O‘zbekiston | 18:34 / 14.07.2022
16867
17 daqiqa o‘qiladi

“Zakovat”ning yozgi mavsumini Bobur Yoqubov jamoasi boshlab berdi

O‘zbek xonadonlarida devorlarga nega gilam osib qo‘yilgan? Italiya tog‘li hududlarida qo‘y boquvchi cho‘ponlar nima uchun o‘zlari bilan xachirlar olib yurgan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining ilk o‘yinidan reportaj

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Nodirbek Qosimov - muhandis-texnolog;
  • Asror Norqulov - moliyachi;
  • Bobur Yoqubov - sud-tibbiy eksperti (jamoa sardori);
  • Nurbek Yo‘ldoshev - falsafa doktori;
  • Rustam Jabborov - jurnalist;
  • Ulug‘bek Qulmurodov - Davlat statistika qo‘mitasi xodimi.

Tajribali bilimdonlarni o‘zida jamlagan Bobur Yoqubov jamoasi bir necha mavsumlik tanaffusdan so‘ng o‘yinlarga qaytdi. Bobur Yoqubov, Rustam Jabborov kabi yorqin nomlar ishtirokidagi o‘yinni muxlislar ham sog‘ingan.

Yoshi katta bilimdonlar to‘planganidanmi yoki boshqa sababmi, jamoa o‘yinni og‘ir boshladi.

1-raundda AQSh prezidentlari haqida blits savollar tushdi. Birinchi savoldan osonlik bilan o‘tgan jamoa ikkinchi savolda qiynaldi. Natijada o‘yin hisobi muxlislar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda avtomobil sanoati qirollaridan biri Genri Ford haqida savol o‘ynaldi. Muhokama davomida turli variantlar o‘rtaga tashlangan bo‘lishiga qaramay, jamoa to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi va bu raund ham muxlislar foydasiga hal bo‘ldi. Hisob – 0:2.

3-raund savoli qadimgi misrlik askarlarning toshotar quroli haqida bo‘ldi. Afsuski, jamoaning kutilgan ochkoni olishi bu raundda ham ro‘y bermadi. O‘ta qiziqarli savol muxlislar jamoasiga uchinchi ochkoni keltirdi. Hisob yirik ko‘rinishga keldi – 0:3.

4-raundda Dog‘iston tarixida turli qabila va urug‘lar orasida qonli urush vujudga kelish xavfi paydo bo‘lganda, bunday urushlarning ayol kishi tomonidan bostirilgani haqida ajoyib savol o‘ynaldi. Savoldagi ma’lumot jamoaga tanish bo‘lib chiqdi va savolga muddatidan oldin javob berildi. Hisob biroz qisqardi – 1:3.

5-raundda o‘zbek xonadonlarida devorlarga nega gilam osib qo‘yilishi haqida qiziq savol o‘ynaldi. Mazkur savol nafaqat stolda o‘ynayotgan bilimdonlarga, balki butun klubga ham noqulaylik qildi, deyish mumkin. Yo‘qsa, ushbu raundda olingan klub yordami havoga uchmas edi. Hisob esa yana yirik ko‘rinishga keldi – 1:4.

Endi jamoa faqat o‘z kuchiga ishonishi lozim.

6-raund savoli o‘yindagi eng zo‘rlaridan biri bo‘ldi. Italiya tog‘li hududlarida qo‘y boquvchi cho‘ponlar nima uchun o‘zlari bilan xachirlar olib yurishi haqidagi savolga tog‘liklar hayotidan yaxshi xabardor bo‘lgan bilimdon – Nurbek Yo‘ldoshev to‘g‘ri javob bera oldi va yana hisob biroz qisqardi – 2:4.

Teletomoshabinlar va bilimdonlar o‘rtasidagi quvlashmachoq 7-raundda ham davom etdi. Ushbu raundda kitoblarni saqlashdagi 2 xil usul haqida savol o‘ynaldi. Qaysi toifa kitoblar vertikal, qaysilari gorizontal saqlanishi haqidagi ajoyib savolga jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi. Ammo boshlovchi klubga yuzlanganda, klubdan to‘g‘ri javob yangradi. Balki, klub yordami ushbu savolga olinganida, hisob 2:5 emas, 3:4 bo‘larmidi.

Hisob juda tahlikali ko‘rinish oldi. Birgina noto‘g‘ri javob jamoani keyingi mavsumda ishtirok etishdan mahrum qilib qo‘yishi hech gap emas. Shu sabablimi, keyingi raundlarda jamoa har bir savol bilan xuddi portlash xavfi bor mina bilan ishlagan sapyorday ehtiyotkorona ishladi.

