Sport | 12:46 / 03.04.2022
40096
11 daqiqa o‘qiladi

«Burjuylar o‘yini»dan karategacha: SSSRda taqiqlangan sport turlari

Sovet ittifoqi tom ma’noda taqiqlar mamlakati bo‘lgan. Holat shu darajaga yetadiki, hatto dunyoning aksar qismida ommabop bo‘lgan bir qancha sport turlari ham har xil bahonalar bilan taqiqlab qo‘yiladi. Lekin odamlarni nimadandir to‘sish baribir ilojsiz edi.

Bugungi kunda ancha ommaviy bo‘lgan karate, bilyard, bodibilding, yoga va beysbol kabi sport turlari bilan oshkora shug‘ullanish SSSRda taqiqlangan edi. Bu sport turlaridan karate va beysbol shafqatsiz deb topilgan bo‘lsa, bodibilding inson tanasini zo‘riqtiruvchi sport turi deb topilgan. Yoga insonlarni fikrlashga undaydi degan bahona bilan, bilyardni esa «burjuylar o‘yini» deb taqiqlashadi.

1980-yillarning oxirigacha yuqoridagi sport turlari bilan ochiqcha shug‘ullanib bo‘lmas, yashirincha shug‘ullanganlar esa qamalishi ham mumkin edi. Faqat 1988-89 yillarga kelib, Gorbachyov boshlagan islohotlar tufayli taqiqlangan sport turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berila boshlanadi.

1. Karate

Yapon jang san’ati hisoblangan karate bilan SSSRda avvaliga hech kim shug‘ullanmagan. Shuningdek, sobiq ittifoqda karate federatsiyasi bo‘lmagan, rasmiy musobaqalar ham o‘tkazilmagan. Ikkinchi jahon urushida SSSRning yaponlarga qarshi urushi, keyin esa «kapitalistik Yaponiya»ga qarshi olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibotlar tufayli o‘tgan asrning 50-70 yillarida sovet fuqarolarida karatega qiziqish unchalik bo‘lmagan. Ammo 1970-yillarning oxiri, 80-yillarning boshida vaziyat o‘zgaradi.

Foto: Yandex

1980-yillargacha Janubiy Kuril orollariga egalik da’vo qilgan «dushman Yaponiya»ning iqtisodiy holati, yaponlar turmush tarzi oddiy sovet fuqarolarining aksariyatiga noma’lum edi. Ammo 1979 yilda SSSR harbiylari Afg‘onistonga bostirib kirgach, odamlar nafaqat yapon texnikalari bilan tanishadi, balki karate bilan ham shug‘ullanish avj oladi.

Garchi Afg‘onistonda urush ketayotgan bo‘lsa ham bu mamlakatning bozorlari xorijiy mahsulotlar bilan to‘la edi. Shu jumladan, Yaponiyada ishlab chiqarilgan turli buyumlar bilan ham. Vaziyatdan unumli foydalangan sovet harbiy chayqovchilari bu davlatdan «yapon mo‘jizasi» hisoblangan ko‘plab zamonaviy buyumlarni SSSRga tashiy boshlaydi. Ana shunda ilk marta videomagnitafon, videokamera kabi buyumlarni ko‘rgan sovet fuqarolari Yaponiyaning juda taraqqiy etib ketganini va odamlari yuqori turmush darajasida yashayotganini anglab yetishadi.

O‘shanda videomagnitafonlar bilan birga karate, taekvondo kabi yakkakurashlar tasvirlangan xorijiy filmlar ham kirib keladi. O‘sha filmlar tufayli sovet yoshlari orasida karate bilan shug‘ullanadiganlar soni keskin ko‘payadi. Shundan so‘ng 1981 yilda SSSRda karate bilan shug‘ullanishga taqiq qo‘yiladi. Bu sport turi zo‘ravonlikka asoslangan deb topiladi.

Garchi karatega rasmiy ravishda taqiq qo‘yilgan bo‘lsa-da, sovet yoshlari bu sport turi bilan yashirincha shug‘ullana boshlaydi. Militsiya ham qarab turmaydi va bundaylar ta’qib ostiga olinadi, ushlanganlar esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Faqatgina 80-yillarning oxiriga kelib odamlarga karate bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Karate federatsiyasi esa SSSR parchalanib ketgach tuziladi.

