Jahon | 07:45 / 30.06.2022
4289
3 daqiqa o‘qiladi

Filippin hukumati Nobel mukofoti sovrindori Mariya Ressaning nashrini yopdi

Filippin regulyatorining ta’kidlashicha, Rappler sayti xorijliklarning mahalliy ommaviy axborot vositalariga egalik qilishiga qo‘yilgan taqiqni buzgan. Nashr hammuassisi, Nobel mukofoti sovrindori Mariya Ressa portal ishi davom ettirilishini aytdi.

Foto: Reuters

Filippin hukumati tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Mariya Ressa asoschilaridan biri bo‘lgan Rappler axborot portalini yopishni buyurdi. Ressa va saytning bosh yuridik xodimi Frensis Lim 29 iyun, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan onlayn matbuot anjumanida shikoyat qilishlarini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, nashr xodimlari uni yopish bo‘yicha har qanday urinishlarga tayyor bo‘lgan va barcha huquqiy himoya vositalari tugamaguncha ishlashda davom etadi. 

Avvalroq Filippin Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi (SEC) bir kun avval Rappler’ni tijorat reyestridan olib tashlashga qaror qilganini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, nashr chet elliklarga Filippin ommaviy axborot vositalariga egalik qilishni taqiqlovchi qoidani buzgan. Hukumat tanqidchilari bu qaror siyosiy sabablarga ko‘ra bo‘lganini da’vo qilmoqda. 

2012 yilda Mariya Ressa tomonidan asos solingan Rappler yangiliklar sayti dezinformatsiyaga qarshi kurash va Filippin prezidenti Rodrigo Duterte tomonidan inson huquqlari buzilishi, jumladan, 2016 yildan beri 7000 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan «giyohvandlikka qarshi urush»ni hujjatlashtirishga e’tibor qaratgan. 

U mamlakatdagi eng ommabop nashrlardan biriga aylandi va Maniladagi hukumat Ressa va Rappler’ni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda kiberjinoyatchilikda ayblab, uni bir necha bor yopishga urindi. 2020 yilda jurnalist kiberjinoyat to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, internet orqali tuhmat qilganlikda ayblanib sudlandi. Bu qonundan, tanqidchilar fikricha, rasmiylar norozilikni bo‘g‘ish vositasi sifatida foydalanmoqda. 2021 yilda Mariya Ressa rossiyalik jurnalist va «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov bilan birga «so‘z erkinligini himoya qilishdagi harakatlari» uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. 

Mavzuga oid