O‘zbekiston Markaziy banki yirik miqdorda oltin sotdi
Markaziy bank fevral oyida 22 tonna oltin sotib, o‘z zaxiralarini 339 tonnagacha kamaytirgan. Bu 2020 yil dekabr oyidan keyingi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
World Gold Council jahon bozoridagi oltin oldi-sotdisi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki 2022 yilning fevral oyida 22 tonna oltin sotib, dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlatlar orasida yetakchilik qilgan.
«Fevral oyida O‘zbekiston 22 tonna oltin sotib, o‘z zaxiralarini 339 tonnagacha kamaytirdi. Bu 2020 yil dekabr oyidan keyingi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat zaxira aktivlarining 59 foizi hali ham oltin hissasiga to‘g‘ri keladi», deyiladi World Gold Council sharhida.
Oltin sotuvi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Qatar (6 tonna), Qozog‘iston (5 tonna), Mo‘g‘uliston (1 tonna) va Germaniya (1 tonna) Markaziy banklari qayd etilgan.
O‘z navbatida, Turkiya 25 tonna oltin sotib olib, zaxirasini 429 tonnaga yetkazdi. Hindiston esa qo‘shimcha 2,7 tonna oltin xarid qilgan va umumiy oltin zaxiralari 758 tonnaga yetdi.
Irlandiya (1 tonna) ham oy davomida yirik xaridlarni amalga oshirgan va o‘z zaxiralarini 11 tonnaga yetkazgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2019 yilda 4,9 milliard dollarlik, 2020 yilda 5,8 milliard dollarlik, 2021 yilda esa 4,1 milliard dollarlik oltin sotgan.
2022 yilning 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valuta zaxiralari 35,36 mlrd dollarni tashkil qilgan. Zaxira aktivlari tarkibida oltinning fizik hajmi 10,9 mln troya unsiya, qiymati esa 20,72 mlrd dollar.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024