Jamiyat | 14:12 / 16.05.2022
19007
2 daqiqa o‘qiladi

Dars paytida 9-sinf o‘quvchisini do‘pposlagan surxondaryolik o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

O‘quvchini do‘pposlagan o‘qituvchi va maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishdan bo‘shatilgan. Direktorning ishda qolish-qolmasligi masalasi esa ko‘rib chiqilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchilardan birini do‘pposlab tepgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Unda yozilishicha, 2022 yil 22 aprel kuni Bandixon tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Sherzod Yusupov 9-sinf o‘quvchisi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelgani uchun uni urib, tepgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Bandixon tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Tekshiruv harakatlari Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning Kun.uz’ga xabar berishicha, darsga tayyor bo‘lmagan o‘quvchini do‘pposlab tepgan o‘qituvchi Sherzod Yusupov hamda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Soat Ortiqov bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Maktab direktorini ham lavozimidan ozod qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq, hodisa yuzasidan munosabat bildirgan Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati vazirlik o‘qituvchilarning o‘quvchilarga nisbatan kuch ishlatishini qattiq qoralashini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid