Rossiyani «boqayotgan» gaz: Yevropa unga cheklov kiritmayapti. Yoki kiritolmayaptimi?
AQSh Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatgan bir vaqtda Yevropa ittifoqi bu ishni qila olmayapti. Neft embargosi bo‘yicha shu haftada bir qarorga kelishlari kutilmoqda, ammo gaz borasida bunday deb bo‘lmaydi. Nega Yevropa Rossiya gazidan voz kecha olmayapti? Buni xohlamaydimi yoki qila olmaydimi? BBC siyosiy maydonda ayni damdagi eng muhim mavzulardan birini tahlil qildi.
Bir narsani unutmaslik kerakki, AQSh Rossiya gazidan Yevropaga qaraganda osonroq voz kecha oldi. Chunki AQSh dunyoda eng ko‘p neft va gaz qazib oluvchi davlat hisoblanadi. Rossiya gazi va nefti urushgacha AQSh iste’molining 8 foizini tashkil etgan. Yevropa esa sobiq ittifoq davridan buyon Rossiya gaziga bog‘lanib qolgan. Ko‘hna qit’a gaz iste’molining 40 foizi, neft iste’molining 30 foizini Rossiyadan import tashkil etadi.
Faqatgina urush davom etayotgan davrda Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiya gazi va nefti uchun 46,5 milliard yevrodan ortiq pul to‘ladi. Aynan mana shu pullar Rossiyaga G‘arb sanksiyalariga dosh berishga yordam bermoqda. Rossiya budjetining yarmi aynan neft va gaz savdosidan to‘ldiriladi. Rossiya eksport qilinayotgan gazning 70 foizini, neftning esa 60 foizini Yevropaga sotadi.
Aynan shu sabab Yevropaning rus neft va gaziga embargo (taqiq) qo‘yishi urush davrida Rossiyaga qarshi qo‘llangan eng keskin iqtisodiy chora bo‘ladi. Bunday taqiq kiritilishi urush borishiga bog‘liq ekani aytilmoqda. Yevropa ittifoqi davlatlari allaqachon Rossiyadan ko‘mir sotib olmaslikka kelishib oldi. Yil oxirida esa Rossiyadan gaz sotib olish hajmini uchdan ikki qismga kamaytirmoqchi.
Yevropa ittifoqi o‘tgan yildayoq «Gazprom»siz kelajak rejasi haqida bosh qotirishni boshlagandi. Ammo o‘shanda Rossiya gazidan voz kechishning asosiy sababi global isish edi. Hozir esa Kreml Ukrainaga urush ochgani sabab bu jarayon haqida ko‘proq o‘ylashmoqda. Global isish muammosi urush bilan qorishib dahshatli ko‘rinishga keldi hamki, Yevropa ittifoqidagi 27 davlatning ba’zilari Rossiya gazidan voz kecha olmayapti. Sanksiya qo‘llash uchun esa hamma bir xil ovoz berishi talab qilinadi.
Yevropa ittifoqi shu hafta Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini joriy qilishi kutilmoqda. Unda rus gazi importi haqida band bo‘lishi qiyin masala, ammo neft embargosi e’lon qilinishi mumkin. Ko‘mir embargosi kabi neft embargosi ham yoppasiga va tezda qo‘llanmaydi. Hozircha xarid miqdorini asta-sekin kamaytirish, qo‘shimcha bojlar joriy qilish va tanker flotiga qarshi sanksiyalar kiritish kabi choralar haqida o‘ylashmoqda.
Yevropaning maqsadi Rossiyani urush uchun ishlatayotgan neft va gaz pulidan mahrum qilish barobarida neft va gaz narxi ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi. Chunki uncha boy bo‘lmagan davlatlar qiynalib qolishi mumkin. Agar narx ko‘tarilib ketsa, Rossiya oz miqdorda neft va gaz sotib ham katta foyda ko‘rishda davom etaveradi.
«Rossiyadan gaz va neft importini taqiqladik, ammo Yevropadan farqli o‘laroq biz nisbatan oz miqdorda import qilardik. Yevropa tomonidan joriy qilinadigan embargoga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak. Bu narx ko‘tarilib ketishiga olib kelishi mumkin, oqibatda barcha hududlar zarar ko‘radi. Narx ko‘tarilsa, Rossiya kam sotib ham o‘sha foydani ko‘raveradi», deydi AQSh moliya vaziri Janet Yyellen.
Yevropa ittifoqi kimlardan gaz va neft sotib oladi?
Ikki yil avvalgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, ittifoq davlatlari iste’mol uchun gazning 45,35 foizini Rossiyadan sotib oladi. Ikkinchi eng katta ulush Norvegiyaga tegishli – 20,2 foiz. Jazoirdan 11,75 foiz gaz sotib olinadi. Keyingi o‘rinlarda AQSh va Qatar qayd etilgan.
Ittifoq davlatlari neftning 25,1 foizini Rossiyadan oladi. Qozog‘iston bu borada ikkinchi – 8,9 foiz. Norvegiya va Nigeriyadan umumiy 16 foiz neft importi amalga oshiriladi. Hozirda Yevropa ittifoqi davlatlari neft va gazning 57,5 foizini Rossiyadan sotib oladi. Yevropa iste’mol qiladigan neft, gaz, neft mahsulotlari va ko‘mirning umumiy hisobda 25 foizi Rossiyadan boradi.
Yevropa Rossiya neftisiz yashay oladimi?
Urush boshlangunga qadar Rossiya dunyo bozoriga kuniga o‘rtacha 8 million barrel neft va neft mahsulotlari yetkazib berardi. Urush boshlanishi bilan bu raqam 2 million barrelga kamaydi. Oqibatda neft narxi 100 dollardan oshib ketdi. Narx yanada ko‘tarilishi mumkin edi, ammo G‘arb strategik zaxiralaridan bozorga neft chiqarib, buning oldini oldi. Oxirgi marta bunday chora 1970-yillarda arab neftiga embargo kiritilgan vaqtda qo‘llangandi.
Agar Yevropa rus neftidan to‘liq voz kechsa, bu chora ham yordam bermasligi mumkin. Chunki Rossiya bu qadar katta miqdorda neftini sotish uchun boshqa bozor topa olmaydi, qolgan ishlab chiqaruvchilar esa neft qazib olishni ko‘paytirmaydi. Oqibatda bozorda mahsulot kamayib ketib, «qora oltin»ning 1 barreli 140 va hatto 170 dollargacha ko‘tarilib ketishi taxmin qilinmoqda.
Bruegel tadqiqot markazi hisob-kitobiga ko‘ra, Yevropa ittifoqiga Rossiya gazidan voz kechish qiyin va bu qimmatga tushadi, ammo rus ko‘miri va neftisiz amallash mumkin. Neft narxi ko‘tarilib ketadi, lekin jahon bozorida Yevropa taklif qiladigan pulga sotiladigan neft topiladi, deyiladi tadqiqot markazi hisobotida.
Fransiya hukumati qoshidagi Conseil d'Analyse Economique tadqiqot markazi hisoblashicha, Rossiya nefti va gaziga embargo qo‘yish Yevropa ittifoqi iqtisodiyotining 0,2-0,3 foiziga teng zarar keltiradi. Bu har bir yevropalik uchun 100 yevroga teng degani. Neft embargosi esa yanada kamroqqa tushishi mumkin.
Ittifoqning ba’zi uncha boy bo‘lmagan davlatlari uchun esa bu embargo butun yalpi ichki mahsulotining 5 foiziga teng zarar keltirishi mumkin. Agar ittifoqning o‘ziga tinch davlatlari ularning iqtisodiy jihatdan qo‘llamasa yoki sanksiyalarda ular uchun istisno joriy qilinmasa. Slovakiya, Litva hamda Finlandiya deyarli to‘liq rus neftiga bog‘liq.
Vengriya va Polsha esa iste’mol uchun xarid qiladigan neftining yarmini Rossiyadan oladi. Qit’aning eng boy davlatlaridan bo‘lgan Germaniya neft importining uchdan bir qismini Rossiya hisobiga qoplaydi. Nemislar yil oxirigacha rus neftini sotib olishdan to‘liq voz kechmoqchi, ammo hozir cheklov kiritilishiga qarshi.
Bruegel hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiya neftiga embargo joriy qilsa, bozorda kuniga 5 million barrel neft va neft mahsulotlari kamayadi. Kunlik iste’mol hajmi esa 45 million barrelni tashkil etadi.
Boy davlatlar bu qiyinchilikni bartaraf eta oladimi?
Imkoni bor. Fransiya va AQSh tashkil etgan Hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlarning strategik zaxiralari 1,5 milliard barrelni tashkil etadi. Yana 3 milliard barrel xususiy omborlarda turibdi. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirish mumkin. Masalan, Saudiya kuniga 2 million barrelgacha, BAA va Iroq kuniga 1 million barrelgacha, agar sanksiyalar bekor qilinsa, Eron kuniga 1 million barrelgacha qazib olishni ko‘paytira oladi.
Xalqaro energetika agentligining hisoblashicha, neft va neft mahsulotlarini tejashning o‘zi orqali yaqin 4 oy ichida 2,7 million barrelni iqtisod qilish mumkin. Tashkilot bu borada 10 ta banddan iborat tavsiyalar ro‘yxatini ham e’lon qilgan. Masalan, yo‘llarda tezlikni cheklash, jamoat transportidan foydalanishni oshirish va uydan ishlashga ruxsat berish.
Yevropa Rossiya gazisiz yashay oladimi?
«Bozori ancha keng bo‘lgan neftdan farqli o‘laroq gaz bozori ancha cheklangan. Yangi yetkazib beruvchini tezda topish oson emas», deyiladi bir qator obro‘li iqtisodchilar imzolagan ochiq xatda. Neft logistikasi bir qadar oson, chunki uni tankerlarda tashishadi. Gazni esa trubalar orqali yetkazib berish kerak.
Suyultirilgan gazni tankerlarda tashish yaqinda yo‘lga qo‘yildi va bu bozor unchalik katta emas. Rossiyadan kelayotgan trubadagi gazni suyultirilgan gaz bilan almashtirish uchun butun dunyo bir yilda iste’mol qiladigan suyultirilgan gazning uchdan bir qismini qaytadan taqsimlash kerak bo‘ladi.
Yana bir murakkablik shundaki, neft kabi gazning yirik strategik zaxiralari yo‘q. Qazib olish hajmini oshirish uchun imkoniyat ham yo‘q hisob.
Yevropa ittifoqi davlatlari o‘tgan yili Rossiyadan 155 milliard kubometr gaz sotib olgan. Ittifoq davlatlari shu yil yakuniga qadar rus gazining uchdan ikki qismini boshqa joydan sotib olib to‘ldirmoqchi. Yevropa ittifoqidagi optimistik rejalarga ko‘ra, bu yo‘qotishlarning 40 foizi Rossiyadan boshqa davlatdan gaz sotib olish orqali, 13 foizini qayta tiklanuvchi energiya orqali qoplashmoqchi. Qolgan qismi esa energiyani iqtisod qilish orqali qoplanishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun ittifoq davlatlari isitish tizimi quvvatini 1 gradusga tushirsa, energiya 10 foiz iqtisod bo‘ladi.
Urush boshlangandan buyon Yevropa ittifoqi Rossiyadan gaz sotib olishni kamaytirmadi, aksincha ko‘paytirdi. Birinchidan, Rossiya urushgacha bo‘lgani kabi gazga turli cheklovlar qo‘yishni bas qildi, ikkinchidan, ittifoq davlatlari bo‘shab qolgan zaxiralarini noyabrgacha hech bo‘lmasa 80 foizga to‘ldirib olmoqchi.
