Jamiyat | 15:12 / 11.06.2022
2936
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda o‘z tanishini fohishalik uchun Turkiyaga jo‘natayotgan ayol ushlandi

Ayol qizlarni avval Toshkentda fohishalik qilishga jalb etgan, so‘ng Turkiyaga yubormoqchi bo‘lganida ushlangan

Illyustrativ foto

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, huquqni himoya qilish organlariga Guliston shahrida yashovchi J.M.ning ayol-qizlarni Toshkent shahriga fohishalik ishlariga jalb etib, so‘ng ularni Turkiyaga fohishalik bilan shug‘ullanishga yuborayotgani yuzasidan ma’lumot kelib tushgan.

Viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur ma’lumot asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbirda J.M. o‘zining tanishi Yangiyer shahrida yashab kelayotgan M.A.ni aldov yo‘li bilan Toshkentda fohishalik ishlariga jalb etib, so‘ng tanishlari orqali Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanishga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro J.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 2-qismi «e» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid