Rossiya mutlaq yetakchi: O‘zbekistonda korxona ochishga qaysi davlatlar qiziqish bildirmoqda?
2021 yil boshidan beri O‘zbekistonda yangi korxona ochish uchun pul tikayotgan davlatlar beshligi o‘zgarmagan. O‘tgan davrda Turkiya va Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli o‘sgan. Rossiya esa so‘nggi oylarda O‘zbekistondagi korxonalar sonini keskin oshirgan. Batafsil Kun.uz infografikasida.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari 2021 yilning yanvar va 2022 yilning may oylari oralig‘ida O‘zbekistonda korxona ochishga pul tikkan (xorij kapitali ishtirokidagi) korxonalar reytingi o‘zgarmaganini ko‘rsatadi. Kun.uz rasmiy raqamlarga tayanib xorijiy davlatlar kapitali asosidagi korxonalar o‘sishini tahlil qildi.
Bu ro‘yxatda Rossiya mutlaq yetakchi bo‘lsa, Xitoy va Turkiya uchlikka, Qozog‘iston va Koreya beshlikka kirgan.
Statistika Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar bilan qiziq raqamlarni namoyon qilmoqda: yil boshidan beri Rossiya mablag‘lari asosidagi korxonalar 80taga oshgan bo‘lsa, hali may tugashiga qaramay bir oyda ularning adadi yana shunchaga ko‘paygan. Ya’ni may oyida Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalarning ko‘payishi tezlashgan.
Bir yil ichida Turkiya (20,5 foiz) va Qozog‘iston (18,4 foiz) kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli o‘sgan. Janubiy Koreyaning esa O‘zbekistonda korxonalar ochishga mablag‘ tikishga qiziqishi susayganini ko‘rish mumkin. Bir yil ichida Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 0,7 foizga, ya’ni atigi 8taga ko‘paygan. Shunga qaramay, Janubiy Koreya reytingdagi beshinchi o‘rnini saqlab qolgan.
Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 2022 yil boshida sezilarli oshganiga qaramay, bir yil ichidagi o‘sish unchalik yuqori emas – 9,4 foiz.
Statistika nima sababdan ayrim davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni o‘sishi tezlashgani yoki sekinlashganiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan.
Mavzuga oid
16:15
Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi
13:31
O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma korxonalarni ko‘paytirishni muhokama qilyapti
13:16 / 16.11.2024
5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan korxona aniqlandi
15:42 / 14.11.2024