Qolgan yetkazib beruvchilar esa Rossiya beradigan gazning o‘rnini to‘ldira olmaydi. Ittifoq Norvegiya, Ozarboyjon, Liviya va Jazoir mamlakatlari uzilgan rus gazining 6 foizini to‘ldirib berishiga umid qilmoqda. Gazning o‘rnini bosa oladigan boshqa energiya manbalari ko‘p vaqt va milliardlab dollar pul talab qiladi. Shamol elektrostansiyalari qurishga kamiga 3 yil, AESlar qurishga 10 yillab vaqt ketadi.
Shu sababli rus gazidan voz kechish yirik ishlab chiqaruvchi davlatlar, xususan, Germaniyani xavotirga solmoqda. Rus gazidan uzilish Germaniya iqtisodiyotiga 180 milliard yevroga tushishi mumkin. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining 5 foizi degani.
Embargoning qanday ko‘rinishlari mavjud?
Yevropa ittifoqi avvaliga faqat Rossiya neftiga embargo kiritmoqchi edi, ammo keyinchalik ishlab chiqilgan yakuniy «aqlli sanksiyalar» universal ko‘rinish olib, gazga ham ta’sir qilishi mumkin.
Sanksiyalar bosqichma-bosqich kiritilishi mumkin. Masalan, markaziy Yevropa davlatlari neft oladigan «Do‘stlik» trubali o‘tkazgichiga nisbatan sanksiyalar dengiz o‘tkazmalaridan keyin kiritilishi mumkin. Shuningdek, asosan Rossiyadan keladigan dizel yonilg‘isi uchun ham cheklovlar keyinroq kiritilishi mumkin.
Rossiya neftidan tezda, ammo qisqa muddatga voz kechishdek tavakkalli chora ham bor. Bunday chora orqali Rossiya katta miqdordagi neft xaridoridan ayrilishga tayyor bo‘lmagan holda quduqlardan «qora oltin» qazib olishni kamaytirishga moslasha olmay qolishi mumkin. Chunki neft bir muddat qazib olinmasa, quduqlardagi neft pastga qaytib ketadi. Bunday radikal chora Rossiya neft qazib olish sektoriga ta’sir qiladi.
Yana bir chora sifatida Rossiya energotashuvchilariga import boji qo‘llanishi qaralmoqda. Conseil d'Analyse Economique boj 40 foiz qilib belgilansa, import 80 foizga kamayishini taxmin qilmoqda. Bunday holatda Rossiyaning zararlari katta bo‘ladi, uning neftiga bog‘liq bo‘lgan davlatlarning zarari to‘liq embargo holatidagiga qaraganda 3-4 baravar kam bo‘ladi. Fransiya tadqiqot markaziga ko‘ra, bojlarni bir hisob raqamga to‘plab, ularni keyinchalik Rossiyaga Ukrainani tiklashga ajratish sharti bilan qaytarish ham mumkin.
Rossiya neftiga bog‘liqlikning oldini olishga qaratilgan keyingi ikki chora moliyaviy sanksiyalar hisoblanadi.
Birinchidan, banklarga nisbatan choralar. Rossiya neft va gaz uchun to‘lovlarni sanksiyaga tushmagan «Gazprombank» orqali olmoqda. U hozir amalda Rossiya Markaziy banki vazifasini bajaryapti.
«Rossiyaga energoresurslarini eksport qilishga imkon berishar ekan, u kerakli pullarni olaveradi. Bu qaysi bankda bo‘lishidan qat’i nazar uni Putin nazorat qiladi. Markaziy bank bo‘ladimi yoki «Gazprombank»mi Putinga farqi yo‘q, asosiysi joriy xarajatlar va Ukrainadagi urush uchun pul tushib tursa bo‘ldi», deydi fransiyalik iqtisodchi Robin Burks.
Neft cheklovi doirasida uning savdosidan tushayotgan pul Rossiyaga yetib boradigan har qanday bankka qarshi sanksiya qo‘llanishi mumkin.
