Jamiyat | 11:15 / 08.05.2022
45680
11 daqiqa o‘qiladi

Hayotiy hikoya: O‘gay o‘g‘ilning fojiali qismati

Nuriddin..., bu nomni eshitsam doim ko‘z o‘ngimda yosh va navqiron holida hayot nimaligini anglab, anglamay vafot etib ketgan bir bola va uning zolim otasi keladi.

Foto: KUN.UZ

Hayotda otasidan yoki onasidan erta ayrilgan insonlar juda ko‘p. Ularning hayoti doim ham silliq kechavermaydi. Ayrimlari yetim qolgach, yaxshi insonlarning qo‘llovi bilan qiynalmay ulg‘ayishadi. Ayrimlari esa kimlardir tomonidan o‘gay deb kamsitilishi ortidan juda qiynalib katta bo‘lishadi. Hatto, hayotdan erta ko‘z yumib ketishadi. O‘gay ota bergan azoblar tufayli vafot etgan Nuriddin haqidagi hikoyani menga tasodifan tanishgan bir yigit aytib bergan edi.

«Nuriddin mendan ikki yosh kichik, bizdan ikki sinf pastda o‘qirdi. Uni «o‘qirdi» deyishim ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, Nuriddin maktabga umuman bormasdi, to‘g‘rirog‘i, otasi qo‘ymasdi. Balki qachonlardir u ham birinchi sinfga borgan, alifbe bayramida harflardan birini boshi uzra ko‘tarib, ikki qator she’r ham aytib bergandir. Ammo keyinchalik men uni maktabda biron marta ko‘rmaganman.

Nuriddin doim qo‘lida cho‘pon kaltagi, egnida jandasi chiqib ketgan kir kiyimlari, belidagi belbog‘ida yarimta suvi qochgan non bilan yil davomida faqat qo‘y boqib yurardi. Qishning sovug‘ida ham uning oyog‘ida issiq oyoq kiyimi bo‘lmas, doim yirtiq kalishda yurardi.

Nuriddinning oilasi bizdan to‘rt uy narida yashar, ba’zida ertalab maktabga ketayotganimda uni qo‘ylarini dalaga haydab chiqayotganida yoki kechki payt uyga qaytayotganda ko‘rib qolardim. O‘shanda yirtiq kalishidan sovuqda qizarib ketgan oyoqlari ko‘rinib turardi.

Nuriddin uvadasi chiqib ketgan kiyimlar va yirtiq kalishda ertalabdan kechgacha dalada qo‘y boqib yursa ham, uning ukalari boshqalarning bolalariga o‘xshab yaxshi kiyinib yurardi, maktabga ham borardi. O‘shanda Nuriddinning ota-onasi nega hamma bolalariga birday munosabatda bo‘lmasligiga va Nuriddinga azob berishlariga aqlim yetmasdi.

Esimda, Nuriddin och va yupun holida kuni bilan sovuqda qo‘y boqib qiynalgani yetmaganday, kechki payt uyga qaytganda otasi uni qo‘ylarni yaxshilab boqmaganlikda ayblab ayovsiz kaltaklardi. Ana shunday paytlarda u otasining qo‘lidan qutilish uchun ko‘chaga qochardi. So‘ng soatlab ko‘chada o‘tirar, otasining uxlaganiga ishonch hosil qilgach, uyga kirishga botina olmay, og‘ilxonada pichanlar orasida yotardi. Ba’zida otasi rahm qilib urmagan kunlari uyda uxlardi.

Qishni qish demay, yozni yoz demay och-yupun yuraverish oxiri o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Nuriddin dardga chalindi. Uning hammayog‘i shamollab ketgandi. Ammo o‘shanda ham otasi uni davolatish o‘rniga to yotib qolguncha qo‘y boqishga majbur qilaverdi.

Nuriddin yotib qolganidan keyin zolim ota uni ko‘rsatish uchun mahalla shifokorini chaqirib keldi. U Nuriddinning ahvolini ko‘rib, tezda kasalxonaga olib borish lozimligini, aks holda boladan ajrab qolishlari mumkinligini aytdi.

Onasining qistovi bilan otasi Nuriddinni kasalxonaga olib bordi. Ammo shifokorlarning tashxisi yomon edi. Ular Nuriddinni obdon tekshirgach, uning ikkita buyragi ishdan chiqqani, ichki a’zolarigacha shamollab ketgani ma’lum bo‘ldi. Shifokorlar Nuriddinni davolashga kech bo‘lganini aytib, uni uyga qaytarib yuborishdi.

O‘shanda Nuriddinning og‘ir kasalligi va shifokorlar uni «bo‘lmaydi» deb uyga qaytarishgani haqidagi gap mahallaga yashin tezligida tarqaldi. Shundan so‘ng aksariyat mahalladoshlar uni ko‘rgani va otasidan hol so‘ragani borishdi.

Ikki-uch kun alahsirab yotgan Nuriddin jon berdi. Uning janozasiga tumonat odam keldi. Janozadan keyin Nuriddinning otasi uning ma’rakalarini kam-ko‘ssiz o‘tkazdi. «Xudoyi», «Yetti», «Yigirma», «Qirq»ning har birida Nuriddin boqib yurgan qo‘ylardan so‘yilib, oshlar damlandi. Mahalla ahli, katta-kichik o‘sha ma’rakalarda qatnashib oshga to‘yishdi va ehson sohibi haqqiga duo qilishdi.

O‘shanda, mahalla ahlining nega Nuriddin qiynalib yurganida uning otasiga nasihat qilmaganiga, yosh bir jonning azoblanib yurganiga befarq bo‘lganiga, janozadan keyin hamma birdaniga o‘sha xonadonga qatnab qolganiga tushunmasdim.

Nahotki odamlar Nuriddin yashagan xonadonga borish, uning holidan xabar olish uchun og‘ir kasal bo‘lishini, keyin esa o‘ziga omonat qilib berilgan jonni Egasiga topshirib, chin dunyoga ketishini kutib o‘tirgan bo‘lsa?

Nega odamlar insonlarni sog‘ligida, tirikligida xabar olmay, bemor bo‘lganda yo‘qlashadi yoki vafot etganda janozasiga yugurishadi? O‘zlarini mehribon qilib ko‘rsatishadi? Nega tiriklarni qadrlamay, o‘liklarni izzat qilishadi?

Nima emish, janozada qatnashish savob emish. Qo‘shnini, qarindosh-urug‘ni shundoq yo‘qlab qo‘yish savob emasmi? Bemorni ko‘rgani borish-chi? Eng avval Nuriddinni zolim otaning qo‘lidan qutqarish savob emasmidi!? Nega odamlar savobni ham o‘z tarozilarida o‘lchashadi?

Axir bechora bolaning och, yupun holda sovuqda bir uyum qo‘yning ortidan azobda yurganini hamma ko‘rgandi, bilardi! Nahotki, ko‘pchilik bo‘lib Nuriddinning otasiga nasihat qilish, uni azoblardan qutqarish qiyin edi?

Nuriddinning holidan xabar olishga kelolmagan oyoqlar u o‘lganida janozasini o‘qishga, keyin esa ma’rakalarida osh yeyishga kelar ekan-ku!

O‘sha paytda bu savollarni o‘zimga ko‘p berganman, ammo ularga javob topolmasdim. Meni o‘lchovim bo‘yicha insonlar bu daraja bo‘lmasligi kerak edi. Nuriddinning yosh o‘lib ketganiga katta-kichik hamma achindi. Ammo oradan yillar o‘tib uni barcha unutdi. Faqat men unutmadim, unuta olmadim.

O‘sha paytda yosh edim, otasi nega boshqa bolalarini erkalatib, Nuriddinga qattiq zulm qilganini sababini bilmasdim. Nuriddining vafotidan keyin uning otasi ko‘zimga yomon ko‘rinib qoldi. Unga ro‘para kelsam yuzimni ters o‘giradigan bo‘ldim. Uzoqdan ko‘rsam, basharasiga ko‘zim tushmasin deb teskari tomonga burilib ketardim.

Oradan yana yillar o‘tdi, ulg‘aydik. Nuriddinning ukalari ham yigit yoshiga yetishdi. Nuriddindan keyingi o‘g‘il hech narsadan qaytmaydigan nobop chiqdi. Hali qarzga botadi, otasi nimasinidir sotib qarzni to‘laydi, hali yana nimadir ish chiqaradi. Qisqasi tinch yurmadi. Otasiga ham ko‘p azob berdi.

Keyinchalik, men uchun uzoq yillar jumboq bo‘lib kelgan ish, nega o‘shanda otasi Nuriddinga bunchalar azob bergani haqidagi haqiqatni eshitib quloqlarimga ishonmadim. Insonning bunchalik vahshiy bo‘lishi mumkinligiga aqlim bovar qilmadi.

Nuriddin o‘ziga zulm o‘tkazgan va bevaqt o‘lib ketishiga sababchi bo‘lgan otaga o‘gay o‘g‘il bo‘lgan ekan. Men hanuzgacha yomon ko‘radigan bu odam Nuriddinga faqat o‘gay bo‘lgani uchun shuncha azob bergan bo‘lib chiqdi.

Bu odam birinchi xotini vafot etgach yana uylangan va Nuriddin uning xonadoniga yosh bola paytida onasining orqasidan ergashib kelgan ekan.

O‘shanda u negadir Nuriddinni o‘z xonadoniga kelishini umuman xohlamagan va ayolga o‘g‘lini olib kelmaslik shartini qo‘ygan ekan.

Anglashimcha, birinchi turmushidan ancha yil farzand ko‘rmagan bu odam, o‘shanda mahalladoshlarning «o‘zi farzand ko‘ra olmay birovning bolasiga otalik qilib yuribdi» degan ta’nalarini eshitmaslik uchun ham Nuriddinni o‘z oilasida ko‘rishni xohlamagan.

Keyinchalik eshitishimcha, u endi uylangan paytlarida Nuriddinning onasiga «Itvachchangni o‘sha yoqlarda yo‘qotib kel. Agar olib kelsang, baribir mening kaltaklarim ostida o‘lib ketadi» deb aytgan ekan. Onasi Nuriddinni olib qolishlarini so‘rab bir necha qarindoshlaridan iltimos qilgan, ammo uni hech kim olib qolmagan. Shundan so‘ng ona Nuriddinni o‘zi bilan birga olib kelishga majbur bo‘lgan ekan.

Nuriddinga o‘gay ota shunchalik zulm o‘tkazgan ekan, onasi nega bunga yo‘l qo‘yib bergani meni hayron qoldirdi. Nahotki u o‘z bolasini kasallanib o‘lib ketishini bilib ham indamay yuravergan?!

Ayol eri vafot etib Nuriddin bilan yolg‘iz qolganidan keyin bu odamga turmushga chiqqach yana uch nafar farzand ko‘rgan edi. Taxminimcha, u erining Nuriddinga qilayotgan zulmiga qarshi chiqsa eri jahl ustida to‘rt bolasi bilan haydab yuborishidan qo‘rqqan.

Shu sababli ham  u hammasiga chidab yashagan. Qolaversa, eri Nuriddinga azob berganda ayol unga inday olmas, mabodo nimadir desa o‘zi ham o‘g‘liga qo‘shilib eridan kaltak yerdi.

Ana shu sabablar bir bo‘lib, boshqa bolalarini o‘ylab, ayol Nuriddinning qiynalib o‘lib ketishini indamay kuzatishdan boshqa chora topa olmagan.

Men bu gaplarni oradan ancha yil o‘tgach eshitdim va o‘sha insonga nisbatan nafratim battar kuchaydi. Nahotki inson shunchalik yovuz bo‘la olsa?! Norasida bolani «bu menga o‘gay» deb, unga zulm qilib o‘ldirib yuborishgacha yetsa?

Hatto hayvonlar ham aksariyat hollarda boshqa hayvonlarning bolasiga mehr ko‘rsatadi. Nahotki bu inson o‘sha hayvonlardan battar bo‘lsa? Ha, odamlar har xil bo‘lar ekan, hayvonlar ham.

Men goh-gohida Nuriddinni tushlarimda ko‘raman. U bir qo‘lida non, bittasida esa kaltak, bir suruv qo‘ylarining oldida menga qarab jilmayib turgan bo‘ladi».

Nuriddin haqidagi g‘amgin bu hikoyani eshitar ekanman, nima deyishga ham hayron edim. Ha, insonlar mehribon, insonlar yovuz!

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid