O‘zbekiston | 20:23 / 01.07.2022
29432
5 daqiqa o‘qiladi

Denovdagi portlash ishida ayblanganlarga sud hukmi o‘qilgani ma’lum bo‘ldi

2 kishining o‘limi va 9 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan hodisa bo‘yicha Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i va ikki nafar xodimi aybdor deb topilgan. Voqeaga portlagan bino ostidan o‘tgan gaz quvuridagi nosozlik sabab bo‘lgan, deb topilgan. Portlash oqibatida yetkazilgan jami zarar 28,6 mlrd so‘mga baholangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2021 yil 7 dekabr kuni Denovdagi “INDENIM” savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlashga aybdor sanalgan shaxslar ustidan 2022 yil 28 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida hukm o‘qilgan. Bu haqida bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Hukmga ko‘ra “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan B.Qurbonov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi 3-qismining “a” bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash oqibatida odam o‘lishiga sabab bo‘lish) bilan aybli deb topilgan.

Unga nisbatan uzil-kesil 3 yil 7 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sutkaning kech soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklangan.

Tergov va sud jarayonida qamoqda bo‘lib turgan B.Qurbonov hukm e’lon qilingach, tergov hibsxonasidan ozod qilingan.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali qurilish va montaj boshqarmasi elektrgazpayvandchi vazifasida ishlagan N.Usanov Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismining “a, b” bandlari (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o‘limiga va boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi) va 214-moddasi 3-qismining “v” bandi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi – bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali “Denovshahargaz” bo‘limi gaz taqsimlash punktlari bo‘yicha chilangari A.Narzullayev ham Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismining “a, b” bandlari 214-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan aybli deb topilgan. Unga hamkasbidan farqli o‘laroq 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Bu muddat ichida u sutkaning soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqish huquqidan mahrum qilingan.

Ish tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchilar iste’molchilarni “Giper Market Indenim” MChJ foydalanuvdagi savdo markazi binosi ostidan yotqizilgan, yaroqsiz holga kelib qolgan va foydalanishdan chiqarilgan 50 mm hajmdagi gaz quvurini tegishli qoidalarga ko‘ra yaroqliligi, mustahkamligi va bosimga bardoshliligini tekshirmasdan, o‘z kasbiga nisbatan beparvolik va insofsizlarcha munosabatda bo‘lgan holda “Denov” arig‘i yonidan o‘tgan, 1,3 kg/sm2 bosimli, harakatdagi 76 mm diametrli gaz quvuriga ulab qo‘ygan.

Natijada 2021 yil 6 dekabrdan 7 dekabrga o‘tar kechasi “Giper Market Indenim” MChJ foydalanuvida bo‘lgan savdo markazi binosi ostidagi foydalanishdan chiqarilgan va yaroqsiz quvurdagi yoriqlardan sizib chiqqan juda ko‘p miqdordagi tabiiy gaz bino ichiga to‘planib, 7 dekabr soat 03:50da kuchli portlash yuzaga kelgan.

Oqibatda bino ichida va atrofdagi binolarda bo‘lgan A.Jumayev, S.Kamolov, I.Astanaqulov, A.Do‘lanov, F.Omonova, K.Turdiyev, U.Saidov, A.Ravshanova, K.Rahimov, X.Mamatqulov va O‘.Shamanovlar turli darajadagi tan jarohatlari olib vafot etishgan.

Portlash oqibatida:

  • 35 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tovar moddiy boyliklariga 6 mlrd 359 mln so‘mlik;
  • 91 ta noturar joylarga 17 mlrd 964 mln so‘mlik;
  • 109 ta yakka tartibdagi turar joylarga 3 mlrd 929 mln so‘mlik,
  • 64 ta ko‘p qavatli turar joylarga 135 mln 412 ming so‘mlik;
  • 10 nafar shaxslarning avtotransport vositalariga 260 mln 792 ming so‘mlik;
  • jarohatlangan fuqarolarni davolashga 10 mln 790 ming so‘mlik, jami 28 mlrd 659 mln so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar yetgan.

Mavzuga oid