Nurmat Otabekov O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilmaganini aytdi
30dan ortiq davlatda qayd etilgan maymun chechagi kasalligi O‘zbekistonda hozirga qadar qayd etilmadi, biroq buni ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi, dedi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov.
“Maymun chechagi aniqlangan davlatlarda bo‘lmaslik, bo‘lsa ham boshqa insonlar bilan muloqot qilmaslik va maymunlar bor joylarga bormaslik orqali bu kasallikdan saqlanish mumkin. Bu kasallikning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoldan xoli emas”, dedi Otabekov 3 iyun kuni AOKAdagi matbuot anjumanida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, maymun chechagi virusi mutatsiya bo‘lish ehtimoli juda kam. Virus qanday bo‘lsa, shunday xususiyat va shaklda qoladi.
“Kasallikning manbayi bilan ro‘baro‘ kelmagan insonlarning kasallikka chalingani bo‘yicha shubha qilish kerak emas. Yoshi katta insonlarning maymun chechagi bilan og‘rish ehtimoli past”, dedi epidemiolog.
Nurmat Otabekovga ko‘ra, maymun chechagiga qarshi vaksina mavjud emas, faqat chin chechakka qarshi vaksina bilan maymun chechagiga qarshi 85 foiz himoyalanish mumkin.
“Virusning O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun chegaralarda sanitariya-karantin punktlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda davlat chegaralarining kesishish joylarida 54 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi xalqaro aeroportlarida, 6 tasi temiryo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan.
Maymun chechagi yuqqanini gumon qilgan yoki aniqlangan vaqtda fuqaroning birinchi navbatda qiladigan ishi bu – hududiy ambulatoriya klinika muassasalariga axborot berishi kerak. Maymun chechagi 98 foizgacha yengil kechadi. Bu kasallikni statsionar davolashga ehtiyoj yo‘q.
Bizda dori-darmon bazasi yetarli. Dunyo miqyosida chin chechakka qarshi 200 mln dozadan ortiq vaksina mavjud. Agar shu vaksinalardan foydalanishga ehtiyoj sezilsa, undan foydalanish boshlanadi”, dedi SanEpid xizmati boshlig‘i o‘rinbosari.
Nurmat Otabekov, shuningdek, xavf guruhlari haqida ham ma’lumot berdi.
“Barcha yoshdagi aholi qatlami xavf osti guruhlariga mansub bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi holatda maymun chechagi va Afrika mamlakatlariga xos kasallik, aksariyat hollarda aynan mana shu yerda tarqalib, o‘sha yerning o‘zida jilovlanadigan kasallik, qolaversa, bir-ikkita shaxslar orqali boshqa mamlakatlarga olib borilishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan aytadigan bo‘lsak, bemor odamlar, shuningdek, shu kasallik bilan og‘rigan hayvonlar bilan muloqotda bo‘lgan va chin chechakka qarshi emlanmagan aholi qatlami xavf osti guruhlariga mansub bo‘lishi mumkin.
Agarda maymun chechagi O‘zbekistonga kirib keladigan bo‘lsa, birinchidan, bu kasallikning mamlakat bo‘ylab keng tarqalishiga hech qanday asos ko‘rmayapmiz. Kasallik kirgan vaqtda uni yuqtirib olgan odamlarni tezda aniqlab olish, bu fuqaro bilan muloqotda bo‘lganlarni kuzatuv ostiga olish va ularni sog‘lom aholi qatlamidan ajratish orqali bu kasallikni jilovlash mumkin”, dedi mutaxassis.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 31 may holatiga dunyoning 30 dan ortiq davlatida jami 550 nafar fuqaroda maymun chechagi qayd etilgan. AQSh, Kanada, Avstraliya, Ispaniya, Portugaliya, Buyuk Britaniya shular jumlasidan.
Mavzuga oid
00:26 / 27.10.2024
JSST mpox bilan kasallanish 22 oy ichida rekord darajaga chiqqanini ma’lum qildi
23:21 / 05.10.2024
Kongoda Mpox oqibatida vafot etganlar soni 1000 kishiga yaqinlashdi
18:52 / 19.09.2024
Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmadi - SSV
21:15 / 13.09.2024