Foto: Rambler

2. Bodibilding

Mushaklarni o‘stirish hisobiga tanani kuchli va chiroyli qilish ustiga qurilgan bu sport turi o‘tgan asrning 60-70 yillarida AQSh va G‘arbiy Yevropada juda ommalashadi. Keyinchalik jahonga mashhur aktyor bo‘lgan Arnold Shvarsenegger aynan o‘sha paytlarda ko‘plab musobaqalarda g‘olib chiqib, bu sport turi bo‘yicha eng mashhur shaxslardan biri edi.

Foto: ebay.com

O‘sha paytlarda G‘arbda bodibilding nafaqat mushaklarni o‘stirish, balki sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va ijobiy fikrlash falsafasiga yo‘g‘rilgan sport turi bo‘lgan.

Ammo SSSRda bodibilding partiya rahbarlarini qo‘rqitib yuboradi. Ularning nazdida sovet kishisi qandaydir mashqlar tufayli mushaklarini o‘stirishi emas, balki ko‘proq mehnat qilishni o‘ylashi va bu bilan sotsialistik jamiyatni kommunizmga yanada yaqinlashtirishga hissa qo‘shishi kerak edi. Shu sababli ham ular 1973 yildan boshlab bodibildingni sovet kishilari uchun zararli sport turi degan qarorga kelishadi va shug‘ullanishni taqiqlab qo‘yishadi.

Foto: Pikabu.ru

Garchi taqiq qo‘yilgan bo‘lsa-da, sovet yoshlari karatega o‘xshab bodibilding bilan ham yashirincha shug‘ullana boshlaydi. Bodibilding bilan shug‘ullanish uchun maxsus jihozlar ishlab chiqarilmagani uchun yoshlar unday narsalarni o‘zlari qo‘lbola tarzda yasab olishadi.

Bodibilding bilan shug‘ullanishga 1980-yillarning oxiriga kelib ruxsat beriladi. Sobiq ittifoq tarqab ketgach, mustaqil bo‘lgan respublikalarda bodibilding federatsiyalari tuziladi.

3. Beysbol

Beysbol sport turini SSSRga ilk bor 1930-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (Novaya ekonomicheskaya politika – NEP) davrida okean ortidan kelib zavod va fabrika qurgan amerikaliklar o‘ynagan. Bu sport turi sovetlar mamlakatida tez ommalashgan. Hatto 1930-yillarning oxirida oliy ta’lim muassasalarida to‘garaklar va jamoalar tashkil etilgan.

1937 yilgacha aksariyat yirik shaharlarda beysbol o‘ynaydigan maxsus maydonlar quriladi. O‘sha paytlarda mamlakatda ilk beysbol ligasi tuziladi va musobaqalar o‘tkazila boshlanadi. Ammo ko‘p o‘tmay, SSSRda Stalin qatag‘onlari boshlanadi va amerikaliklar josuslikda ayblanib qamaladi. Shundan so‘ng beysbol musobaqalari to‘xtatiladi.

Foto: spors.ru

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng beysbol ommaviy sport turiga aylanmagan bo‘lsa ham unga taqiq qo‘yilmagan, sovet fuqarolari bu sport turi bilan shug‘ullanishi mumkin edi.

1950-yillarga kelib Germaniyani bo‘lib olish, so‘ng Koreya yarimorolidagi qarama-qarshiliklar ortidan SSSR va AQSh o‘rtasida aloqalar sovuqlashgach, vaziyat o‘zgara boshlaydi.

Bir necha yildan so‘ng Karib havzasida, Kuba davlati bilan bog‘liq vaziyat jiddiy ko‘rinish oladi va «Sovuq urush» davri boshlanadi. Shundan so‘ng sovet hukumati AQShga bog‘liq barcha narsaga taqiq qo‘yadi va mamlakatda beysbol bilan shug‘ullanish ham taqiqlanadi.

Boshqa taqiqlangan sport turlari kabi beysbolga ham 1980-yillarning oxiriga kelib ruxsat beriladi.

Foto: lenta.ru

4. Bilyard

Sobiq ittifoqda bilyard oktyabr to‘ntarishidan keyin «burjuylar o‘yini» sifatida taqiqlab qo‘yiladi. 1930 yilga kelib mamlakat rahbari Stalin bilyard o‘yiniga qiziqib qoladi. Shundan so‘ng taqiq bekor qilinadi va bu o‘yinni barcha o‘ynash imkoniyatiga bo‘ladi.

Foto: liveinternet.ru

Shaxsan davlat rahbari qiziqib qolgani uchun bilyardni ommalashtirish boshlanadi. Mamlakatdagi barcha sanatoriylar, teatrlar va muzeylarning foyesida, hatto istirohat bog‘larigacha bilyard stoli qo‘yib chiqiladi. Fizkultura va sport o‘yinlari qo‘mitasi joylarda bilyard o‘yinini o‘rgatadigan to‘garaklar ochadi. Mamlakat bo‘ylab turli turnirlar tashkil etiladi.

Foto: rferl.org

1947 yilga kelib, joylarda bilyard ommaviyligini yo‘qota boshlaydi. Shu bilan birga bu o‘yin qayta taqiqlanmasa ham uning ommaviyligini sun’iy ravishda tushirishga urinishadi. Joylardan bilyard stollar to‘liq yig‘ishtirib olinadi. Avvalgiday musobaqalar o‘tkazilmaydi. Shu tariqa 1970-yillarda odamlar orasida bilyardga norasmiy taqiq qo‘yilgan degan gaplar tarqaladi.

1988 yilga kelib, Moskvada bilyard federatsiyasi tuziladi va shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab bu o‘yin yana ommalasha boshlaydi.

5. Breyk-dans

Breyk-dans raqsi o‘tgan asrning 70-yillarida paydo bo‘ladi va G‘arbda tez ommalashadi. Garchi uni ko‘pchilik sport o‘yinlari sirasiga kiritsa-da, SSSRda u norasmiy taqiqda bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham yoshlar yashirincha u bilan shug‘ullana boshlaydi.

Foto: pages.stolaf.edu

1985 yildan keyin vaziyat o‘zgara boshlaydi. Mamlakatning turli shaharlarida breyk-dans bilan shug‘ullanadigan maydonchalar paydo bo‘ladi. Tomdagi raqs, Kurer kabi filmlarda Breyk-dans bilan shug‘ullanib turgan yoshlar tasvirlangan kadrlar ko‘rsatiladi. Shu tariqa mazkur raqsga qo‘yilgan norasmiy taqiq bekor qilinadi.

Foto: Adobe Stock

Ma’lumot uchun, skeytbording, syorfing, qoyaga chiqish kabi sport turlari bilan birga Breyk-dans 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlariga kiritilgan.

6. Yoga

Sovet mafkurasi yoga inson ruhiyatini kamolga yetkazadi, sog‘lom fikrlashga o‘rgatadi deb ishonishgan. Sovetlarga esa sog‘lom fikrlaydigan odamlar kerak emas edi. Ular yoga bilan shug‘ullanadigan odamlar kommunizmni qurish uchun harakat qilmaydi, deb hisoblashgan. Shu sababli yoga bilan shug‘ullanishni taqiqlab qo‘yishgan.

Foto: Alamy stock

1970 yilda «Kiyevnauchfilm» yoga haqida hujjatli filmni namoyish etadi. Namoyishdan so‘ng mamlakatda yogaga qiziqadiganlar, u bilan shug‘ullanishni xohlaydiganlar soni keskin oshib ketadi. Odamlar orasida yoga bilan shug‘ullanadiganlar olovda kuymaydi, ularning tanasi jarohat olmaydi degan mish-mishlar tarqaladi.

1980-yillarda sovet hukumati yoga bilan shug‘ullanadiganlarni hech narsa bilan qaytarib qolishning iloji yo‘qligini tushunib yetadi. Shundan so‘ng sovet mafkurasi uni o‘ziga moslab targ‘ib qila boshlaydi. Yogadan falsafiy unsurlar chiqarib tashlanadi va faqat tanani chiniqtirish qoldiriladi.

Foto: www.gismeteo.lv

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid