Prezident oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi
Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi.
Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sabab jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan asrning 80-yillaridagidan ham yuqori darajalarda o‘sayotgani ta’kidlandi.
Xususan, mart oyida dunyo bo‘yicha oziq-ovqat narxlari 2021 yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshdi. Ayniqsa, yil boshidan jahon bozorlarida bug‘doy narxi – 20 foiz, makkajo‘xori – 19 foiz, ozuqa donlari – 20 foiz va o‘simlik yog‘i – 23 foizga ko‘tarildi.
Joriy yilda yog‘ingarchilik hisobiga, vodiy, Toshkent viloyati va Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani bilan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmda suv ta’minoti bo‘yicha qiyinchiliklar bo‘ladi.
Jahon bozorida mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i narxlari 2 baravarga oshgani, albatta, klaster, fermer va dehqonlarning yetishtirayotgan mahsulotlarining tannarxiga hamda moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladi.
Yig‘ilishda mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, 2022 yilda 7,7 mln tonna bug‘doy hamda 23 mln tonna meva-sabzavot yetishtirib, 1,5 mlrd dollar eksportni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish uchun yangi qo‘shilayotgan 300 ming gektardan ziyod yer maydonlaridan samarali foydalanish zarur.
«Hozirgi kunda 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 254 ming nafar aholiga ochiq tanlov asosida berildi.
Bu – oziq ovqat yetishtirish uchun har bir tumanda qo‘shimcha 500 gektar ekin maydoni, degani.
Bu islohotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri boshlaganimizni hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shuning uchun bu yerlar faqat va faqat oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun baza bo‘lishi shart», dedi prezident.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda:
- hosildor urug‘ navlarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish;
- yer maydonlarida «bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida ekinlar ekishni tashkil qilish;
- mahsulotni kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish ishlarini jadal tashkil qilish topshirildi.
Davlat rahbari vaqt juda kam qolgani, dehqonchilikda bahorning har bir kuni, har bir soati muhimligini ta’kidladi. Dehqon va fermerlarni eng ko‘p qiynaydigan masalalar sanab o‘tildi:
- hosildor va ishonchli urug‘ va ko‘chat navlarining kamligi,
- peshona teri evaziga yetishtirilgan mahsulot kafolatli xarid qilinmasligi.
Shu sababli, hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini joylarga yetkazish va mahsulotni sotib olishga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan Bog‘dorchilik agentligiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladi.
Shuningdek, yangi suv omborlari atrofidagi 100 ming gektardan ortiq yerlarga tadbirkorlarni jalb etib, infratuzilma yaratishga yordam berib, mos keladigan ekinlar ekishni tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat hokimlariga bir oy muddatda:
- o‘z hududidagi suv omborlari atrofidagi yangi yerlarning xaritasini tuzish;
- yerlarni konturlarga ajratib, ularga irrigatsiya tarmog‘ini loyihalash;
- ushbu maydonlarda oziq-ovqat va ozuqa ekinlarini ekishga tayyor investorlarni jalb qilish bo‘yicha loyiha to‘plamlarini tayyorlash topshirildi.
Yig‘ilishda foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta tiklash ham oziq-ovqat yetishtirishga qo‘shimcha imkoniyat ekani qayd etildi.
«Lekin barcha hududlarda ham ishlar ahvolini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda sust ketyapti», dedi prezident.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hokimliklar bilan birga bir hafta muddatda 135 ming gektar oborotdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirish va ularda oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun respublika budjetidan 170 milliard so‘m ajratiladi.
Tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish masalasiga to‘xtalar ekan, prezident Farg‘ona, Namangan, Andijon va Samarqanddan 600 nafar tajribali tomorqa egalari Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatiga borib, 1,5 mingta mahallada aholi tomorqalarida ekinlarni to‘g‘ri ekishni o‘rgatayotganini misol qilib keltirdi.
Bu tajribani 2,5 mingta mahallada joriy etishi vazifasi qo‘yildi.
Mavzuga oid
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
12:10 / 25.10.2024
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri tayinlandi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
17:23 / 15.10.2024