U sinov paytida maxsus kabina ichida emas, balki parvoz muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ortidan kosmik kema portlab ketib, halok bo‘lgan.

Foto: rbth.com

Bu mish-mishga ishonadiganlar Bondarenko kosmosga parvoz qilgan ilk inson bo‘lganiga ishonishadi. Ular Bondarenko sinov paytida vafot etganda uning o‘limini bunchalik qattiq sir tutishmasdi, deb hisoblashadi. Yana, Bondarenko aynan fazoga ko‘tarilayotganda halokatga uchragan va AQSh bilan kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha keskin raqobat tufayli bu hodisa yashirilgan, deyishadi.

Halokatdan so‘ng suratdan Bondarenko olib tashlangan / Foto: boingboing.net

Nima bo‘lganda ham kosmosga uchish uchun tanlab olingan nomzodlar orasida Valentin Bondarenkoning bo‘lgani, halokat va uning vafoti maxfiylashtirilgani haqiqat. Odatda ommadan qattiq sir tutilgan hodisalar ortida o‘ta muhim ishlar yashirilishi ham bor gap. Shu uchun Bondarenko haqida bildirilgan turli fikrlar, taxminlar va mish-mishlarning istalgani haqiqat bo‘lib chiqishi ham mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid