O‘zbekiston | 08:36 / 10.06.2022
12788
4 daqiqa o‘qiladi

Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti tashkil etildi

Prezident “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Namangan viloyati hokimligining Namangan shahrida Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Belgilanishicha, institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Quyidagilar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

xalqaro baholash dasturlaridan (PISA, TALIS, PIRLS) foydalangan holda o‘qitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

o‘z ta’lim dasturlarini xalqaro tan olingan tashkilotlar oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining dasturlari asosida shakllantirish;

chet tillarini o‘qitishning interfaol vositalarini ishlab chiqish va joriy etish hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida chet tillarini o‘rganishni ommaviylashtirishga ko‘maklashish;

ta’limni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, talabalarda sinxron, badiiy, ketma-ket hamda ilmiy-texnik tarjima ko‘nikmalarini shakllantirish;

chet tillar bo‘yicha mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish, axborot-resurs markazlarni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash hamda ularni muntazam yangilab borish;

institut ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;

ta’lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish.

Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab institut bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi, chet tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida kasbiy (ijodiy) imtihonsiz maksimal ball beriladi.

Institutda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Institutning xorijiy tilda mutaxassislik fanlaridan dars beradigan S1 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab boriladi.

Mavzuga oid