Keyingi raundda XX asrning 60-70 yillarida Xivadagi bozorda juma kunlari nega narx-navo tushib ketgani haqidagi savol o‘ynaldi. Xayriyatki, jamoa savolga to‘g‘ri javobni qiynalmay topdi va hisob biroz qisqardi – 3:5.

9-raundda abjad hisobi asosida tuzilgan Uvaysiyning chistonidan savol o‘ynaldi. Bu savolda adabiyotning nozik bilimdoni bo‘lgan Rustam Jabborov jamoa joniga ora kirdi. Ushbu bilimdonning abjad hisobidan xabardorligiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Hisob – 4:5.

10-raundda steyk pishirish darajalari haqida qiziqarli savol o‘ynaldi. Bobur Yoqubov ikkinchi marta muddatidan oldin javob berib, hisobni tenglashtirdi.

Ochig‘i, hisob 2:5 bo‘lib turganida jamoaning ashaddiy muxlislari ham hisob tenglashishiga unchalik ishonmayotgandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, tajriba o‘z so‘zini aytib, jamoa hal qiluvchi raundga ham yetib keldi.

Jamoa hal qiluvchi raundda bor-baraka o‘yinini tanlashdan cho‘chidi. Avvalgi ishtirokida jamoa bor-baraka o‘yinidagi mag‘lubiyat sababli o‘yinni tark etgani bunga sabab bo‘ldi.

Shunday qilib, jamoa oxirgi raundda tavakkalga qo‘l urmasdan, o‘yinni to‘liq tarkibda davom ettirishni ma’qul ko‘rdi.

So‘nggi raundda dengizda baliq ovlovchilar nima maqsadda o‘zlari bilan qo‘y terisi va yung olib yurishi haqida savol o‘ynaldi. Jamoa kompasni ehtiyotlab saqlash uchun, deya javob berdi. Ammo javob boshqa bo‘lib chiqdi. Hisob – 5:6.

Shu tarzda yozgi mavsumning ilk o‘yini bilimdonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Umuman olganda, Bobur Yoqubov boshchiligidagi yoshi katta bilimdonlar muxlislar kutgan hayajonli o‘yinni taqdim eta oldi, deyish mumkin. Jamoa kuzgi mavsumga yo‘llanma oladimi-yo‘qmi, buni keyingi o‘yinlar natijalariga qarab aytish mumkin bo‘ladi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Blits. Savol muallifi - Alisher Hamroyev, Jizzax tumani.

Mavzu: Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentlari.

1-savol:

Boshlovchi: AQShning sakkizinchi prezidenti Martin Van Byuren birinchi ShUNDAY prezident bo‘lgan ekan. Undan oldingi yettita prezident Martin van Byurendek bo‘lmasa-da, prezidentlikka baribir saylangan.

Diqqat savol: van Byurenning ulardan ustunligi nimada edi?

Javobni Rustam Jabborov beradi: Uni boshqa prezidentlardan ustunligi Amerika Qo‘shma Shtatlarida tug‘ilganligi.

To‘g‘ri javob: U AQSh fuqarosi bo‘lgan birinchi prezident hisoblanadi.

2-savol:

Boshlovchi: Mashhur Avram Linkolnning o‘z paytida Beri va Linkoln degan qahvaxonasi bo‘lgan. Hali prezidentlikka ancha bor o‘sha paytlarda. U AQShdagi eng birinchi litsenziyaga ega bo‘lgan kishi bo‘lgan. Siz javobni Beri va Linkoln degan qahvaxonadan qidiring.

Diqqat savol: Nima ish qilishga u birinchilardan bo‘lib litsenziya olgan?

Javobni Ulug‘bek Qulmurodov beradi: u totalizator o‘yinlariga litsenziya olgan.

To‘g‘ri javob: Beri va Linkoln degan qahvaxonada u dastlab barmen bo‘lib ishlagan, barmenlikka litsenziyasi bo‘lgan.

Hisob: 0:1

Savol muallifi Alisher Hamroyev 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund Savol muallifi - Abduvohid G‘ofurov, Bo‘z tumani.

Boshlovchi: Bu savol Genri Ford memuaridan olingan. Unda aytilishicha, Ford doim jurnalistlar ta’qibida yurgan. Bir kuni u Nyu-Yorkda Lanchester avtomobilida sayr qilib qoladi. Darrov jurnalistlar uni qurshab olib, uning nega Fordda emas, Lanchester minib yurganini so‘rashadi. Shunda u o‘z firmasining markasini ushlagan holda juda taktik javob qaytaradi.

Diqqat savol: u qanday javob qaytargan?

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Sotuvda o‘zimizning mashinadan qolmagan ekan. Shuning uchun majbur bo‘lyapman Lanchesterda yurishga degan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Men ta’tildaman, hech qayerga shoshmayapman. Shuning uchun Fordda emasman.

Hisob: 0:2

Savol muallifi Abduvohid G‘ofurov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund Savol muallifi - Rushaniya Shukurbekova, Konimex tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang! 

Toshotar qurol. Qadimgi Misrda lashkarlar uni raqibga otishga usta bo‘lishgan. Bu moslama bilan lashkarlar faqat tosh otishmagan. Jangdan bo‘sh vaqtlari hech narsa otishmasa ham uni qattiq aylantirib, aylantirib bir ish qilishgan. Jangdan bo‘sh paytida, jangga taalluqli bo‘lmagan bir ishni bajarishgan.

Diqqat savol: Nima qilishgan deb o‘ylaysiz?

Javobni Rustam Jabborov beradi: Demak chivinlarni haydashgan.

To‘g‘ri javob: Uni ichiga tuxum solib tez aylantirilsa issiqda pishar ekan, 2 daqiqa vaqt ichida.

Hisob: 0:3

Savol muallifi Rushaniya Shukurbekova 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi - Shahnoza Bo‘riyeva, Sherobod tumani.

Boshlovchi: Dog‘istonda azaldan turli qabilalar, qavmlar o‘rtasida janjallar bo‘lib turgan. Ikkita qavm bir-biri bilan qirpichoq bo‘lgan, qon to‘kilish darajasiga borganda, qilichlar yalang‘ochlanganda, qon to‘kilishi aniq bo‘lganda, jang maydoniga bir ayol kirib kelgan. Shunda raqiblar ortga chekinib janjalga barham berishgan.

Diqqat savol: Ayol qanday harakat qilganki, raqiblar jangni to‘xtatishga majbur bo‘lishgan?

Jamoa muddatdan oldin javob beradi

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Boshidagi ro‘molini yechib yerga tashlagan.

To‘g‘ri javob: Erkaklar boshida ro‘moli yo‘q nomahram ayolga qaray olmay jangni to‘xtatishgan.

Hisob: 1️:3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi - Asomiddin Eshonqulov, Qamashi tumani.

Boshlovchi: Hayotiy va qiziqarli savol. XX asr oxirlarigacha deyarli barcha o‘zbek xonadonlarida devorlarga gilam osib qo‘yish urf bo‘lgan. Bundan ikkita maqsad ko‘zlangan. Birinchidan devorni chiroyli ko‘rsatish maqsadi bo‘lgan.

Diqqat savol: Ikkinchi asosiy sabablaridan birini siz ayting.

Jamoa klub yordamidan foydalandi

Javobni Rustam Jabborov beradi: Gilamlar shovqinni qaytarish maqsadida osib qo‘yiladi.

To‘g‘ri javob: Agarda gilamni yig‘ishtirib taxmonga taxlab qo‘yilsa, kuyalar yeb qo‘yar ekan. Ikkinchi sabab kuya yemasligi uchun ekan.

Hisob: 1:4

Savol muallifi Asomiddin Eshonqulov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi- Diyorbek Mamarasulov, Farg‘ona shahri.

Boshlovchi: Italiya tog‘li hududlarida qo‘y boquvchi cho‘ponlar bahor, kuz oylari poda ichida ba’zan bitta, ikkita balkim uchta xachir yoki bo‘lmasa eshak olib yurishgan. Qiyaliklarda yaxshi yuradi deb. Ular cho‘ponlarni olib yurishmaydi. Ularning alohida vazifalari bo‘ladi. Ular hech kimni olib yurmaydi, lekin vazifasi bor.

Diqqat savol: Ularning asosiy vazifasi nima bo‘lgan?

Javobni Nurbek Yo‘ldoshev beradi: Bahor va kuzda yangi tug‘ilgan qo‘zichoqlarni xachirlar xurjunda olib yurish uchun.

To‘g‘ri javob: Qo‘zichoqlar uzoq masofaga yura olishmaydi, charchab qolishadi. Ularning noziklarini olib yurish uchun.

Hisob: 2️:4️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7️-raund. Savol muallifi - Sarvar Fayzullayev, Toshkent tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Savol kitob qadoqlash va saqlash xususida. Ko‘p kitoblar birinchi suratdagi kabi gorizontal holda saqlanadi. Ikkinchi suratdagi belgisi bor kitoblar faqat vertikal holatda saqlanishi shart ekan.

Diqqat savol: Qanday kitoblarni vertikal holda saqlash kerak?

Javobni Rustam Jabborov beradi: Kitoblar odatda ikki xil usulda birlashtiriladi. Biri sim orqali tikiladi, ikkinchisi yelimlanadi. Mana shu yelimlangan kitoblarni vertikal holatta saqlanadi.

To‘g‘ri javob: Bu kitoblarni faqat tik holatda saqlash kerak. Agar ko‘ndalang holda saqlansa, bo‘rtik nuqtalar ezilib qo‘lga bilinmaydigan holatga keladi. Brayl alifbosida yozilgan kitoblar vertikal holatda saqlanadi.

Hisob: 2️:5️

Savol muallifi Sarvar Fayzullayev 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Murodbek Qurbonov, Xiva shahri.

Boshlovchi: XX asrning 60-70 yillari Xivadagi bozor yonida bittagina masjid bo‘lgan. Juma kuni odam ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, narx-navo boshqa kunlardagidan arzonlashib ketar ekan.

Diqqat savol: Nega odam ko‘p bo‘lsa-da narx-navo arzonlashib ketadi?

Javobni Ulug‘bek Qulmurodov beradi: Juma namoziga ko‘pchilik uzoqdan keladi va o‘zi bilan narsa olib keladi. Bozorda birinchi navbatda mahsulot ko‘payadi, ikkinchi sababi tezroq sotib namozga ulgurishi. Shuning hisobiga arzon bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Juma kuni bitta masjidga uzoqdan odamlar keladi. Ular o‘zlari bilan narsalar olib kelib tezda sotib namozga kirib ketishadi.

Hisob: 3️:5️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi - Otabek Yo‘ldoshev, Oqqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Mumtoz adabiyotimiz nomoyandalaridan bo‘lgan Uvaysiydan Chiston:

Ul nadurkim boshi sakson, jismi o‘ttiz,

Poyi bir, joni to‘rt yuz.

Aqli o‘ndir, fahm ellik benazir.

U chistonda Uvaysiy abjad hisobida so‘z o‘yini qilganlar, ya’ni raqamlar ostidagi harflar yig‘ilsa bir mashhur zotning nomi hosil bo‘ladi.

Diqqat savol: bir daqiqa o‘ylab aytingchi qaysi zot nomi yashiringan?

Javobni Rustam Jabborov beradi: Platon.

To‘g‘ri javob: Platon.

Hisob: 4️:5️

Bilimdonlar 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi - Ravshanbek Mamajonov, To‘raqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Marhamat xodimimiz qo‘liga qarang!

Steyk yeyish uchun kafega kirdingiz. Ofisiant buyurtmani oldi. Uzoqdan steyk pishiruvchi oshpazga buyurtmani barmoqlari orqali ko‘rsatmoqda. Birinchi pishirish usuli, ikkinchi pishirish usuli, uchinchi va to‘rtinchi. Oshpaz shu ishora bilan steykni qanday pishirish buyurtmasini oldi, barmoqlari bilan jo‘natdi.

Diqqat savol: Oshpazlar buyurtmani qanday pishirishni qo‘l yoki barmoqning qaysi qismiga qarab ado etishadi?

Jamoa muddatdan oldin javob beradi.

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Bosh barmoqni tagini yumshoqligi bilan aniqlanadi, ikkinchi, uchinchilari qattiqlashib boraveradi, shu bilan steykni qanday pishirish ko‘rsatilgan.

To‘g‘ri javob: Barmoqning joylashgan o‘rinlarida.

Hisob: 5️:5️

Bilimdonlar 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

11-raund. Savol muallifi - Sarvar va Shahnoza G‘aniyevlar, Kattaqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Ernest Heminguyeyning "Borliq va yo‘qlik" romanida muallif baliqchilar hayotini yoritgan. Baliqchilar dengizga chiqishidan oldin turli anjomlar bilan birga qo‘y terisi va yung olib yurishgan. Anjomlar orasidagi ALFAni o‘rab yurish uchun.

Diqqat savol: Nega aynan yung va teriga o‘rab yurishgan? ALFAni toping.

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Kompasni ehtiyotlab saqlash uchun.

To‘g‘ri javob: Dengizda har qanday ekstremal holatlar bo‘lishi mumkin. Ular yungni yog‘lab miltiqni og‘ziga tiqib, nam o‘tkazmaydigan teriga o‘rab korroziyadan saqlab qolishgan.

Hisob: 5️:6️

Savol muallifi Sarvar va Shahnoza G‘aniyevlar 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Foto: Zakovat

Eng yaxshi savol muallifi - Sarvar va Shahnoza G‘aniyevlar

11-raunddagi "Miltiqni asrash" haqidagi savoli uchun 6 mln so‘m va eng yaxshi savol uchun 5 mln so‘m, jami 11 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

Foto: Zakovat

O‘yinning eng faol bilimdoni - Nurbek Yo‘ldoshev.

Nurbek Yo‘ldoshev 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid