O‘zbekiston | 16:16 / 04.06.2022
35307
2 daqiqa o‘qiladi

Bayraktar dronlari muallifi oilasi bilan O‘zbekistonga keldi

Uchuvchisiz uchuvchi jangovar apparatlar ishlab chiqaruvchisi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning kuyovi Saljuq Bayraktar rafiqasi Sumayya Erdo‘g‘an va farzandi bilan Buxoroda bo‘lib turibdi.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Ijtimoiy tarmoqlarda oilaning Yoshlar agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev bilan tushgan surati tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Turistik tashrif bilan Buxoroga kelgan Saljuq Bayraktar, Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 3-4 iyun kunlari Buxoro shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumida qatnashgan.

Mudofaa sanoati tadbirkori forum doirasida yoshlarga tadbirkorlik va media yo‘nalishida mahorat darslari o‘tgan.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

U bugun, 4 iyun kuni Minorai Kalonda o‘tadigan o‘zbekistonlik lider yoshlar bilan uchrashuvda qatnashishi, tadbirkorlik ko‘nikmalari mavzusida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonga safari davomida Samarqand va Toshkentga ham borishi reja qilingan.

Ma’lumot uchun, Saljuq Bayroqdor 2016 yil may oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning kenja qizi Sumayya Erdo‘g‘anga uylangan.

Uning Bayraktar nomli dronlari Turkiya xavfsizlik kuchlari tomonidan terrorizmga qarshi operatsiyalarda, Suriya fuqarolar urushida, Ikkinchi Liviya fuqarolar urushida, Ikkinchi Tog‘li Qorabog‘ hamda Ukrainadagi mojarolarda ishlatilib, katta nom qozondi.

Mavzuga oid