O‘zbekiston | 14:05 / 29.06.2022
44997
2 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan elektr va gaz tariflariga o‘zgartirishlar kiritilmasligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 2022 yil 1 iyuldan elektr va gaz tariflariga o‘zgartirishlar kiritilmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishchi guruh tomonidan o‘rganilyapti.

Mazkur loyiha doirasida fuqarolardan mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tahlil qilinmoqda.

Qabul qilingan takliflar bo‘yicha barcha xulosalar va mutaxassislarning xulosalari taqdim etilgandan so‘ng, ushbu masala bo‘yicha yakuniy va tegishli qaror qabul qilinishi aytilgan.

Qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, tariflarning o‘zgarishi hukumat qarori qabul qilingan kundan boshlab 15 kundan keyin kuchga kiradi. Shu munosabat bilan, 1 iyuldan elektr va gaz tariflariga o‘zgartirishlar kiritilmaydi.

Avvalroq “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.

Elektr va gaz tariflariga ijtimoiy norma kiritilib, aholining ko‘p energiya sarflaydigan (nisbatan o‘ziga to‘q) qatlami xarajatlarini budjetdan subsidiyalash qisqartiriladi.

Mavzuga oid