O‘zbekiston | 09:54 / 01.07.2022
13445
2 daqiqa o‘qiladi

Qiziltepa tumanining sobiq hokimi yangi lavozimga tayinlandi

Qariyb 25 yil Qiziltepa tumani hokimi vazifasida ishlagan Shabon Nabiyev yangi lavozimda ish boshladi. Endi u Navoiy viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga rahbarlik qiladi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Shabon Nabiyev Navoiy viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. U hokimlikdan ketgach ushbu boshqarma boshlig‘ining nuroniylar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. 

Shabon Nabiyev 1957 yilda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1979 yilda Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutini tamomlagan. Mutaxassisligi – muhandis-quruvchi.

Shabon Nabiyev O‘zbekistonda eng ko‘p muddatga tuman rahbari bo‘lgan hokimlardan biri hisoblanadi. U 1998-2021 yillarda Qiziltepa tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021 yilning 13 noyabr kuni vazifasidan ozod etilgan hamda “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi, senator Ulug‘bek Fayziyev tumanning yangi rahbariga aylangandi.

Navoiy viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Azamat O‘roqov oldinroq Navbahor tumani hokimi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid