O‘zbekiston | 07:50 / 25.05.2022
30648
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati XTB maktabda sodir bo‘lgan voqeaga izoh berdi

Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchidan gap eshitgan o‘quvchi derazadan chiqib ketgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatga izoh berdi.

Videodan kadr

Qayd etilishicha, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan mazkur xabar o‘rganilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur holat Qo‘shtepa tumanidagi 22-maktabda bo‘lib o‘tganligi aniqlangan.

Tarqatilgan ba’zi xabarda o‘quvchi qiz maktabning ikkinchi qavatidan o‘zini tashladi, deyilgan. Ma’lum bo‘lishicha, holat joriy yilning 23 may kuni ushbu maktabning birinchi qavatida joylashgan kimyo fani sinfxonasida bo‘lgan.

Maktabning 8-sinf o‘quvchisi A.A. dars paytida kalitni uyiga tashab kelish uchun ruxsat so‘ragan. O‘qituvchi dars tugashiga 5 daqiqa qolganini bildirgan. Biroq o‘quvchi muallima gapiga quloq solmasdan derazadan sakrab, qochib ketgan.

Shundan so‘ng, o‘qituvchi uni qayta sinfxonaga olib kirib tanbeh bergan, biroq o‘quvchi qiz yana derazadan qochib ketgan. Shu holat A.A.ning sinfdoshi tomonidan telefonda tasvirga olinib tarqatilgan.

“O‘quvchi A.A. sog‘-salomat, hech qanday tan jarohati olmaganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi izohda. 

Bildirilishicha, holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid