Parkentda o‘qituvchi va o‘quvchilar hokimlik Telegram-kanallariga obuna bo‘lishga majburlanmoqda
Hokim o‘rinbosari Baxtiyor Soatovning talabi bo‘yicha o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘zlaridan tashqari yana bittadan qarindoshini ham kanallarga a’zo qilishi kerak. “Buni har soatda shaxsan tuman hokimining o‘zi kuzatib boradi”.
Ijtimoiy tarmoqlarda Parkent hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Soatovning tumandagi o‘qituvchilar bilan zoom platformasi orqali o‘tkazgan yig‘ilishi videosi tarqaldi. Unda hokim o‘rinbosarining o‘qituvchilarga turli Telegram-kanallarga majburan obuna qilish bo‘yicha topshiriq berayotganini ko‘rish mumkin.
«Uchta kanalimiz bor. Birinchisi, Parkent hokimiyatining Telegram-kanali, ikkinchisi «Parkent tongi» Telegram-kanali (tuman gazetasi kanali) va uchinchisi Shohrux Shoahmedovning Facebook kanali (Shohrux Shoahmedov Parkent tuman hokimi – tahr).
Mana, mana shu uchtaga obuna bo‘lib berasizlar, 100 foiz maktab o‘qituvchilari. To‘g‘ri, 100 foiz maktab o‘qituvchilarida boya Zokir akam aytganidek (tuman XTB rahbari Zokir Nurov nazarda tutilmoqda – tahr), Telegram yoki Facebook bo‘lmasligi mumkin, lekin qolgan hammasida 100 foiz telefon bor.
Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladiki, 14 yoshdan katta o‘quvchilar bittadan o‘zining qarindoshini qo‘shib (otasi yoki onasi) obuna bo‘ladi.
Keyingisi, 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar, agar ularda telefon yoki telegrami bo‘lsa, bularniyam jalb qilishinglar mumkin. Mayli, o‘quvchilarniki shoshilinch emas. Ularning muddati dushanba kungacha (shu joyida Baxtiyor Soatov tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Botir Shog‘ulomovdan “to‘g‘rimi?” deya so‘raydi).
O‘qituvchilarniki esa bugun, 100 foiz hammasi”, – deya topshiriqning qat’iyligini takror eslatadi u.
Hokim o‘rinbosariga ko‘ra, o‘qituvchi va o‘quvchilarning aytilgan kanallarga a’zo bo‘lish jarayonini shaxsan tuman hokimi ham ismma-ism nazorat qilib bormoqda.
“Hokim har soatda kirib, “podpisatsya” (a’zolik) bo‘lganlar soni va kimlar “podpisatsya” bo‘lganini ko‘rib o‘tiribdi. Ro‘yxatini qilasizlar va xalq ta’limi bo‘limiga berasizlar.
Yana bitta narsani aytib qo‘yishim kerak, “podpisatsya” qildim, deya ko‘rsatib, ro‘yxatini berib, ketidan “pokinut” (chiqib ketish) qilib chiqib ketishning keragi yo‘q. “Pokinut” qilganlarning ro‘yxatlarini «Parkent tongi» bilan axborot xizmati Botirdan olamiz va yana o‘zlaringga tashlab beramiz. Qayta-qayta baribir “podpisatsya” qilishimiz kerak.
Sizlar o‘ylashlaringiz mumkin, bular tumanning kanaliga “podpischik” ko‘paytirish uchun qilyapti, deya. Yo‘q, buning hammasi tumanda olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatish uchun», – deydi u.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘larkan, Kun.uz muxbiri Parkent tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Soatov bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh so‘radi.
“Yo‘q, bu yerda hech kimni majburlash niyati bo‘lmagan. Bu yerda talab qilish ham, hech kimni jazolash maqsadi ham yo‘q edi. Shunchaki, hozir maktablarda “beshta tashabbus” olimpiadasi ketyapti. Maqsadimiz shularni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyish.
O‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning bittadan qarindoshi obuna bo‘lsa, shu tadbirlarni ular ham ko‘radi, degan maqsadda gapirgandik. Shuningdek, tumanda qilingan ishlar, maktablarda o‘tayotgan tadbirlarni hammaga ko‘rsatmoqchi edik.
Hozir har bir maktabning o‘z Telegram-kanali ham bor, lekin uni o‘qituvchilardan boshqa hech kim ko‘rmaydi. Menimcha, bu yerda kimgadir piar kerak bo‘ldi”, – dedi Baxtiyor Soatov muxbir savollariga javoban.
Hokim o‘rinbosari shuningdek, kanallarga bu tarzda odam to‘plash qanchalik to‘g‘riligi hamda tuman hokimining kanalga a’zo bo‘lgan va chiqib ketganlarni sanashdan boshqa ishi yo‘qmi, mazmunidagi savollarga ham javob berdi.
“Balki bu noto‘g‘ri bo‘lgandir. Qandaydir xatolar o‘tgandir. Lekin yig‘ilishda tuman hokimi ko‘rib turibdi, deyilmagan, tuman hokimligi axborot xizmati ko‘rib turibdi, deyilgan.
Hozirda hokimlik kanallariga a’zo yig‘ish ishlari to‘xtatilgan”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, ayni paytga qadar Parkent tuman hokimligi Telegram-kanalida 3 ming 544 nafar a’zo to‘plangan.
Mavzuga oid
12:10 / 24.10.2024
O‘quvchilar ota-onalari qaysi mahsulot iste’moliga ruxsat bermasligi aytildi
12:58 / 17.10.2024
Sirdaryoda 1-sinf o‘quvchisi igna sanchish bilan jazolanayotgani aytilmoqda
12:10 / 10.10.2024
200 ming so‘mlik ijara va uch o‘lim: Namangandagi maktab o‘quvchisi sodir etgan ayanchli avtohalokat tafsilotlari
16:52 / 02.10.2024