Fazoviy poyga: Xitoy nega koinotda faollashmoqda?
Dunyoning eng rivojlangan davlatlari borki, koinotga intiladi. 60-yillarda boshlangan kosmik poyga o‘tgan 2-3 yilda tezlashdi. Endilikda Xitoy bu musobaqada AQSh va Rossiyadan keyingi kuchli ishtirokchiga aylangan.
60-yillardan insoniyatning fazoni egallash harakati boshlandi. 1957 yilda sovet olimlari ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirdi, 1961 yilda Yuriy Gagarin koinotga qadam qo‘ydi.
Shundan keyin AQSh va sobiq ittifoq Oyda birinchi bo‘lish poygasini boshladi. 1969 yilga kelib amerikalik Nil Armstrong Oyga qo‘ngan ilk odamga aylandi.
Koinotga kim qancha tikkan?
1969 yildan 1972 yilgacha 12 nafar amerikalik astronavt Oy yuzasiga qo‘ndi, shundan keyin bu missiyalar to‘xtab qoldi, sabab sifatida xarajatlar astronomik raqamlarga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatilgan.
AQShda oxirgi yillarda Oyga qaytish rejasi yana jonlanishni boshladi. Bu safargi qaytish kim kuchliligini isbotlash bilan birga, Oyda tadqiqot o‘tkazish, hayot izlarini topish maqsadlarini ko‘zlaydi.
NASA yangi parvozni 2025 yildan oldinroq amalga oshirmoqchi. Buning uchun Kennedy Space Center'da yangi yirik SLS raketasi uchirishi rejalashtirilgan. AQShdan tashqari Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston va BAA ham o‘zlarining Oy missiyalari ustida ishlamoqda.
Ayni paytda, NASA bilan Oy missiyalarida ishlayotgan Yevropa kosmik agentligi fazogirlarning Yer bilan aloqasini osonlashtirish uchun Oy sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘i qurishga harakat boshlagan.
Yerda hayot sifati tobora yomonlashayotgani uchun boy davlatlar kosmos tadqiqotlarini amalga oshirishadi, yashash mumkin bo‘lgan sayyoralarni izlashadi. Ammo kosmik izlanishlar yirik xarajatlarni talab qiladi. Masalan, fazoviy tadqiqotlarga 2021 yilda eng ko‘p AQSh – 55 milliard dollar, Xitoy – 10,3 milliard dollar, Yaponiya – 4,2 milliard dollar, Fransiya – 4 milliard dollar, Rossiya – 3,6 milliard, Yevropa ittifoqi – 2,6 milliard dollar, Germaniya – 2,4 milliird dollar sarflagan.
Milliarderlarning fazoviy poygasi
Odatda kosmik izlanishlar uchun hukumatlar pul ajratadi. Endilikda esa cho‘ntagi uchish xarajatini ko‘taradigan istalgan milliarder koinotga yo‘l olmoqda. Bu milliarderlar ro‘yxatida hozircha Ilon Mask, Jyeff Bezos va Richard Brenson uchligi turibdi.
Ularning ichidan Yer orbitasiga chiqqan birinchi milliarder bo‘lish britaniyalik Richard Brensonga nasib qildi. U 2021 yilning iyul oyida o‘zining Virgin Galactics kompaniyasi kemasida fazoni zabt etdi. Dengiz sathidan 90 km balandlikka ko‘tarilgan.
Undan keyin Amazon asoschisi amerikalik Jyeff Bezos o‘zi asos solgan Blue Origin kompaniyasi raketasida kosmosni ko‘rib keldi. 10 daqiqadan sal ko‘proq davom etgan parvoz davomida raketa 4 kishilik ekipajga ega kapsulani dengiz sathidan 100 km masofaga – orbitaga olib chiqib, so‘ng ortiga qaytib qo‘ndi.
Brenson va Bezosdan qolishmagan holda Ilon Mask ham 2021 yilning 15 sentabrida SpaceX orqali birinchi to‘liq fuqarolik ekipajini Crew Dragon kosmik kemasida Yer orbitasiga olib chiqdi.
Bundan tashqari, SpaceX AQSh hukumatidan Oyga odam tashiydigan fazo kemalarini qurish vazifasini ham olgan. SpaceX kompaniyasi NASA o‘tkazgan tanlovda g‘olib bo‘lib, 2,89 mlrd dollarlik shartnomani qo‘lga kiritgan. Endi Ilon Mask Oyga birinchi ayol va navbatdagi erkakni yuboradi.
Xitoy kosmik stansiya qurmoqchi
Kosmik tadqiqotlarni boshlagan davlatlar orasida Xitoyning sa’y-harakatlari ham e’tiborga molik. Xitoy ham fazogirlarini koinotga yuborib, ham koinot stansiyasi qurayotgan dunyo tarixidagi 3-davlat hisoblanadi. O‘tgan yili Xitoy Tiangong deb nomlangan koinot stansiyasi uchun ilk modelini orbitaga joylashtirgandi.
2023 yilda xitoyliklar koinot stansiyasiga yaqin uchib, unga xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i quyish uchun tutashtiriladigan Xuntian koinot teleskopini olib chiqadi.
Tiangong stansiyasi 5 qismdan iborat bo‘ladi. Unda ekipaj yashaydigan joy, ikkita ilmiy laboratoriya, robot yuk kemasi, asosiy modul va asosiy yashash hududi ham kiradi. Tiangongdan maqsad – 2031 yilga borib, Xalqaro kosmik stansiyaga muqobil variantni yaratish.
Koinotda multifunksional yo‘nalishda faollik
Xitoy koinot stansiyasini qurish bilan cheklanmoqchi emas. U koinotni multifunksional yo‘nalishda egallamoqchi. Bir necha yildan keyin Xitoy Yerga yaqin sayyoralardan namunalar olishni reja qilgan. 2030 yilgacha o‘zining birinchi kosmonavtlarini Oyga yuborib, Mars va Yupiterdan namunalar olish uchun zondlarni jo‘natishni ko‘zlagan.
Xitoyning koinot izlanishlari rejasi quyidagicha:
- 2022 yil oxirigacha Tiangong koinot stansiyasi qurilishini tugatish;
- 2025 yil Yerga yaqin sayyoralardan namunalar yig‘ish;
- 2030 yil Marsdan qayta namuna yig‘ish missiyasi;
- 2030 yil Yupiterga zond yuborish;
- 2030 yil Oyga fazogir yuborish;
- 2035 yil qayta foydalaniladigan raketa tashuvchilarni rivojlantirish, takomillashtirish;
- 2040 yil yadroviy kosmik kema qurish;
- 2045 yil fazoviy kuch yetakchisiga aylanish.
Xitoyning koinot bilan bog‘liq tarixi
Xitoy orbitaga o‘zining birinchi sun’iy yo‘ldoshini 1970 yilda chiqargan. O‘shanda Xitoyda madaniy inqilob sabab ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgandi. Bu paytda AQSh, Sovet ittifoqi, Fransiya va Yaponiyagina koinotga chiqqandi. So‘nggi o‘n yillikda esa Xitoy 200dan ortiq raketa uchirdi. Yaqinda Oydan tosh namunalarini yig‘ish uchun uchuvchisiz Change'5 deb nomlangan parvozni amalga oshirdi.
Qiziq jihati Xitoy Oyga ataylab 70-yillarda o‘rnatilgan AQSh bayrog‘idan kattaroq bayrog‘ini o‘rnatib keldi. Hozir 14ta fazogirni kosmosga chiqargan, bu raqamlar AQShda 340 va Rossiyada 130 dan ortiq.
Albatta, Xitoyning hamma kosmik parvozlarini ham muvaffaqiyatli chiqdi deb bo‘lmaydi. Masalan, 2020 yilda 2ta uchishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 2021 yilda raketasining bir qismi orbitadan chiqib ketgan va Atlantika okeaniga qulagan.
Fazoviy dasturlarni moliyalashtirish
Xitoy davlat axborot agentligi Xinxuaning ma’lum qilishicha, Xitoyning fazoviy dasturlarida 300 ming odam ishlaydi. Bu NASA'da ayni damda ishlaydigan ishchilar sonidan 18 barobar ko‘p. Xitoy Milliy fazo boshqarmasi 2003 yilda tashkil qilingan. O‘shanda uning dastlabki yillik budjeti 300 million dollar bo‘lgan.
2016 yilda Xitoyda fazo sanoati uchun xususiy kompaniyalar ochila boshlandi va hozirda ular yiliga 1,5 milliard dollar investitsiya kiritadi.
Koinotga intilishdan murod nima?
Xitoy telekommunikatsiya, havo harakatini boshqarish, ob-havo prognozi, navigatsiya va boshqalar uchun sun’iy yo‘ldosh texnologiyasini rivojlantirishga intilmoqda. Ammo uning ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlaridan harbiy maqsadlar ham ko‘zlangani aytiladi.
Sun’iy yo‘ldoshlar Xitoyga josuslik qilishda yordam berishi va uzoq masofali raketalarni boshqarishda qo‘l kelishi mumkin.
Porsmut universiteti kosmik loyiha menejyeri Lyusinda Kingning aytishicha, Xitoy koinotning barcha jabhalaridan foydalanmoqchi. Ularda rejalashtirgan dasturlarni moliyalashtirish uchun resurslar va siyosiy motivatsiya bor. Xitoyning Oydagi missiyasining yana bir sababi – Oy yeri yuzasidagi noyob moddalarni qo‘lga kiritish hisoblanadi.
Biroq London kosmik siyosat va huquq instituti direktori, professor Said Mostesharning aytishicha, keyinchalik Xitoy Oyga qayta-qayta konchilik missiyalarini yuborish uchun pul ajratmay qo‘yishi mumkin. Buning o‘rniga kosmik dasturi bilan dunyoni hayratda qoldirish istagi sabab koinot poygasiga kirishadi. Ular o‘z qudrati va texnologik taraqqiyotini namoyish qilishni istaydi.
Kosmos qoidalarini kim ishlab chiqadi?
Kosmosda qanday faoliyat yuritish, undan nima maqsadlarda va qay tartibda foydalanish shartlari mavjud. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1967 yildagi koinot shartnomasida belgilanishicha, koinotning hech bir joyiga biror davlat da’vogarlik qilishi mumkin emas.
1979 yilgi BMTning Oy haqidagi kelishuvida koinotdan tijorat maqsadlarida foydalanmaslik kerakligi shart qilingandi, ammo AQSh, Xitoy va Rossiya uni imzolashdan bosh tortishgan.
Hozir esa AQSh o‘zining kelishuvlarini ilgari surmoqda. Unda davlatlar Oy minerallaridan qanday qilib hamkorlikda foydalanishlari mumkinligi ko‘rsatilgan. Biroq Rossiya va Xitoy koinot qoidalarini AQSh ishlab chiqishga haqli emas, degan fikrda bo‘lgani uchun ham bu kelishuvni imzolamaydi.
Mavzuga oid
20:10 / 10.11.2024
XKSda qolgan astronavt keskin vazn yo‘qotmoqda
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18 / 10.11.2024