O‘zbekiston | 10:37 / 02.05.2022
20790
1 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondan kelgan poyezdda yashirib qo‘yilgan opiy partiyasi topildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan poyezd vagonida narkotik topildi. Bu haqda DXX xabarida aytilgan.

Toshkent viloyati Bekobod tumani “Bekobod-temiryo‘l” xalqaro o‘tkazish punktiga “Xo‘jand-Arys” yo‘nalishida Tojikistondan kirib kelgan yuk poyezdi hamda uning tarkibida bo‘lgan vagonlar belgilangan tartibda DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida xizmat itlari yordamida ko‘zdan kechirilgan.

Jarayonda, qurilish mollarini tashishga mo‘ljallangan vagonlardan birining juft g‘ildiraklarini ulab turuvchi tayanch asosining g‘ovagida qora rangli polietilen paket borligi aniqlangan

Paket xolislar va mutaxassislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, uning ichidagi ikki o‘ramda 1 kilogramm 949 gramm opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid