O‘zbekiston | 16:51 / 21.05.2022
19863
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda kuchli chang bo‘roni kuzatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanida kuchli chang bo‘roni aks etgan videolar tarqaldi. 

Foto: Videodan kadr

Kun.uz bilan suhbatda mahalliy aholi vakillari chang bo‘roni 21 may kuni soat 14:39 da boshlanganini ma’lum qildi. 

Bo‘ron Buxoro shahridan tashqari, viloyatning boshqa hududlarida ham kuzatilgan. 

"Chang daraxtlardagi olmalarni to‘kdi. Bo‘ronning kuchini shundan taxmin qilsa bo‘ladi", - deydi buxorolik Nozima Qoryog‘diyeva. 

Soat 16:20lar atrofida havodagi chang miqdori biroz kamaygan. 

O‘zgidromet 21 may kuni respublikaning ba’zi joylarida shamol 15-20 m/s gacha, shimolda va cho‘l hududlarida esa 23-28 v/c gacha kuchayishi mumkinligini, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishini ma’lum qilgan. 

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 27 aprelida Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanida kuzatilgan kuchli chang bo‘roni katta vayrongarchiliklarga sabab bo‘lgandi.

2021 yilning 4 noyabr kuni esa O‘zbekistonda kuchli shamollar tufayli mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisasi yuz berdi.  

Favqulodda vaziyatlar vazirligi  vaziyat yuzasidan bayonot berdi. 

"Bugun respublikamiz bo‘ylab gidrometrologik tabiat hodisasi bo‘lgan kuchli shamol esishi Navoiy viloyatining Navoiy shahar, Qiziltepa, Karmana va Navbahor tumanlarida, Buxoro viloyatining Buxoro shahri va G‘ijduvon, Peshko‘, Romitan tumanlarida, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida hamda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani hududlarida kuzatildi, ushbu tabiat hodisasi oqibatida talafotlar bo‘yicha hududiy FVBlariga va hamkorlikdagi xizmatlarga murojaatlar kelib tushmadi" deyiladi rasmiy xabarda. 

Shuningdek, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi oqibatlar bartaraf etilgan.

Mavzuga oid