“Dehqon hosildorlikdan manfaatdor bo‘lsin” - prezident bug‘doyning xarid narxi oshgani haqida
Shavkat Mirziyoyev fermerlar yetishtirgan bug‘doyni don kombinatlari yarim narxiga sotib olgani, o‘rtadagi farq “pora va o‘zlashtirish shaklida kimlarningdir cho‘ntagiga kirgani”ni aytdi. “Dehqon hosildorlikdan manfaatdor bo‘lsin, yetishtirgan hosilini istagan joyiga sotsin, raqobat bo‘lsin. Raqobat bo‘lsa, hosildorlik oshishi uchun ishtiyoq oshadi, sohaga ilm, yangi navlar kirib keladi”, – dedi davlat rahbari.
Farg‘ona viloyatiga tashrifini amalga oshirayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
Davlat rahbari tarqatilayotgan yerlar, bug‘doy bahosiga to‘xtaldi.
“Bilasiz, 80 ming gektar yerni talabgorlarga tarqatib berdik. 80 ming gektar! Endi bu yerlarda tinmay ishlash kerak. Ko‘ryapsiz, jahon bozorida narx-navo kun sayin oshib ketyapti. Bu bizga ta’sir qilmay qolmaydi. Axir xalq har kuni yeyishi kerak-ku. Bug‘doy narxi bo‘yicha qabul qilgan qarorim bilan tanishdinglar.
Bozorda 4 mln so‘m bo‘lgan bug‘doyni kombinatlar yarim narxiga olgan, fermerlar shularga bog‘lanib qolgan. O‘rtadagi farq pora va o‘zlashtirish shaklida kimlarningdir cho‘ntagiga kirgan. Don kombinatlari rahbarlarini qancha jazolasak, qamasak ham foydasi yo‘q, chunki tizimni o‘zgartirish shart. G‘allaning xarid narxini ikki barobar oshirdik.
Dehqon hosildorlikdan manfaatdor bo‘lsin, yetishtirgan hosilini istagan joyiga sotsin, raqobat bo‘lsin. Raqobat bo‘lsa, hosildorlik oshishi uchun ishtiyoq oshadi, sohaga ilm, yangi navlar kirib keladi”, – dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilmoqda. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yilgi 1,5 mln so‘mdan bu yil 3 mln so‘mga oshiriladi. Shu narxda xarid qilingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi, agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.
Mavzuga oid
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024
JSST salomatlik uchun xavfli bo‘lgan 5 turdagi oziq-ovqatlar ro‘yxatini e’lon qildi
11:40 / 18.10.2024
O‘zbekistondan Malayziya bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi
14:11 / 11.10.2024