O‘zbekiston | 14:18 / 05.04.2022
37744
7 daqiqa o‘qiladi

Me’yoriy ochlik tanani filtrlaydi - mutaxassislar

Kun.uz ochlikning inson organizmiga ta’siri, kimlarga och qolish tavsiya etilmasligi bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddatli ochlikda tanadagi eskirgan hujayralar parchalanib, yangilari paydo bo‘ladi, qarish jarayoni sekinlashadi.

Foto: KUN.UZ

Jarroh Ozod Shukrullayevning so‘zlariga ko‘ra, 1 kunlik qisqa muddatli ochlikning foydalari ilm-fanda isbotlangan.

“2016 yilda, – deydi u – 1 kunlik ochlikka asoslangan ilmiy ishi uchun yapon olimi Yoshinori Ohsumi Nobel mukofotini olgan. U 1 kunlik ochlik vaqtida hujayralar o‘zida to‘playdigan qoldiq moddalarni parchalashini isbotlagan. Bu narsa autofagiya deb nomlanadi. Va bir kunlik ochlikda hujayradagi eskirgan qismlar va kichkina lizosomalar deb ataladigan kichik ferment saqlaydigan qismlar parchalanadi”, deydi u “Puls 1141” ko‘rsatuvida.

Ozod Shukrullayev qisqa muddatli ochlikning organizmning turli qismlariga ijobiy ta’sirini sanab berdi. Unga ko‘ra, qisqa vaqt davom etadigan ochlik organizm zaxirasini faollashtiradi.

Qarish jarayoni. Qisqa muddatli ochlikda qarish jarayonida terida yig‘iladigan pigmentlar, eskirgan hujayralar parchalanishni boshlaydi. Parchalangan qismlarning oqsil zarrachalaridan yangi hujayralar paydo bo‘ladi.

Teridagi toshmalar. Ochlik davrida organizmda yallig‘lanishni faollashtiradigan mediatorlar kamayadi. Yuzdagi husnbuzar, psoriaz kabi kasalliklar, ichki va tashqi yallig‘lanish, allergiya kasalliklari keskin qisqaradi.

Saraton hujayralari. Onkologik hujayralar odam organizmida doim mavjud. Ular kun davomida paydo bo‘ladi va yo‘qoladi. Bunday hujayralarning parchalanishi ochlik davomida jadallashadi.

Nerv hujayralari. Ochlik davrida nerv to‘qimalarining o‘sish faktori ajraladi. Nerv hujayralari tarmoqlanishni boshlaydi. Ya’ni nerv to‘qimalari o‘sadi. Nevr hujayrasining boshqa hujayralar bilan aloqalari ko‘payadi. Bundan tashqari, nerv hujayralarini oziqlantiradigan glial hujayralar ochlikda ko‘payishi va atrofidagi hujayralar bilan tarmoqlanishi ortadi.

Qisqa muddatli ochlikning ichki a’zolarga ta’siri

Diyetolog Osiyo Ismoilovaning qo‘shimcha qilishicha, qisqa muddatli ochlikda tananing ichki a’zolari ham dam oladi. Ayniqsa, jigar faoliyati yaxshilanadi.

“Jigar 500dan ziyod vazifani bajardi. 5-10 yil oldin yegan mahsulotlarimizning toksinlari ham jigarda saqlanadi. Biz filtr idishlarini har 4-6 oyda almashtirib turamiz, lekin jigarni bunday almashtirishning iloji yo‘q. Qisqa muddatli ochlik bizga shunday imkoniyatni beradi.

Insonning 10 kilogrammdan ko‘p ortiqcha vazni bo‘lishi yog‘li gepatozning birinchi bosqichi hisoblanadi. Inson ortiqcha va ko‘p narsa yeganda birinchi jigarni yog‘ bosadi. Buning oldi olinmasa, o‘t qopi ham ishdan chiqishi mumkin. O‘t qopidagi safro esa mahsulotlardagi eng kerakli, yog‘da eriydigan vitaminlarni o‘z joyiga yuborib turadi”, – deydi diyetolog.

Shuningdek, inson doimiy va haddan tashqari ko‘p ovqat yeganda insulin darajasi ortadi va odam semirishni boshlaydi. Chunki bu gormonning vazifasi biz yeyayotgan mahsulotlardagi uglevodlarni hujayralarga joylashdan iborat. Hujayralar esa kengayish xususiyatiga ega. Qancha ko‘p ovqat yesak, insulin ko‘paygan sari uning vazifasi ham ortaveradi va insulin har xil o‘simtalar, kista miomalar, papillomalar paydo qilishga sabab bo‘ladi. Ovqatlanishni qisqa muddatli to‘xtatish orqali insulinni tushirish mumkin.

Ochlik me’yorida bo‘lishi lozim

Alternativ tibbiyotda ochlik bilan davolanish usullari ham qo‘llaniladi. Biroq ochlik me’yorida bo‘lishi zarur. Bu me’yorning umumiy chegarasi yo‘q, u har bir kishining o‘z organizmiga qarab o‘ta individiual bo‘ladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Guli Shayxovaning so‘zlariga ko‘ra, uzoq davom etgan ochlikda (bir necha haftagacha hech narsa yemaslik va/yoki faqat suyuqlik ichish) to‘qimalarning funksional faol oqsillari parchalanishi va yo‘qotilishi, vitaminlar, mineral moddalar kamayib ketishi, qonda peshob kislotasi, yog‘lar va oqsillarning to‘liq oksidlanmagan mahsulotlari to‘planishi, organizmning kislotali-asosiy holati metabolik asidoz tomonga surilishi sodir bo‘ladi.

Klinik jihatdan, bu holat keskin arterial gipertenziya, gipoglikemik holatlar (qondagi glyukoza miqdori pasayishi), psixoemotsional buzilishlardan tortib to ruhiy buzilishlargacha, polinevritlar ko‘rinishlari hamrohlik qiladigan gipovitaminozlar, teri va sochlar shikastlanishi, temirtanqis anemiyalar bilan birga kechishi mumkin.

Yurak mushaklari oqsillari parchalanishidagi o‘zgarishlar tufayli yurak yetishmovchiligidan, miokard infarktidan, oshqozondan qon ketishidan, shuningdek, ochlikdan keyin o‘ta quyuq ovqat iste’mol qilinganligidan oshqozon o‘tkir shishishi tufayli vafot etish holatlari tasvirlangan.

“Uzoq vaqt och qolish asoratlarini, – deydi Shayxova, – individual tarzda o‘rganmay oldindan aytib bo‘lmaydi. Aynan shu sababli ham parhez ovqatlanish faqatgina an’anaviy davolash usullari klinik samara bermagan holatda tanlanadigan uslub sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Juda ko‘p kasalliklarda uzoq vaqt tugul, hatto qisqa vaqt davomida och qolish ham mumkin emas”.

Qanday holatda och qolishga ruxsat etilmaydi?

Guli Shayxovaga ko‘ra, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, oshqozon, o‘n ikki barmoq ichak kasalliklari, surunkali xoletsistit kasalliklari, buyraklarda tosh kasalliklarida och qolish mumkin emas.

Semizlikda va o‘tkir pankreatit, o‘tkir xoletsistit, qon ketishi bilan og‘irlashgan oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kabi ba’zi bir kasalliklarda, shifokor nazorati ostida bir kecha-kunduz ovqat yeyilmaydigan ozish kunlarida ba’zi parhez sxemalariga yo‘l qo‘yiladi.

Uzoq yoki qisqa muddatli – 7-10 kun ochlikni sog‘lom odamlarni “sog‘lomlashtirish” uchun tavsiya etishga hech qanday asos yo‘q, bemorlarning esa o‘z-o‘zini ochlik bilan davolashi o‘ta xavflidir.

Mavzuga oid