Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi
Yangi qonunga asosan, mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida qarzlar berishi mumkin bo‘ldi.
Kecha, 20 aprel kuni «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, mikromoliya tashkiloti, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti nobank kredit tashkilotlari hisoblanadi.
Mikromoliya tashkilotlari tadbirkorlarga kreditlar (300 mln so‘mgacha), lizing, kafolatlar berishi, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
Hujjatda islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar – islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan moliyaviy xizmatlar, deya ta’riflangan.
Lombardlar esa garov evaziga qisqa muddatli (1 yilgacha) mikroqarzlar (50 mln so‘mgacha) beradi.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, nobank kredit tashkilotlari ishlab chiqarish, sug‘urta, savdo faoliyatini amalga oshirishga va omonatlarni (depozitlarni) jalb etishga haqli emas.
Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradigan ushbu qonunning to‘liq matni hozircha e’lon qilinmadi.
Mavzuga oid
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
17:49 / 23.10.2024
Senat yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
18:34 / 04.10.2024