Moliyaviy cheklovlarning ikkinchisi sifatida Rossiya nefti ortilgan tankerlarni sug‘urtalashni taqiqlash qaralmoqda. Rossiya floti katta emas va o‘z neftini tashiy olmaydi. Rossiya neftini asosan Gretsiya tankerlari tashib beradi.
Rossiya qanday jabr ko‘radi?
Neft va gaz eksporti Rossiyaga sanksiyalar sharoitida oyoqda turishga imkon beradi. Mamlakat asosiy valuta rezervlarining yarmi muzlatilgan bo‘lsa-da, Rossiya har kuni gaz va neft sotib o‘ziga qarshi kurashayotgan G‘arbdan kamiga 1 milliard dollar «issiq pul» olmoqda.
Bu yil Rossiya ushbu mahsulotlar eksportidan 320 milliard dollar pul ishlashi mumkin. O‘tgan yili rekord darajaga chiqqan bu ko‘rsatkich 120 milliard dollarga teng bo‘lgan. Chunki bu yil gaz narxi rekord darajada qimmatlab ketdi. Faqatgina gazdan kelayotgan pulning bu qadar katta bo‘lishi Rossiyaga moliyaviy muammolarini yopishga imkon beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yevropa Rossiya gazi va neftiga embargo qo‘ymasa, G‘arb sanksiyalari ta’siri sezilarli bo‘lmay qolaveradi.
Rossiya cheklov kiritilgan taqdirda gaz va neftini boshqa davlatlarga, masalan, Xitoyga yo‘naltira oladimi?
Gazni – yo‘q. Chunki gaz Yevropaga G‘arbiy Sibirdan boradi. U yerdagi konlar Xitoy bilan bog‘lanmagan. Shu tufayli «Sibir kuchi-2» gaz o‘tkazgichi loyihasi ishlab chiqilgan. Ammo uni qurish uchun ko‘p vaqt va pul ketadi. Xitoyga gaz Sharqiy Sibirdan yetkaziladi.
Neftni – ha, ammo bu ham oson bo‘lmaydi, chunki Yevropaga ketayotgan neftni dengiz orqali Xitoyga yo‘naltirish uchun juda ko‘p tankerlar kerak bo‘ladi. Yevropaga ketayotgan neftni Xitoyga yo‘naltirish oson emasligining yana bir sababi shuki, buning uchun o‘n baravar ko‘p yo‘l bosib o‘tish kerak. Yevropaga ketayotgan Rossiya neftini Xitoyga yo‘naltirish uchun 200 ta yirik sig‘imli tankerlarni, ya’ni dunyo flotining to‘rtdan bir qismi bo‘lgan bunday ulkan kemalarni u yoqdan bu yoqqa tinimsiz sudrash kerak bo‘ladi. Buning ustiga vaqtning yarmi behuda sarflanadi.
Rossiya allaqachon o‘z energoresurslariga talab tushib ketishi kabi muammo bilan yuzlashib bo‘lgan. Rossiyadan chiqadigan Urals neftiga barreli uchun 30 dollargacha chegirma taklif qilinmoqda. Taqqoslash uchun, Brent uchun urushgacha 2-3 dollar atrofida chegirma taklif qilinayotgandi. Talab pasaygani sari Rossiya neft qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘ladi. IEA hisoblashicha, talab kamayib borayotgani sabab Rossiya embargosiz ham neft qazib olishni to‘rtdan bir hajmga qisqartirishga majbur bo‘ladi. Neft va neft mahsulotlari eksporti 30 foizga qisqarishi mumkin.
Embargo esa Rossiya iqtisodiyotiga yanada jiddiy zarba beradi. Bu yil mamlakat iqtisodi shundoq ham 10 foizga tushishi kutilmoqda. Agar neft va gaz embargosi qo‘llansa. Bu holda Rossiya Putin boshqaruvi davridan buyon eng chuqur iqtisodiy inqiroz holatiga tushib qoladi.
Mavzuga oid
12:03 / 31.10.2024
AQSh O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikki kompaniyaga qarshi sanksiya kiritdi
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024