Jahon | 16:59 / 11.06.2022
8353
4 daqiqa o‘qiladi

Boliviya sobiq prezidenti 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi 

Janin Anes 2019 yilda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblandi, uning o‘zi bu ishni siyosiy ta’qib deb atagan.

Foto: AFP

La-Pas sudi Boliviyaning sobiq muvaqqat prezidenti Janin Anesni 2019 yildagi davlat to‘ntarishida ayblab, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi Dpa 11 iyun, shanba kuni. 

Sud Anesni 2019 yil noyabrida sobiq davlat rahbari Evo Moralesga qarshi norozilik namoyishlari ortidan muvaqqat prezident lavozimini egallagan davridagi «konstitutsiyaga zid qarorlar» va «xizmat vazifalarini suiiste’mol qilganlikda» aybdor deb topdi, deb yozadi Dpa. 

«Hatto sudda qatnashish huquqimdan ham mahrum bo‘ldim, agar shunday deyish mumkin bo‘lsa. Ular menga hamma narsani taqiqlashdi va boshqalardan ham yomonroq munosabatda bo‘lishdi, lekin men qo‘rqoq shaxs qochib ketganidan keyin o‘zimga konstitutsiyaviy prezident vazifasini yukladim, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaman», - dedi Anes sud jarayoni haqida. 

2019 yil oktyabr oyida Boliviyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng mamlakat oliy saylov sudi 2006 yildan buyon ushbu lavozimni egallab kelgan amaldagi davlat rahbari Evo Moralesning birinchi bosqichda g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Shu bilan birga, ovoz berishning dastlabki natijalari ikkinchi tur o‘tkazilishi mumkinligini ko‘rsatdi. 

Natijada mamlakatda saylov natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Harbiylar va politsiya namoyishchilarga qo‘shilgach, Morales 10 noyabr kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi va mamlakatni tark etdi. Moralesdan so‘ng vitse-prezidentlar va parlamentning har ikki palatasi spikerlari o‘z lavozimlarini tark etishdi. 

O‘sha paytda senatorlar palatasi raisining ikkinchi o‘rinbosari bo‘lgan Janin Anes prezidentlik uchun navbatda ekanligini aytib, o‘zini o‘tish davri uchun davlat rahbari deb e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, u faqat yangi saylovlarni tashkil etish uchun lavozimga kirishgan. 

Yangi prezidentlik saylovlari 2020 yil 18 oktyabrda bo‘lib o‘tdi. Unda Moralesning safdoshi, «Sotsializm uchun harakat» partiyasi vakili Luis Arse g‘alaba qozondi. 

Besh oy o‘tgach, 2021 yil mart oyida Anes va uning ma’muriyati bir necha yuqori martabali a’zolari davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib hibsga olindi. Anes o‘shanda ishni siyosiy ta’qib deb atab, hozirgi Boliviya hukumatini diktaturaga qaytishda aybladi. Amnesty International Anes va uning tarafdorlariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini «Boliviyada inson huquqlari buzilishi uchun jazosiz qolish pandemiyasi»ning davomi deb atadi. 

Shu bilan birga, huquq himoyasi tashkiloti Anesning Moralesga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarida qatnashgan xavfsizlik kuchlarini amnistiya qilish haqidagi farmonini qoraladi va hukumatni o‘sha davrdagi inson huquqlari buzilishini tekshirishga chaqirdi. Amnesty’ ko‘ra, o‘shanda 35 kishi halok bo‘lgan, 833 kishi jarohatlangan. 

Mavzuga oid