«Hisor» davlat qo‘riqxonasidagi noyob hayvon fotoqopqonga tushdi (Video)
Qashqadaryo viloyatidagi «Hisor» davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqon noyob qizil sug‘urlarni kamera obektiviga muhrladi.
«Hisor» davlat qo‘riqxonasi ma’muriyatining xabar berishicha, qo‘riqxona qo‘riqlash xodimlari tomonidan o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob jonivorlardan biri, qizil sug‘urlar muhrlangan.
Qizil sug‘ur (Marmota caudata, Krasnyy surok) Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (TMXI) Qizil ro‘yxatiga eng kamyob tur sifatida kiritilgan.
Bu jonivorlar, odatda, o‘t-o‘lanlar, ko‘pincha boshoqli o‘simliklar, ba’zan chuvalchang, mollyuska, hasharotlar bilan oziqlanadi. Qishda uyquga kirib, bahorda uyasidan chiqadi. Dengiz sathidan 1600 dan 3500-4000 metrgacha balandlikda bo‘lgan har xil turdagi relefli tog‘ yonbag‘irlarida hamda toshqoyalarning etaklarida yashaydi.
Qizil sug‘ur «Hisor» davlat qo‘riqxonasining barcha, G‘ilon, Miraki, Tanxozdaryo, Qizilsuv bo‘limlarida uchraydi.
So‘nggi kuzatuvlarga ko‘ra, bu jonivorlar qo‘riqxona hududida 4240 – 4320 boshni tashkil qilishi taxmin qilinadi.
Qizil sug‘ur Tyan-Shan, Pomir, Hindukush, Kashmir tog‘larining alp ekotizimlarida, O‘zbekistonning esa ikkita hududida, Ugom, Pskom-Chotqol va Hisor tog‘ tizmalarida uchrashi qayd qilingan.
Avvalroq, «Hisor» davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqon yana noyob qor qoplonini kamera obektiviga muhrlagandi.
Mavzuga oid
11:02 / 08.07.2024
«Hisor» qo‘riqxonasida qor qoploni fotoqopqonga tushdi
11:54 / 08.07.2022
«Hisor» qo‘riqxonasidagi noyob qor qoplonlarining videotasvirlari e’lon qilindi
17:56 / 20.06.2022
Shahrisabzda tog‘-archa qo‘riqxonasining tashrif markazi ochildi
12:49 / 08.05.2022